Tartib sonlardan soʻng qachon chiziqcha qoʻyish kerak?
Oʻzbek tilining asosiy imlo qoidalariga koʻra, tartib son arab raqamlari, yaʼni biz odatda foydalanadigan raqamlar bilan yozilsa, -nchi qoʻshimchasi oʻrniga chiziqcha (-) qoʻyiladi:
7-sinf, 5-”A” sinfi, 3-, 7-, 8-sinf oʻquvchilari, 60-yillar, 1991-yilning 1-sentabri.
Tartib sonni koʻrsatuvchi rim raqamlaridan keyin chiziqcha yozilmaydi:
XX asr, X sinf, XXXII Olimpiada oʻyinlari.
Kiril yozuvi imlosida qanday farq bor?
Kirilda yil, oy va kunni bildiruvchi tartib sonlardan keyin chiziqcha qoʻyilmaydi. Lekin bir necha yillar umumlashtirib ifodalanganda kirilda ham chiziqcha qoʻyiladi:
XX asrning 90-yillari, 2010-yillarning boshi, 50-yillar kabi.
Agar sana faqat sonlar bilan, qisqarma koʻrinishda ifodalansa, lotinda ham, kirilda ham raqamlardan keyin chiziqcha qoʻyish kerak emas:
28.07.2021, 28.07.21, 28.7.21, 28/07/2021
2021.07.28, 2021.28.07 (bu nostandart koʻrinish)