Uchrashuv
Biz uchrashdik, yoʻq, bizlar emas,
Yolgʻon bilmas koʻzlar uchrashdi.
Chaqmoq chaqib oʻtdi bir nafas,
Kul qoplagan hislar uchrashdi.
Ikkimiz ham tobora yolgʻiz
Odam toʻla bu tor bekatda.
Sen – beparvo, qaraysan tez-tez
Qoʻlingdagi pushti soatga.
Men oʻylayman: yoʻqmi xotirot
Bu qizning tosh yuraklarida?!
Barin koʻmib yuborgan nahot
Dorilfunun yoʻlaklariga?!
Biroq men ham befarqman goʻyo,
Unutganday tutib oʻzimni,
Iztirobim sezmagin deya
Yashiraman sendan koʻzimni.
Soʻng birinchi kelib toʻxtagan
Avtobusga chiqaman shoshib.
Ketay deyman koʻksimga tikan
Sanchayotgan hislardan qochib.
Bir oʻy qiynar: menga bir zamon
Baxtlar bergan bunday uchrashuv
Nahot endi yogʻdirar armon,
Nahot endi ulashar qaygʻu?!
Orif Tolib
2011