Telegramma
Konstantin PAUSTOVSKIY
Oktyabr juda sovuq, yogʻin-sochinli keldi. Taxta qoplangan tomlar qorayib qoldi.
Bogʻdagi oʻt-oʻlanlar yerga qapishdi, ularning bari allaqachon gullab, gullarini toʻkkan, faqat devor yonidagi kichkina kungaboqargina bunga ulgurmadi.
Daryo ortidan maysazor tomon yopirilgan mayin bulutlar oq tolning yalangʻoch novdalariga ilinib qolgan. Ezgʻilab yomgʻir yogʻyapti.
Yoʻllardan oʻtish-qaytish qiyinlashib, choʻponlar ham otarni oʻtloqqa olib chiqmay qoʻydi.
Choʻponning sibizgʻasi bahorgacha tindi. Katerina Petrovna uchun har tong oʻrnidan turish va doimiy manzarani: isitilmaganidan achchiq hid oʻrnab qolgan xonalar, chang bosgan “Yevropa xabarlari”, stol ustidagi sargʻayib ketgan piyolalar, anchadan buyon tozalanmagan samovar va devorga iligʻli suratlarni koʻrish yanayam qiyinlashib qoldi. Balki xonalar qorongʻiligidandir, Katerina Petrovnaning koʻziga suratlar qora suvday koʻrina boshladi. Yoki vaqt oʻtib ular xiralashgan, biroq suratlarda nima tasvirlanganini farqlash qiyin edi. Katerina Petrovna xotirasiga tayanib anavi – otasining portreti, kichkinagina, tillarang romga solingani esa – Kramskiyning sovgʻasi, uning “Notanish ayol”i eskizi ekanini ajarata olardi, xolos. Katerina Petrovna butun umrini otasi – taniqli rassom qurib bergan mana shu uyda oʻtkazdi.
Rassom qarigach, Peterbugdan tugʻilgan qishlogʻiga qaytdi, tinchgina yashab, bogʻbonchilik qildi. Bu paytda rasm chizolmay qolgandi: qoʻllari qaltirar, koʻrishi ham yomonlashgan, tez-tez koʻzi ogʻrib turardi.
Bu uy, Katerina Petrovna aytmoqchi, “yodgorlik uy” edi. Viloyat muzeyi muhofazasiga olingandi. Lekin u oʻlgach, bu uyning taqdiri nima kechadi – buni Katerina Petrovna bilmasdi. Butun Zaborye qishlogʻida suratlar, Peterburgdagi hayot, Katerina Petrovna otasi bilan Parijda yoz boʻyi yashagani va Viktor Hyugoning dafn marosimini koʻrgani haqida gaplashadigan birorta odam yoʻq edi.
Bular haqida Manyushka bilan ham gaplashib boʻlmaydi. Kolxozda etikdoʻz boʻlib ishlaydigan qoʻshninisining qizi har kuni quduqdan suv olib kelib beradi, supur-sidir qiladi, choy tayyorlaydi.
Katerina Petrovna Manyushkaga xizmatlari uchun burushgan qoʻlqop, tyaqush pati, shisha munchoqli qora shlyapa sovgʻa qildi.
– Nima
qilaman bularni? – dedi Manyushka xirilloq tovush bilan va burnini tortib qoʻydi. – Latta-puttalarga oʻch emasman.
– Sotasan, qizalogʻim, sotasan, – deb shivirladi Katerina Petrovna. Baland tovushda gapirolmay qolganiga ham bir yil boʻldi.
– Utilga topshiraman, – dedi Manyushka, soʻng hammasini yigʻishtirib, ketdi.
Baʼzan oʻt oʻchirish jihozlari omborxonasida qorovul boʻlib ishlaydigan ozgʻin va mallatus Tixon yoʻqlab oʻtadi. Katerina Petrovnaning otasi Peterburgdan qanday kelgani, uy qurgani, tomorqa ekkani – hamma-hammasi uning yodida.
Tixon u paytlari bola edi, lekin qariya rassomga hurmatini bir umr qalbida saqladi. Rasmlariga boqib:
– Tabiiy ishlar-da bular, tabiiy! – deb xoʻrsinib qoʻyadi.
Tixon achinganidan yordam berishga urinadi, ammo koʻpincha behuda, lekin roʻzgʻorga baribir nafi tegadi: bogʻdagi qurigan daraxtlarni kesadi, arralab, maydalaydi, oʻtin qilib gʻamlab qoʻyadi. Har safar ketayotib, ostonada toʻxtab, soʻraydi:
– Katerina Petrovna, Nastyadan xat-xabar bormi? Yozib turibdimi?
