Hujjatni oluvchi qanday aks ettirilishi kerak?
❓ Savol:
Biror tashkilotga murojaat qilinganda yoki javob xati yozishda hujjatni oluvchi qanday rasmiylashtirilishi kerak? Masalan:
Davlat soliq qoʻmitasi
yoki
Davlat soliq qoʻmitasiga
Qay birini qoʻllagan afzal?
✅ Javob:
Hujjatni oluvchi tashkilot yoki mansabdor shaxs nomi xatning oʻng burchagi yuqori qismiga yoziladi. Hujjat tashkilot, uning boʻlinmasi yoki aniq mansabdor shaxsga yoʻnaltiriladi. Bunda tashkilot nomi, tarkibiy boʻlinma va mansabdor shaxs lavozimi bosh kelishikda, familiyasi esa joʻnalish kelishigida koʻrsatiladi. Mansabdor shaxs koʻrsatilmay, faqat tashkilot yoki boʻlinma nomi berilganda esa joʻnalish kelishigi qoʻshimchasi nomdagi oxirgi soʻzga qoʻshiladi:
Masalan:
Oʻzbekiston Respublikasi
Xalq taʼlimi vazirligiga
Oʻzbekiston Respublikasi
Xalq taʼlimi vazirligi
Taʼlim sifati monitoringi boshqarmasiga
Respublika taʼlim markazi
direktori Sh. Sattorovga
Hujjat jismoniy shaxsga joʻnatilayotganda oldin pochta manzili, keyin ismi va otaismining bosh harflari va familiyasi yoziladi. Ism va otaismni toʻliq yozish ham mumkin.
👉 Manzil qanday yoziladi: birinchi maqola, ikkinchi maqola, uchinchi maqola.
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.