Vijdon
Arkadiy Gaydar
Nina Karnauxova algebradan uyga vazifani bajarmadi, shu sababli maktabga bormaslikka qaror qildi.
Oʻqish payti kitob-daftari bilan koʻchada sayoq yurganini tanish-bilishlar koʻrib qolishidan xavotirlandi. Bildirmay oʻrmonchaga yoʻl oldi.
Nonushtali xaltasi va kitoblarini oʻt-oʻlan ustiga qoʻydi-da, chiroyli bir kapalakni quvib ketdi. Kutilmaganda bir bolakayga urildi. U maʼsum va samimiy nigohlarini qizga tikib turardi.
Bolakay ichiga daftar solingan alifbo koʻtarib olgandi. Nina gap nimadaligini fahmlab qolgandek bolani mazax qila boshladi:
– Voy progulchi-yey! – dedi u jiddiy turib. – Shu yoshdan ota-onang, maktabingni aldashni boshladingmi?
– Yoʻq, unaqa emas! – dedi bolakay hayron boʻlib. – Darsga ketayotgandim. Lekin oʻrmonda yoʻlimdan katta bir it chiqib qoldi. U menga qarab hurdi, keyin adashib qoldim.
Nina qoshlarini chimirdi. Lekin shunday yoqimtoy va soddadil bolaga ishonmay boʻlmasdi. Qiz uni qoʻlidan ushlab, oʻrmonchadan olib oʻtib qoʻydi.
Ninaning kitoblari va nonushtasi buta ostida qolib ketdi. Ularni olgani esa bolakaydan uyaldi.
Shu payt it shoxlar orasidan lip etib chiqdi-da, nonushtani paqqos tushirdi, kitoblarga qiyo ham boqmadi.
Nina qaytib kelgach, yerga oʻtirib, yum-yum yigʻladi. Yoʻq! U nonushtasidan ajralgani uchun yosh toʻkkani yoʻq. Shundoqqina boshi ustida quvnoq qushchalar yayrab sayrashar, uning koʻngliga esa qil sigʻmas, vijdon azobidan qiynalardi.
Orif Tolib tarjimasi
“Gʻuncha” jurnalining 2018-yil 1-sonida chop etilgan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.