Divanda mushtdekkina boʻlib oʻtirgan Katerina Petrovna indamaydi, teridan ishlangan sariq xaltachasidagi qogʻozlarni titishda davom etadi. Tixon miriqib burun qoqadi, ostonada kalovlanib turadi.
– Anaqqisa… – deydi u javobni kutmay, – Men ketsam degandim, Katerina Petrovna.
– Mayli, boraver, Tisha, – deb shivirlaydi Katerina Petrovna. – Xudo qoʻllasin seni.
U eshikni asta yopib, tashqariga yoʻnaladi, Katerina Petrovnaning koʻzlariga esa asta yosh quyilib keladi. Shundoq deraza ortida shamol yalangʻoch shox-shabbalar orasidan hushtak chalib oʻtadi, oxirgi yaproqlarni ham toʻkadi. Xontaxta ustidagi moychiroq xira lipillaydi. U tashlandiq uydagi yagona tirik mavjudot edi, shu zaifgina nur ham boʻlmasa, Katerina Petrovna tonggacha qanday chidashini tasavvur qilolmasdi.
Tunlar allaqachon uzaygan, uyqusizlikday ogʻir edi. Tong tobora sekinlashar, tobora kechikar va artilmagan oynalardan istamaygina kirib kelar edi. Romlar orasidagi paxtalar ustida oʻtgan yildan beri bir paytlar sap-sariq boʻlgan, hozir chirib-qorayib qolgan barglar yotardi.
Katerina Petrovnaning qizi va yagona qarindoshi Nastya uzoqda, Leningradda yashaydi. Oxirgi bor uch yil oldin yoʻqlab kelgandi.
Katerina Petrovna Nastyaning ishi koʻpligi, onasiga vaqt ajratishga imkoni yoʻqligini bilardi. Uning, unga oʻxshagan yoshlarning oʻz tashvishlari, tushuniksiz qiziqishlari, oʻz baxtlari bor. Xalal bermagan maʼqul. Shu sababli Katerina Petrovna Nastyaga kam xat yozar, lekin choʻkib qolgan divanning bir burchida oʻtirgancha kun boʻyi u haqda oʻylardi. Shunday sassiz ediki, sukunatga aldangan sichqon pechka ortidan yugurib chiqar, orqa oyoqlarida tik turgancha burnini u yoq-bu yoqqa burib, choʻkindi havoni uzoq hidlardi.
Nastya ham xat yozmas, biroq ikki-uch oyda bir MARTA yosh va quvnoq pochtachi Vasiliy Katerina Petrovnaga ikki yuz soʻmlik oʻtkazmani olib kelardi. Katerina Petrovna imzo chekayotgan payt boshqa joyga qoʻl qoʻyvormasin deb, uni avaylab suyab turardi.
Vasiliy ketgach, Katerina Petrovna qoʻlida pul bilan parishon oʻtiradi. Keyin koʻzoynagini taqib pochta oʻtkazmasidagi bir nechta soʻzni qayta oʻqiydi. Soʻzlar oʻsha-oʻsha: ish koʻpligidan borgani, hatto xat yozgani ham vaqt yoʻq.
Katerina Petrovna mayin qogʻozchalarni avaylabgina silaydi. Qarilik qursin, qoʻlidagi pullar aynan Nastya joʻnatganlari emasligini ham unutadi. Pullardan qizining hidi kelib turganday boʻladi.
Bir kuni kechasi, oktyabrning oxirlarida chorbogʻdagi allaqachon mixlab tashlangan eshikni kimdir uzoq taqillatdi.
Katerina Petrovnaning yuragiga gʻulgʻula tushdi, imillab boshiga issiq roʻmolini oʻradi, eski roʻdapo kiyimni qiydi va shu yil hisobidan birinchi bor uydan tashqariga chiqdi. Juda sekin, paypaslanib yurdi. Izgʻirinning kuchidan boshiga ogʻriq kirdi. Unutilgan yulduzlar yerga oʻtkir nigohlarini qadagan, toʻkilgan barglar Katerina Petrovnaning yurishiga xalal berardi.
Onaxon eshikchaga yaqinlashib, ovoz berdi:
– Kim u?
Ammo devor ortidan hech kim javob qaytarmadi.
– Menga shunday tuyuldi, shekilli, – dedi Katerina Petrovna va ortiga qayrildi.
