Xizmatdosh doʻstlarimga
Bir xil yur, deb uqtirar serjant,
Bir xil tur, deb uqtirar serjant.
Uxlar boʻlsang, tushlaringni ham
Bir xil koʻr, deb uqtirar serjant.
Bir xil tushmas ammo negadir,
Poyma-poydir qadamlarimiz.
Kimdir safdan qolib ketadi,
Oʻzib ketar ildamlarimiz.
Bir haftami, oʻn kunmi oʻtgach,
Izga tusha boshlar hammasi.
Tarbiyalar bizlarni chanqash
Va toshyoʻlning oʻtdek nafasi.
Hayotda-chi, ammo hayotda
Teng tushmaydi aslo odimlar.
Kimlar qolib ketadi ortda,
Ilgarilab ketadi kimlar.
Buni oʻnglab boʻlmaydi hargiz,
Har kim qoʻldan kelgancha yashar.
Lekin, doʻstlar, shu yurt uchun biz
Bir umrga askarmiz, askar.
Mayli, turfa kechsin kunimiz,
Har xil boʻlsin bizda quvonch, dard.
Ammo shu el, shu Vatanni biz
Birday halol sevmogʻimiz shart!
Orif Tolib
2013
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.