Tarjimayi hol

Tarjimayi hol

Xayollarga ergashib,

Togʻlar oshib, qir oshib,

Hijron bilan kurashib

Yoqavayron boʻlganman.

 

Gul bermadim, dil berdim,

Dilmas, sodiq qul berdim,

Shahar berdim, yoʻl berdim –

Men sen tomon boʻlganman.

 

Oʻylar meni qiynadi,

Toʻylar meni qiynadi…

Aldov – qizlar ziynati,

Boshda hayron boʻlganman.

 

Shoirlik emas ilm,

Shunga ovunar dilim,

Ishq bilan chiqdi tilim,

Darddan biyron boʻlganman.

 

Soʻzlarga ishongandim,

Koʻzlarga ishongandim,

Qizlarga ishongandim…

Rosa nodon boʻlganman.

 

Ishqning qoʻliga tushdim –

Goʻyo keliga tushdim,

Bilib turib adashdim,

Rasvoi jon boʻlganman.

 

Orif Tolib

 

2007

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.