Nafasi tiqilib, qari bir daraxt oldida toʻxtadi, sovuq va nam novdani ushlab, uning zarang ekanini payqadi. Uni bir zamonlar oʻzi ekkandi, u paytlari gʻami yoʻq yoshgina qiz edi. Mana, endi gʻaribu notavon, qaltiroq bir holda turibdi, bu kimsasiz, huvillagan kechadan hech qayoqqa qochib ketishning imkoni yoʻq.
Katerina Petrovnaning zarangga ichi achishdi, gʻadir-budir tanasini siladi. Amallab uyga yetib olgach, oʻsha zahoti Nastyaga xat yozdi.
“Nuridiydam, jonim qizim, – deb yozdi Katerina Petrovna, – Bu qishdan chiqmasam kerak. Hech yoʻq bir kunga kel. Diydoringni koʻray, qoʻllaringdan tutay. Qaridim, yurish tugul, oʻtirish, yotish ham ogʻirlik qilyapti. Oʻlim manzilimni topolmayapti, xolos. Bogʻ quriyapti – oldingiday emas, toʻgʻri, uni koʻrmayman ham. Kuz yomon keldi. Judayam yomon. Hatto butun umrimdan mana shu kuz uzunroq tuyulyapti”.
Manyushka burnini torta-torta xatni pochtaga olib bordi, pochta qutisiga bir amallab soldi, soʻng ichiga moʻraladi: nimalar bor ekan? Ammo ichkarida tunuka va boʻshliqdan boshqa hech narsa koʻrinmadi.
Nastya Rassomlar uyushmasida kotiba boʻlib ishlardi. Ish koʻp edi. Koʻrgazmalar, tanlovlar – bari-bari uning qoʻlidan oʻtardi.
Onasining xatini Nastya ishdaligida oldi. Sumkasiga solib qoʻydi – ishdan keyin oʻqiyman, dedi. Katerina Petrovnaning xatini koʻrib Nastya yengil tin oldi – xat yozibdimi, demak, tirik. Biroq unda soqov bir bezovtalik boshlandi, goʻyo har bir maktub soʻzsiz taʼna edi.
Ishdan keyin Nastya yosh haykaltarosh Timofeyevning ustaxonasiga borishi, yashash sharoiti bilan tanishib, keyin Uyushma rahbariyatiga hisobot berishi kerak edi. Timofeyev ustaxonasining sovuqligi, umuman, unga imkon berishmayotgani va rivojlanishiga toʻsiq boʻlishayotganidan shikoyat qilgandi.
Nastya bir burchakdan oynacha topib oldi, soʻng yuziga upa sepdi va kulimsiradi – shu payt oʻziga oʻzi yoqib ketdi. Rassomlar malla sochlari va katta koʻzlari sabab uni Solveyg deb atashardi.
Eshikni Timofeyevning oʻzi ochdi – pakana, bir soʻzli, zahargina yigit. Egnida palto, boʻyniga katta sharf oʻragan edi. Nastya haykaltarosh oyogʻiga ayollarning fetr botinkasini kiyib olganini payqadi.
– Kiyimingizni yechmang, – toʻngʻilladi Timofeyev. – Muzlab qolasiz. Iltimos sizdan!
U Nastyani qorongʻi yoʻlakchadan olib oʻtib, yuqoriga bir necha zina koʻtarildi va ustaxonaning ensiz eshigini ochdi.
Ustaxonadan tutun hidi anqirdi. Loy solingan bochka yonida kerosinka yonib turar, dastgohlardagi haykallar ustiga nam lattalar yopilgan edi. Katta deraza ortida qiyalab qor tashlar, Neva ustini tumanday qoplagan qorparchalar daryo suvlarida erib ketardi. Shamol deraza romlari orasidan hushtak chalib oʻtib, poldagi eski gazetalarni qimirlatib qoʻyardi.
– Voy, Xudoyim-ey, sovuqligini qarang-a! – dedi Nastya, uning nazarida ustaxona devorlariga tartibsiz osilgan oq marmar boʻrtma naqshlar havoni yanayam muzlatib yuborayotgandek edi.
– Bir havasingizni keltiray dedim-da, – dedi Timofeyev loy yuqi kursini Nastyaga yaqin surib. – Bu kulbada harom qotmaganimga hayron qolaman. Pershinning ustaxonasini bir koʻring, issiqqina, naq Sahroyi Kabir.
– Pershinni yoqtirmaysizmi? – qoʻrqibgina soʻradi Nastya.
