Togʻ va qir: farqi nimada?
Togʻ va qir soʻzlari nima maʼnoni anglatishini, bu ikkisining farqini deyarli bilamiz. Qir past, togʻ baland boʻladi. Lekin aynan necha metr balandlikkacha qir, necha metrdan soʻng togʻ sanaladi?
Milliy ensiklopediyaga koʻra, qir atrofidagi yerlardan biroz koʻtarilib turgan, yassi yoki salgina gumbazsimon balandlik, tepalik, platolardir. Uning mutlaq balandligi 200 metrdan 500 metrgacha deb qabul qilingan. Baʼzan bundan ham baland boʻlgan usti yassi past togʻlar ham qir deyilishi mumkin.
Togʻlar esa yer yuzasining tevarak-atrofdagi tekisliklardan yakka yoki qator koʻtarilib turgan baland joylaridir.
300 metrdan baland qir va adirliklar togʻ sanalishi mumkin.
Togʻlarning balandligi boʻyicha umum qabul qilingan aniq oʻlchov yoʻq. Masalan, Buyuk Britaniyada 610 metrdan baland tabiiy balandliklar togʻ deb hisoblanadi. AQSHning Oklahoma shtatidagi Skot togʻi esa 251 metr balandlikka ega xolos.
Hisob-kitoblarga koʻra, Yevrosiyo materigining 33 foizi, Janubiy Amerikaning 19 foizi, Shimoliy Amerikaning 24 foizi, Afrikaning 14 foizi togʻ bilan qoplangan. Yer yuzasining 24 foizini togʻlar egallagan.
Vikipediyaga koʻra, togʻlar nisbiy va mutlaq balandligiga koʻra uch turga boʻlinadi:
Baland togʻlar – nisbiy balandligi 2 kilometrdan, mutlaq balandligi 3 kilometrdan yuqori.
Oʻrtacha togʻlar – nisbiy balandligi 0,8-2 kilometr, mutlaq balandligi 1-3 kilometr.
Past togʻlar – nisbiy balandligi 500–800 metr, mutlaq balandligi 1000 metrgacha.
Nisbiy balandlik – yer yuzasidagi bir nuqtaning boshqa bir nuqtaga nisbatan vertikal balandligi.
Mutlaq balandlik esa yer yuzasidagi nuqtaning dengiz sathiga nisbatan balandligidir.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.