Toblama nima?
Oʻzbek tilida bittagina izohli lugʻat bor. Til va soʻz masalasiga ishi tushadigan har qanday kishining joniga shu ora kiradi. Biroq undan joy ololmagan soʻzlar ham talaygina. Bunday soʻzlar badiiy adabiyotlarda, gazeta-jurnallarda, turli lugʻatlarda, xalq tilida uchrab qoladi.
Ruscha zapekanka soʻzi tovada toblab pishirilgan ovqatlarni bildiradi. Koʻpincha pyuresimon mahsulotlardan tayyorlanadi. Meva-cheva qoʻshilgan alkogolli damlama maʼnosi ham bor. Lekin bunday ichimliklar bizda urf emas, demak, bu maʼnodagi soʻzga ham ehtiyoj yoʻq.
Singitib, qizartirib pishirilgan taomlar inglizchada casserole soʻzi bilan ifodalanadi. Oʻzbekchada-chi? Ruscha-oʻzbekcha lugʻatga koʻra, bu maʼnoni oʻzbek tilida toblama soʻzi ifodalaydi. Toblama – toblab, qizartirib pishirilgan ovqat. Lekin bu soʻz izohli lugʻatga kirmagan. Menimcha, keyingi nashrlarda albatta kiritish kerak.
Yangi soʻz oʻrganmagan quloqqa boshida sal gʻalati eshitilishi mumkin. Lekin faol ishlatilsa, tilga singib ketadi. Pazandachilik mavzusida yozadiganlar, video tayyorlaydiganlar bu soʻzni qoʻllar ekan. Koʻproq foydalanish, ommalashtirish kerak.
Orif Tolib