– Joʻjaxoʻroz u! – dedi Timofeyev achchiqlanib. – Kosib! Haykallarida yelka ishlamaydi u, palto iladigan ilgak yasaydi. Kalxozchi ayoli – fartuk taqqan tosh. Ishchisi neandertal odamga oʻxshaydi. Haykallarini yogʻoch kurak bilan yasaydi u. Lekin oʻta ayyor, sizga aytsam, oʻlguday ayyor!
– Gogolni ishlagan edingiz, oʻshani koʻrsating-chi, – dedi Nastya suhbat mavzusini oʻzgartirish uchun.
– Yuring, – dedi haykaltarosh qovogʻi osilgancha. – Yoʻq, u yoqqa emas, bu yoqqa. Anavi burchakka. Ana, shunday!
U haykallardan biri ustidagi hoʻl lattani oldi, unga yaxshilab razm soldi, kerosinka yoniga choʻk tushib oʻtirdi, qoʻllarini tobladi va dedi:
– Ana, koʻring Nikolay Vasilyevichni. Marhamat!
Nastya seskanib ketdi. Qirraburun, bukchaygan bir odam unga ustidan kulayotganday istehzoli tarzda, yeb qoʻygudek boʻlib qarab turardi. Nastya haykalning chakkasida boʻrtgan qon tomirlar urib turganini koʻrdi.
“Xaltangdagi xat hali ochilmagan, – deganday edi Gogolning oʻq koʻzlari. – Eh, sen, olashaqshaq!”
– Qalay? – deb soʻradi Timofeyev. – Jiddiy ishmi?
– Ajoyib! – chaynalibgina dedi Nastya. – Haqiqatan ham ajoyib.
Timofeyev achchiq kuldi.
– Ajoyib, – qaytardi u, – hamma shunday deydi. Pershin ham, Matyash ham, har qanday qoʻmitadagi har qanday dono xuddi shunday deydi. Lekin bundan nima foyda? Bu yerda – ajoyib, lekin mening haykaltarosh sifatida taqdirim hal boʻladigan joyda hammamizga maʼlumu mashhur Pershin betayinlarcha mingʻirlaydi va tamom. Pershin nimadir dedimi, hammasi hal!.. Kechasi bilan uxlayolmaysan! – baqirdi Timofeyev va botinkasini tapillatib zalda yura boshladi. – Loy ushlayverib qoʻlim revmatizm boʻldi. Uch yildan beri Gogol haqida bir xil soʻzlarni oʻqiyman. Basharasi tushlarimga ham kirib chiqadi!
Timofeyev stoldan bir dasta kitob oldi, havoda silkitdi-da joyiga uloqtirdi. Stoldan ganch changlari koʻtarildi.
– Bularning hammasi Gogol haqida! – dedi u va birdan tinchlandi. – Nima? Qoʻrqitvordimmi? Kechiring, azizim, lekin, toʻgʻrisi, rosa olishgim kelib turibdi.
– Unda… birga olishamiz, – dedi Nastya va oʻrnidan turdi.
Timofeyev uning qoʻlini qattiq siqib xayrlashdi. Nastya bunday isteʼdod egasini nima qilib boʻlsa ham bu nom-nishonsizlikdan olib chiqishga qatʼiy qaror qildi.
Nastya Rassomlar uyushmasiga qaytib, rais huzuriga kirdi, u bilan uzoq gaplashdi, ozroq qizishdi ham, Timofeyevning koʻrgazmasini tashkillashtirish kerakligini uqdirdi. Rais qalam bilan stol chertdi, nimanidir uzoq chamaladi va nihoyat rozi boʻldi.
Nastya Moykadagi uyiga, eskigan, shifti ganch qilingan xonasiga qaytdi. Shundan soʻnggina Katerina Petrovnaning xatini ochib oʻqidi.
– U yerga borgani hozir vaqt bormi! – dedi u va oʻrnidan turdi. – Qani, bu yerdan sugʻurilib
chiqa olsang!
Koʻz oldida jiq toʻla poyezdlar, boshqa poyezdga almashlash, doʻq-doʻq arava, qurigan bogʻ, onasining doimgi yigʻi-sigʻisi, qishloqning choʻziluvchan, zerikarli rangsiz kunlari jonlandi va xatni yozuv stolining tortmasiga solib qoʻydi.
Nastya ikki haftani Timofeyevning koʻrgazmasini tashkil etish tashvishlari bilan oʻtkazdi.
Bu vaqt ichida murosani bilmaydigan Timofeyev bilan bir necha bor urishib-yarashdi. Timofeyev ishlarini koʻrgazmaga xuddi yoʻq qilishga joʻnatganday joʻnatdi.
