Yaxshi gaplarni koʻpchilik gapirishi mumkin…
Rabindranath Thakur hikmatlaridan
- Agar sen barcha ishtibohlarga eshigingni berkitsang, haqiqat ham tashqarida qoladi.
- Baxt oʻzini tiya oladigan odamlarga nasib etadi. Orzularing amalga oshishini istasang, ularni tiyib tura bil.
- Biz odamni nimani bilishiga qarab emas, nimadan quvonishiga qarab anglaymiz.
- Vijdonimizning ovozini eshitmaslik uchun shovqinli olomon ichiga oʻzimizni uramiz.
- Iztirob hayotdagi barcha qadrli narsalar: kuch-quvvat, aql-farosat, muhabbat uchun toʻlovdir.
- Kuchini koʻrsataveradigan odam kuchsizligini isbotlaydi, xolos.
- Qurigan daryoga oʻtmishi sabab rahmat aytmaydilar.
- Maqtov meni pastga uradi, chunki uni ichimda oʻzim soʻrab turaman.
- Mast oʻzini qanchalik baxtiyor his etmasin, u haqiqiy baxtdan juda uzoq. Chunki uning bu baxti boshqalar uchun koʻrgilik; bugungi baxti ertangi baxtsizligidir.
- Muhabbatning haqiqiy goʻzalligini faqat sadoqatli ayolgina his qiladi.
- Odam hayvonga aylanganda hayvondan yomondir.
- Pessimizm qalb alkogolizmining bir koʻrinishidir.
- Rohat-farogʻatlarga koʻmilib, lazzat hissidan mosuvo boʻlamiz.
- Ruhingni tushirma, niyatingdan qaytma. Doʻstim, sening yoʻling bitta: oʻzingni takomillashtir va begonaga xizmat qilma. Muhokamalaru toʻsiqlardan choʻchima.
- Hamma haqiqatni aytishga chogʻlanmagan paytingda samimiy boʻlish oson.
- Hatto qaroqchilar toʻdasi ham qandaydir axloq talablariga rioya etishlari kerak; ular butun dunyoni talashlari mumkin, lekin bir-birlarini emas.
- Cheksiz umid va ishtiyoq yoshlikning asosiy boyligidir.
- Shunchaki qarab yoki turib dengizni kesib oʻta olmaysiz. Behuda istaklarga vaqtingizni sarflamang.
- Er-xotinlik – sanʼat va uni har kuni yangilab turish kerak.
- Yulduzlar oʻzlarini tillaqoʻngʻiz deb oʻylashlaridan qoʻrqmaydi.
- Yaxshi gaplarni koʻpchilik gapirishi mumkin, lekin tinglay oladiganlar kam, sababi u aqlning kuchini talab etadi.
Orif Tolib tarjimasi
“Yoshlik” jurnalining 2017-yil 5-sonida chop etilgan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.