Toʻgʻrisi – xato, xatosi – toʻgʻri. Gʻalati mashhur soʻz-jumlalar haqida
Tilimizda ommalashib ketgan va yanglishligi bilinmaydigan soʻz va iboralar bor. Endi ularni toʻgʻrilashga urinish behuda. Xatoligiga hamma koʻnikkan soʻzu birikmalarni toʻgʻrilab ishlatsangiz, xatoga yoʻl qoʻygan boʻlasiz. “Daryo” kolumnisti Orif Tolib bugun shu haqda soʻz yuritadi.
Har narsaga koʻnikiladi, xatoga ham
Psixologlarning aytishicha, biror odat shakllanishi yoki yoʻqolishi uchun oʻrtacha bir oy vaqt kerak ekan. Muttasil qilinadigan yanglish ishga tana oʻrganib qoladi. Tilda ham shunga oʻxshash holat.
Erkin Vohidov bir maqolasida yozadi: “Eskidan qolgan gʻalati mashhur degan gap bor. Bu mashhur boʻlgan xato demakdir. Gʻalat soʻzining oʻzbek tilida gʻalati shaklida qiziq, ajoyib degan maʼno kasb etgani oʻzi gʻalati mashhurdir”. Chunki gʻalat soʻzi arabchada xato, nuqson, adashish kabi maʼnolarni anglatadi. Unga forscha -i izofasi qoʻshilgan va oʻzbek tilida asliyatdagidan boshqa mazmunni bildiradi.
Biror soʻz yoki iborani xato ishlatish ommalashib ketsa va u tabiiy qabul qilinadigan boʻlib qolsa, endi boshqa yoʻl yoʻq, noiloj rozi boʻlasiz. Gʻalati mashhur ana shu.
Oʻrtamiyona – “oʻrtaoʻrta” degani
Gʻalati mashhur tushunchasini tahrir ilmining ustasi, rahmatli Mahmud Saʼdiy domla oʻrtamiyona soʻzi yordamida tushuntirib bergandi. Oʻzbekchadagi oʻrta soʻzi forschada miyona boʻladi. Lekin biz ikkalasini qoʻshib ishlatamiz. Soʻzma-soʻz oʻrtaoʻrta degani. Bu xato-ku, bitta soʻzni ikki MARTA takrorlab nima hojat, deb baqir-chaqir qilgandan esa foyda yoʻq.
Oʻrtamiyona oʻrta darajadagi; oʻrtacha maʼnosida ishlatiladi. Baʼzi oʻrinlarda bu soʻzdagi maʼno noziklikliklarini uning maʼnodoshlari ifodalay olmaydi. Masalan:
Oʻrtamiyona asar – oʻrtacha darajadagi, eʼtiborga uncha arzimaydigan, iliq-miliq asar. Bu oʻrinda oʻrtamiyona soʻzida biroz nazarga ilmaslik, mensimaslik yoki tavsiya etmaslik mazmuni ham yashiringan. Uning oʻrniga oʻrtacha yoki oʻrta darajadagi soʻzlarini qoʻyish bu maʼno qirralarini aks ettirmaydi.
Oʻrtamiyona uy – bunda yuqoridagi kabi maʼnolar yoʻq. Uyning hajmi, koʻrinishi, jihozlanishi oʻrtacha darajadaligi anglashilyapti.
Ayrim gʻalati mashhurlar bor, toʻgʻrisini ishlatsangiz, xato qilgan boʻlasiz. Ikkita misol keltiraman.
Koʻchaning boshi emas, oxiri berk boʻladi
Boshi berk koʻcha iborasi yoʻlini, ilojini topish qiyin boʻlgan, mushkul ahvolni anglatadi:
Ilmsiz tajriba – boshi berk koʻcha.
P. Tursun, “Oʻqituvchi”.
Otabek boshi berk koʻchada qolgandek boʻldi, javobiga qiynaldi.
A. Qodiriy, “Oʻtgan kunlar”.
👉 Aslida koʻchaning boshi emas, oxiri berk boʻladi. Berkkoʻchaning soʻngiga, tugashiga borgan kishi undan qanday chiqishni bilmay qiynaladi, orqaga qaytishini, ovora boʻlishini oʻylab asabiylashadi. Koʻchaning boshi berk boʻlsa (oʻzi odatda bunday boʻlmaydi), shunchaki kirmay qoʻya qoladi, qiyinchilik ham yoʻq. Biroq tilda iboraning ayni shu shakli – boshi berk koʻcha urf boʻlgan. Uning oʻrniga oxiri berk koʻcha deb qoʻllash xato boʻladi. Abdulla Qahhor aytganidek, “Shahardagi hamma soatlar besh minut ilgari – notoʻgʻri boʻlsa va hamma shunga amal qilsa, sening soating besh minut keyin – toʻgʻri boʻlganidan nima foyda?!”
Oldin chiqasiz, keyin kelasiz
Kelib chiqmoq – yuzaga kelmoq, yuzaga chiqmoq, paydo boʻlmoq. Bu iboraning sharhini izohli lugʻatdan topa olmadim. Lekin u tilimizda keng qoʻllanadi:
Ichkilik, bezorilik, buzilish, odobsizlik – hammasi bekorchilikdan kelib chiqadi.
A. Muxtor, “Chinor”.
Beshiktervatar xavf-xatar sezishi bilan oldingi oyoqlarini yuqori koʻtarib, tebranib turadi. Nomi ham shundan kelib chiqqan.
“OʻzME”.
👉 Aslida kelib chiqmoq emas, chiqib kelmoq boʻlishi kerak. Chunki odatda ichkaridan dastlab chiqiladi, soʻng kelinadi. Oldin kelib, keyin chiqilmaydi. Lekin nimagadir doim aksini aytamiz va bu meʼyorga aylangan. Yuqoridagi misollarda kelib chiqmoq oʻrnida chiqib kelmoq iborasini ishlatish xato boʻladi. Faqat jismoniy harakat maʼnosidagina shu shaklda ishlatish mumkin va bunda u ibora sanalmaydi:
Soʻyloq kishi chiqib kelib, yukni qabul qilib olgach, choy-poyga shama qilib oʻtirmay, darhol eshikni yopdi.
A. Obidjon, “Akang qaragʻay Gulmat”.
Men mahallaga bir chiqib kelay-chi, nima yangilik bor ekan.
Ichkaridan oʻttiz besh-qirq yoshlardagi bir kishi chiqib keldi.
Ommalashgan xato gʻalati mashhur boʻlavermaydi
❗️ Lekin bir narsani yodda tutish kerak: yanglish qoʻllangan va ommalashgan har qanday soʻz yoki ibora gʻalati mashhur boʻlavermaydi.
Deylik, bugun qoʻllanadi soʻzini koʻpchilik qoʻllaniladi deb ishlatayotgan, bu xato hatto nufuzli nashrlar, ilmiy adabiyotlar, qonun hujjatlari matnlarida juda oʻp koʻzga tashlanayotgan boʻlsa-da, gʻalati mashhur emas. Xato.
Gʻalati mashhurni farqlashning oddiy usuli bor: soʻz yoki ibora asli xato ekani sezilmaydigan darajaga kelishi, xuddi shu shaklda lugʻatlarga kirishi kerak.
“Daryo” nashrida eʼlon qilingan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.