– Bu yugur-yugurlaringizdan hech narsa chiqmaydi, – dedi u Nastyaga ichiqoralik bilan. Goʻyo koʻrgazmani u emas, qiz oʻtkazayotganday. – Vaqtimni behuda sarflayapman. Toʻgʻrisi shu.
Nastya boshida tushkunlikka tushdi, achchiqlandi, keyinchalik bu injiqliklarga tahqirlangan magʻrurlik sabab ekanini angladi. Hammasi yolgʻondakam, Timofeyev ichida boʻlajak koʻrgazmasidan juda shod.
Koʻrgazma kechqurun ochildi. Timofeyev jahllandi, haykalni elektr yorugʻida tomosha qilib boʻlmasligini aytdi.
– Oʻlik nur! – deb vaysadi u. – Zigʻircha foydasi yoʻq. Undan koʻra kerosin lampa boʻlgani ham tuzuk edi.
– Sizga qanaqa nur kerak oʻzi? Hamisha har yerda norozi odam ekansiz-ku! – oxiri portladi Nastya.
– Sham kerak! Sham! – dedi Timofeyev alam bilan. – Gogolni qanday qilib elektr chiroq ostiga qoʻyish mumkin?! Absurd-ku bu!
Ochilish marosimida haykaltaroshlar, rassomlar qatnashdi. Haykaltaroshlarning mavzudan yiroqroq suhbatlarini eshitib, ular Timofeyevning ishlarini maqtayaptimi yoki tanqid qilyaptimi – bilib boʻlmasdi. Lekin koʻrgazma muvaffaqiyatli boʻlganini Timofeyev tushundi.
Oq sochli jizzaki bir haykaltarosh Nastyaning yoniga kelib, qoʻllarini siqdi:
– Minnadorchilik bildiraman. Eshitishimcha, Timofeyevni yorugʻ olamga siz olib chiqibsiz. Ajoyib ish qilibsiz. Bizda, bilsangiz, ijodkorga eʼtibor berish, unga gʻamxoʻrlik qilish kerakligi haqida gap sotadiganlar koʻp. Lekin amaliy ishga kelganda qup-quruq nigohlarga yoʻliqasan. Yana bir bor minnadorchilik izhor etaman!
Muhokama boshlandi. Koʻp gapirishdi, maqtashdi, bahslashishdi. Keksa rassom insonga, nohaq unutilgan yosh rassomga eʼtibor haqida aytgan gap har bir nutqda qaytarildi.
Timofeyev parketga tikilib tumshaygancha oʻtirar, koʻz qiri bilan maʼruzachilarga qarab qoʻyardi. Lekin ularga ishonish kerakmi yo hali ertami – bilolmasdi.
Eshik oldida Uyushma xat tashuvchisi – ochiqkoʻngil va ovsar Dasha paydo boʻldi. U Nastyaga imo qilib, yoniga chaqirdi. Nastya yoniga kelgach, iljayib unga telegramma uzatdi.
Nastya joyiga qaytdi, sezdirmay telegrammani ochdi, oʻqidi, lekin hech nimani tushunmadi:
“Katya oʻlyapti. Tixon”.
“Qanaqa Katya? – asabiylashdi Nastya. – Qaysi Tixon? Menga adashib berdi, shekilli”.
Manziliga qaradi: yoʻq, telegramma unga ekan. Shundagina u qogʻoz tasmadagi nozik bosma harflarni payqadi: “Zaborye”.
Nastya telegrammani gʻijimladi va qoshlarini chimirdi. Pershin soʻzga chiqdi:
– Bugun, – dedi u asta tebranib va koʻzoynagini ushlab, – inson haqida qaygʻurish ajoyib haqiqatga aylanmoqda. U bizning oʻsishimiz va ishlashimizga yordam beradi. Men bizning davramizda, haykaltarosh va rassomlar orasida ana shu gʻamxoʻrlik paydo boʻlganini sezganimdan mamnunman. Oʻrtoq Timofeyevning ishlari koʻrgazmasi haqida gapirsam. Koʻrgazma uchun barchamiz butunicha – albatta bundan hurmatli rahbariyatimiz ranjimaydi – Uyushmaning oddiy xodimlaridan biri, sevimli Anastasiya Semyonovna oldida qarzdormiz.
Pershin Nastyaga taʼzim qildi, gulduros qarsak chalindi. Uyalganidan Nastyaning koʻzlariga yosh keldi.
Kimdir ortidan uning qoʻlini tutdi. Bu boyagi jizzaki qariya rassom edi.
