Xolos: vergul kerakmi yoki yoʻq?

Xolos: vergul kerakmi yoki yoʻq?

Bu soʻzdan oldin yoki keyin vergul ishlatish juda urf boʻlgan. Lekin doʻppini bir chetga qoʻyib, bundoq oʻylab koʻrilsa, bu soʻz vergul talab qilmasligi ayon boʻladi. Xolos – yuklama. Ayiruv yuklamasi. Faqat, yolgʻiz, -gina kabi ayiruv-chegaralov yuklamalariga sinonim. Maʼnodoshlari bilan vergul ishlatmagan kabi bu soʻz-yuklama bilan ham vergul qoʻllamaslik kerak.

Xolos soʻzi bori-yoʻgʻi, faqat, faqatgina maʼnolarini anglatadi:

 

Shoirlar aldaydi bizni, jonginam,

Bahor doim emas, uch oydir xolos.

A. Oripov.

 

Ikromjon oʻz ishlari qolib, Esh polvondan gapirardi xolos.

S. Ahmad, “Ufq”.

 

Yuqoridagi ikki jumladagi xolos oʻrnida sinonimlarini ishlatib koʻraylik:

 

Bahor doim emas, uch oyginadir. Bahor doim emas, faqat uch oydir.

 

Ikromjon oʻz ishlari qolib, Esh polvondangina gapirardi. Ikromjon oʻz ishlari qolib, faqat Esh polvondan gapirardi.

 

Yuqoridagi jumlalarda vergul kerak emasligi aniq-tiniq koʻrinib turibdi.

 

Xolos soʻzi ana xolos iborasi tarkibida ham uchraydi. Bu ibora taajjubni, hayratlanishni ifodalaydi.
Bu holatda ham vergul mutlaqo ortiqcha:

 

Ana xolos! Chin oshiqning gapi emas bu.

K. Yashin, “Hamza”.

 

📌  Demak:

Eslatib qoʻydim xolos. ✅

Eslatib qoʻydim, xolos. ❌

 

Ana xolos! Buyogʻi necha puldan tushdi endi? ✅

Ana, xolos! Buyogʻi necha puldan tushdi endi? ❌

 

🔄  Mavzuga aloqador:

👉 Ammo, lekin, biroq va vergul

👉 Boshlab: vergul kerakmi yoki yoʻq?

👉 Odatda: vergul kerakmi yoki yoʻq?

👉 Esa: vergul kerakmi yoki yoʻq?

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube