Toʻgʻrilik har qanday unvonni bezaydi
Fridrix Shiller hikmatlaridan
- Buyuk qalblar iztiroblarini sukut bilan oʻtkazadilar.
- Zulmni murosasiz yomon koʻradigan kishigina ezgulikni cheksiz sevishi mumkin.
- Iroda inson bolasining oʻziga xos sifatidir, aql esa irodani boshqarish uchun oʻzgarmas qoidadir.
- Ishni tezroq tugallash harakatida boʻl.
- Ishni yarim yoʻlda tashlab, chetga chiqib oladigan va endi bu yogʻi nima boʻlar ekan, deb ogʻzini ochib qarab turadigan odam haqiqiy ahmoqdir.
- Ishongan odam boshqalarni ham oson ishontiradi.
- Yoʻqotilgan daqiqani hatto abadiyat ham qaytara olmaydi.
- Koʻpchilikning ovozi adolatning mezoni boʻla olmaydi.
- Mardonalik instinktga qarshi kurash ifodasidir.
- Minnatdorlik eng tez unutiladigan narsadir.
- Nomus hayotdan azizroq.
- Odam maqsadlari kattaygani sari ulgʻayib boradi.
- Ota-onalar oʻzlarining nuqsonlarini bolalarida koʻrganlarida koʻproq jahllanadilar.
- Rasmga mahliyo boʻlib, uni chizgan kishini butunlay unutib qoʻyganimiz, aslida, rassomga eng katta maqtovdir.
- Tabiatga qarshi boʻlgan narsa hech qachon yaxshilikka olib bormaydi.
- Toʻgʻrilik har qanday unvonni bezaydi.
- Oʻz topqirligidan zavqlanib kulgan kishining askiyasi kuchini yoʻqotadi.
- Oʻzini boshqara oladigan odamgina erkindir.
- Faqat qatʼiyatgina maqsadga eltadi.
- Har qanday gʻalabadan ustun narsa kechirimdir.
- Sheʼriy asar oʻzini oʻzi himoyalashi kerak. Harakat gapirmaydigan joyda soʻz foyda berishi dargumon.
- Yaramas ishlarning oxiri voy: ular yangi-yangi qabihliklarni keltirib chiqaradi.
- Yaxshi aktyorlar uchun yomon rol yoʻq.
Orif Tolib tarjimasi
“Yoshlik” jurnalining 2017-yil 4-sonida chop etilgan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.