– Nima gap? – dedi u shivirlab va koʻzlari bilan Nastyaning qoʻlidagi gʻijimlangan telegrammaga ishora qildi. – Biror koʻngilsizlik boʻldimi?
– Yoʻq, – deb javob berdi Nastya. – Bu shunchaki… Bir tanishimdan…
– Aha, – deb toʻngʻilladi chol va yana Pershinni tinglay boshladi.
Hammaning koʻzi Pershinda edi. Lekin Nastya tinimsiz kimningdir ogʻir va oʻtkir nigohini sezib turdi, shu sabab bosh koʻtarishga qoʻrqdi. “Kim boʻlishi mumkin? – oʻyladi u. – Nahotki kimdir sezib qolgan boʻlsa? Qanday bemaʼnilik. Yana asablarim buzildi”.
U amallab boshini koʻtardi va darrov koʻzlarini olib qochdi: Gogol unga tirjayib qarab turardi. Chakkasidagi qon tomirlari ogʻir-ogʻir urayotgandek, yumuq lablari orasidan past ovozda: “Eh, sen!” deyayotgandek edi.
Nastya dik etib turdi, pastga tushib, kiyimlarini kiydi va koʻchaga otildi.
Gupillab qor yogʻardi. Isaakiyevskiy jomesidagi oqish bulduruqlar yaqqol koʻzga tashlanar, badqovoq osmon yanayam enkayib, shaharga, Nastyaga, Nevaga yaqin kelib olgan edi.
“Nuridiydam, jonim qizim… – Nastya yaqinda olgan xatini esladi. – Nuridiydam, jonim qizim!”
Nastya Admiralteystvo yaqinidagi xiyobonda oʻrindiqqa choʻkdi va oʻkirib yigʻladi. Qor uning yuzlaridan koʻz yoshlarga qoʻshilib sirgʻalib tushardi.
Nastya sovuqdan titradi va birdan uni Zaboryeda bu qoqsuyak, hamma tashlab ketgan kampirchalik hech kim yaxshi koʻrmasligini tushundi.
“Kech qoldim! Oyimni endi koʻrolmasam kerak”, dedi u oʻziga oʻzi va soʻnggi yilda bolalarcha “oyi” soʻzini ilk bor ishlatayotganini sezdi.
U sapchib turdi va yuziga savalayotgan qorga qarama-qarshi tez yurib ketdi.
“Qanday qilib? Axir, qanday qilib, oyi? – oʻyladi u koʻzlari hech narsani koʻrmay. – Oyi! Qanday qilib bunaqa boʻlishi mumkin? Axir, hayotimda sizdan boshqa hech kim yoʻq! Bundan keyin ham boʻlmaydi, boʻlolmaydi. Hech yoʻq ulgurishim kerak, hech yoʻq onam meni koʻrsin, men notavonni kechirsin”.
Nastya Nevskiy shohkoʻchasiga chiqdi, shahar temir yoʻl stansiyasiga yoʻl oldi.
Kech qolibdi. Chipta yoʻq.
Nastya kassa oldida turar, lablari qaltirar, birinchi soʻzidanoq hoʻngrab yigʻlab yuborishini bilib gapirishga botinolmasdi.
Koʻzoynakli keksa gʻaznachi ayol tirqishdan qaradi.
– Nima gap, qizim? – yoqinqiramay soʻradi u.
– Hech gap yoʻq, – dedi Nastya. – Oyim, oyijonim…
Nastya ortiga oʻgirildi va shitob bilan chiqish eshigiga yoʻnaldi.
– Qayoqqa?! – baqirdi gʻaznachi ayol. – Boshidayoq aytmaysizmi shunday deb. Bir daqiqa kutib turing.
Oʻsha kecha Nastya yoʻlga chiqdi. Garchi “Qizil oʻq” poyezdi tungi oʻrmonlar oralab har yoqqa bugʻlarini purkab, ogohlantiruvchi choʻziq-choʻziq chinqiriqlari bilan shitob ketib borayotgan boʻlsa-da, butun yoʻl boʻyi zoʻrgʻa sudralgandek tuyuldi.
…Tixon pochtaga keldi, pochtachi Vasiliy bilan shivirlashib gaplashgach, undan telegraf qogʻozini oldi, u yoq-bu yogʻini aylantirib koʻrgach, uzoq vaqt moʻylabini silab turdi va qogʻozga qingʻir-qiyshiq harflar bilan nimalarnidir yozdi. Keyin qogʻozni avaylab bukladi, qalpogʻiga qistirdi va Katerina Petrovnanikiga imillab yoʻlga tushdi.
