“Xilqat” nima degani?

Xilqat soʻzini goʻzal, chiroyli; fazilat, yaxshi xislat kabi mazmunda tushunish ham uchrab turadi. Lekin bu – xato. Soʻzning maʼnosini toʻliq bilmay yoki taxminiy maʼnoda qoʻllash kulgili va qoʻpol maʼnolar chiqib qolishiga sabab boʻlishi mumkin.
Xilqat arab tilidan kirgan, asliyatda tabiat; tashqi koʻrinish; tuzilish; shakl maʼnolarni anglatadi. Oʻzbek tilida yaratilgan, bunyodga kelgan narsa yoki kimsani anglatadi. Bu soʻz asosan kitobiy tilda qoʻllanadi:
Bunchalar sirlisan, o qattol olam,
Bunchalar bedilsan, bepoyon xilqat.
A. Oripov.
Bemor menga uzoq tikilib turdi. Xuddi meni birinchi koʻrayotganday, ajib xilqatga tikilayotganday tomosha qildi.
A. Nurmurodov, “Urush bevalari”.
Etimologik lugʻatda yozilishicha, bu arabcha soʻz xilqat(un) shakliga ega, xaluqa feʼlidan yasalgan va asliyatda koʻrinish, shakl-shamoyil maʼnosini anglatadi.
Orif Tolib

Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, ilmiy-ommabop, adabiy-tahliliy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.