Xartiya nima?
Olimpiada haqidagi maqolada kelgan xartiya soʻzining maʼnosiga qiziqqanlar koʻp boʻldi.
Xartiya ijtimoiy-siyosiy ahamiyat va mazmunga ega boʻlgan ayrim hujjat va deklaratsiyalarning nomi. Masalan:
Angliya hurriyatparvarlarining ulugʻ xartiyasi.
Oʻrta asrlarda va undan keyingi davrlarda ommaviy-huquqiy va siyosiy tusdagi hujjatni anglagan. Bu soʻzning eski qoʻlyozma, hujjat, qoʻlyozma qogʻozi degan maʼnolari ham bor.
Xalqaro huquqda odatda deklaratsiya soʻzining sinonimi sifatida qoʻllanadi. U majburiy kuchga ega boʻlmaydi, xalqaro aktning umumiy qoidalari va maqsadini ifodalaydi.
Xartiya soʻzi lotincha charta soʻzidan, uning ildizi yunoncha chartiaga borib taqaladi. Chartia esa chartēs soʻzining kichraytirish-erkalash shakli boʻlib, papirus qogʻozi, varaq degan maʼnoni anglatadi. Xarita, karta, qarta va karton soʻzlari ham shu lotincha charta soʻzidan hosil boʻlgan.
Olimpiya xartiyasi olimpiya harakatining asosiy prinsiplari, qoidalarini aks ettiruvchi hujjat. U Olimpiya oʻyinlarini tashkillashtirish va olimpiya harakatini boshqarish uchun qoida va koʻrsatmalar toʻplamidan iborat. Soʻnggi tahriri 2020-yil 17-iyul kuni Xalqaro olimpiya qoʻmitasining 136-sessiyasida qabul qilingan.
Orif Tolib