Katerina Petrovna oʻn kundirki oʻrnidan turgani yoʻq. Hech qayeri ogʻrimayapti, lekin koʻksi, boshi, oyoqlarini kuchli holsizlik egallab olgan, nafas olish ham ogʻirlashib qolgan.
Mana, oltinchi kun, Manyushka Katerina Petrovnaning yonida. Kechalari choʻkib qolgan divanda kiyim-boshi bilan uxlaydi. Baʼzida Katerina Petrovna nafas olmayotgandek tuyuladi. Shunday paytlari Manyushka qoʻrqib yigʻiga tushadi: tirikmikan, ishqilib?
Katerina Petrovna koʻrpa ostidan qoʻlini biroz qimirlatadi va Manyushka xotirjam tortadi.
Xonalarning burchaklarini ertalabdanoq noyabry zulmati egallagan, biroq havo iliq edi. Manyushka pechkaga oʻt qaladi. Quvnoq olovning shuʼlalari yogʻoch devorlarni yoritdi, Katerina Petrovna astagina xoʻrsindi – oʻt yoqilgach, xona hov bir paytlardagidek, Nastya borligidagidek shinam, yoqimli boʻlib qolgandi. Katerina Petrovna koʻzlarini yumdi, undan sizgan bir tomchi yosh sargʻish chakkalaridan oʻtib, oppoq sochlariga osilib qoldi.
Tixon keldi. Yoʻtaldi, burun tortdi, turishidan hayajonda edi.
– Nima gap, Tisha? – dedi Katerina Petrovna holsiz.
– Sovqotdim, Katerina Petrovna! – dedi oʻzini bardam tutib Tixon va qalpogʻiga xavotir bilan qarab qoʻydi. – Tez orada qor yogʻadi. Lekin bu – yaxshilikka. Yoʻllar muzlaydi, yoʻl yurishiga osonroq boʻladi.
– Kim yoʻl yurishiga? – Katerina Petrovna koʻzlarini ochdi va beixtiyor toʻshakni siypalay boshladi.
– Kim deysizmi? Nastasya Semyonovna-da! – dedi Tixon va gʻalati iljayib qalpogʻi ichidan telegrammani oldi. – Boshqa kim ham boʻlardi?
Katerina Petrovna turmoqchi boʻldi, lekin eplolmadi, yostiqqa qayta bosh qoʻydi.
– Mana! – dedi Tixon, telegrammani asta ochib, Katerina Petrovnaga uzatdi.
Lekin Katerina Petrovna uni olmadi, oʻtinch toʻla koʻzlari bilan qarab turaverdi.
– Oʻqi! – dedi Manyushka xirilloq tovushda. – Kampir endi oʻqiy olmaydi. Koʻzi charchagan.
Tixon qoʻrquvda alangladi, yoqasini toʻgʻrilab, yakkam-dukkam malla sochlarini siladi va quruq, ishonchsiz ovozda qiroaat qildi: “Kutinglar, yoʻlga chiqdim. Sizni hamisha sevuvchi qizingiz Nastya”.
– Kerakmas, Tisha! – sokin dedi Katerina Petrovna. – Kerakmas, azizim. Xudo yorlaqasin seni. Yaxshi soʻzing, mehring uchun rahmat.
Katerina Petrovna qiynalib-siqtalib devor tomonga oʻgirildi, uyquga ketganday boʻldi.
Manyushka chiqib, Katerina Petrovnaning xonasiga imlamaguncha Tixon sovuq dahlizdagi oʻrindiqda boshini eggancha tamaki tutatdi, “chirt” etkazib tufladi va uh tortdi.
Tixon oyoq uchida yurib xonaga kirdi va butun panjasi bilan yuzini artdi. Katerina Petrovna mushtdekkina boʻlib yotar, rangida qon yoʻq, tashvishu ogʻriqlarni unutib, uyquga ketgandek edi.
– Kutolmadi, – deb mingʻirladi u. – Dardi ogʻir edi, qattiq qiynaldi. Ey, sen, yaxshilab qulogʻingga quyib ol, – dedi Tixon Manyushkaga gʻazab bilan, – yaxshilikka yaxshilik bilan javob qaytar, bemaʼni odam boʻlma… Sen shu yerda oʻtirib tur, men mahallaga boray, xabar beray.
Tixon ketdi. Manyushka tizzalarini yigʻib olgancha kursida oʻtirar, titrar va Katerina Petrovnadan koʻzlarini uzmay qarab turardi.
