“Yanada”: istisnoli holat
-da yuklamasi oʻzidan oldingi soʻzdan chiziqcha bilan ajratiladi:
U kitobni qoʻliga oldi-da, oʻqishga tushdi. Vaʼda bersa-da, bajarmadi.
Bundan-da koʻproq oʻqi. Oydan-da goʻzal.
Baxt bilan baxtsizlik yetaklashib yurarkan-da doim.
Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol.
Lekin yana soʻziga qoʻshilganda shu qoida ishlamaydi. Nega?
- Chunki yanada yaxlit soʻzga aylanib ketgan, bu yerda -da yuklama sifatida alohida qism emas.
- Lugʻatlarida soʻz ayni shu koʻrinishda yozilgan.
Izohli lugʻat yanada soʻzini shunday sharhlagan: belgining oldingi holatiga nisbatan kuchli, ortiq ekanini, shunday boʻlishini bildiradi; yana ham.
Abdusattor ustoziga yetib olishi uchun texnikani yanada puxta egallab olishi lozim edi.
“Oʻzbekiston qoʻriqlari”.
Hovlining ichkarisi yanada befayz edi.
N. Aminov, Suvarak.
📌 Demak:
Yanada ✅
Yana-da ❌
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.