Katerina Petrovnani keyingi kuni soʻnggi yoʻlga kuzatishdi. Hammayoq muzladi. Shirava qor yogʻdi. Butun borliq oppoq, osmon esa quruq va yorugʻ, kulrang edi. Xuddi bosh ustingga nam, muzlab qolgan qop yoyib qoʻyilgandek edi. Daryodan naridagi
kengliklar koʻkimtir tusga kirgan. Ilk izgʻirin taʼsirida tol poʻstloqlaridan qorning kuchli va yoqimli hidi taraladi.
Dafn marosimiga keksalar va bolalar yigʻildi. Tobutni qabristonga Tixon, Vasiliy va paxmoq soch-soqolli aka-uka qariyalar – Malyavinlar olib bordi. Manyushka akasi Volodka bilan birga chiqdi, tobut qopqogʻini koʻtarib oldi, koʻzlarini yummay faqat oldinga tikilgancha ketdi.
Mozor qishloq ortida, daryoning teparogʻida edi. U yerda zamburugʻdan tanasi sargʻayib ketgan baland sambittollar oʻsadi.
Yoʻlda muallimani koʻrib qolishdi. U yaqinda viloyat markazidan kelgan va Zaboryeda hali birov-yarimni yaxshi tanimasdi.
– Muallima kelyapti, muallima kelyapti, – deb shivirlashdi bolalar.
Muallima yosh, uyatchan, kulrang koʻzli edi, koʻrgan odam bola deb oʻylardi. U tobutni koʻrib, toʻxtadi, tobut ichida yotgan mittigina kampirga qoʻrqa-pisa nazar tashladi. Kampirning yuzlariga qoʻngan oʻtkir qorparchalar erimay turardi. Viloyat markazida muallimaning onasi qolgan – uyam xuddi shunday kichkinagina, hamisha qizining qaygʻusi bilan yashaydi, sochlari ham xuddi shunaqa oppoq.
Muallima biroz turdi va tobut ortidan asta ergashdi. Buni koʻrgan kampirlar asta shivirlasha boshladi: qarang, juda yuvosh ekan, boshida ancha qiynaladi, axir Zaboryening bolalari juda shum va gapuqmas.
Muallima oxiri soʻrashga qaror qildi va Matrena kampirni gapga tutdi:
– Yolgʻiz yasharmidi bu kampir?
– Eh, bolajonim-a, – shu zahoti javrashga tushdi Matrena xola, – yolgʻiz desayam boʻlaveradi. Shunday dilkash, shunday samimiy ayol edi. Qachon qarama, divanchasida bir oʻzi oʻtirardi, dardlashadigan hech kimi yoʻq edi. Bechora! Leningradda yashaydigan qizi bor, lekin uzoqlarga uchirma boʻlgan-da. Mana, kimsasiz oʻldi, qarindoshlaridan hech kim kelmadi.
Tobutni yangi kovlangan qabr yoniga qoʻyishdi. Qariyalar qabrga egilishdi, qoʻllari bilan tuproqni ushlab koʻrishdi. Muallima tobutga yaqin keldi va egilib, Katerina Petrovnaning mallatob ozgʻin qoʻllaridan oʻpdi. Soʻng tez qaddini tikladi, oʻgirilib, buzilgan gʻisht devor tomon yurdi.
Devor ortida, yengil-yengil qoʻnayotgan qorparchalar ostida biroz gʻamgin ona yer yotibdi.
Muallima uzoq tikilib turdi, ortidagi qariyalar suhbatini, tobut qopqogʻiga tuproq qanday urilayotganini, uzoqda – hovlilarda turfa ovozli xoʻrozlar yorugʻ kun, yengil sovuq va qishki sukunatdan darak berib qichqirayotganini tingladi.
Zaboryega Nastya dafn marosimidan ikki kun oʻtib keldi. Mozorda ustidagi tuprogʻi yumaloqlanib muzlab qolgan yangi qabrga, uyda esa Katerina Petrovnaning hayot allaqachon tark etgan sovuq va qorongʻi xonasiga duch keldi. Bu xonada Nastya kechasi bilan, oynadan xira va ogʻir tong moʻralamaguncha yigʻlab chiqdi.
Nastya Zaboryedan uni birov koʻrib qolmasligi, savolga tutmasligi uchun biqinib, yashirinib chiqib ketdi. Uning nazarida yelkasidagi tuzalmas gunoh, mislsiz yukni Katerina Petrovnadan boshqa hech kim olib tashlolmasdi.
Rus tilidan
Orif Tolib
tarjimasi
“Yoshlik” jurnalining 2021-yil 4-sonida chop etilgan.
Asliyatda oʻqish: