Yaroslav Hashek. Gemerda romantika qolmadi
Mojor ocherki
Dobshinada bozor boʻlgan kunlari Karxanixa kampir cherkov yonida roʻmolcha sotib oʻtiradi. Yaqin-atrofda Yurash yurganini koʻrib qolsa, oʻsha zahoti moviy hoshiyali qizil roʻmolchalarini qutisiga berkitadi.
Nega deysizmi? Sababi bor. Besh yil oldin Yurash Marusha Puxalovaga xuddi shunday roʻmolcha sotib olgandi. Garchi toʻrt yildan koʻproq qizning koʻnglini ovlab yurgan boʻlsa-da, uylanmadi.
Shundan buyon Yurashning bu xil roʻmolchalarni koʻrgani koʻzi yoʻq. Doim janjal koʻtaradi:
– Nega bunday roʻmolchalarni sotyapsan, kampir?
Besh yil oldin ham Dobshinada bozor boʻldi. Yurash bu yerga Marusha bilan birga keldi, unga roʻmolcha olib berib, shahar qovoqxonasida mehmon qildi, qaytishda esa (Gnilsagacha toʻrt soatlik yoʻl bor-da) muhabbat izhor etdi.
Ushbu ajoyib kun oqshomga yaqin ikki jandarm Yurashni Spishka Nova Vesga – sudga olib ketdi. Sababi – oʻrmonda ruxsatsiz ov qilgan va hukumat odamlariga ochiqchasiga qarshilik koʻrsatgan.
Bechora Yurash! U Marushani uyiga kuzatib qoʻygan va xursandchilikdan Radiknikida ancha-muncha otgan edi. Shu yerda graf Andrashi oʻrmonga ovga chiqqani haqida eshitib qoldi.
– Mening grafdan nima kamim bor? – dedi u sevgi va ichkilikdan boshi aylanarkan. Qiyshiq oʻrindiqdan shart turdi-da, uyiga joʻnadi. Marhum otasining qoʻshogʻizini olib, oʻrmonga ravona boʻldi.
Vodiydagi daryo yoqalab ketarkan, oʻrmonchi Pexuraga duch keldi.
– Yoʻldan qoch, Pexura, – deb maslahat berdi u dastlab muloyimlik bilan.
Qurolini oʻqlamay ketayotgan oʻrmonchi Pexura kurtkasining choʻntagidagi uzun pichoqqa qoʻl choʻzdi.
– Oʻzi eplolmadi, keyin jandarmlarni joʻnatdi, – deb hikoya qildi Yurash keyinchalik. – Pexuradan pichoqni olib qoʻydim, ichagini boshiga savat qilishimni aytgan edim, tiz choʻkib qoldi. Yerdan chiqdimi, osmondan tushdimi – jandarmlar paydo boʻldi… Shundan keyin…
Bir soʻz bilan aytganda, sud Yurashni olti oy qamoqqa hukm qildi.
Jazoning toʻrtinchi oyida Yurashning boʻlmasiga Oraves ismli bir yigitcha keldi. U Prednaya Gutadagi qishloq oqsoqoliga: “Daryoga irgʻitaman!” deb tahdid qilgani uchun bir haftaga qamalgan edi.
– Gnilsada juda gʻaroyib ishlar boʻlyapti-da, – dedi Oraves birinchi kuni. Soʻng katga chiqib, uyquga ketdi.
Keyingi kuni Yurashga oʻgirilib:
– Marusha ham… – dedi.
Nihoyat uchinchi kuni gapini tugalladi:
– Marusha erga tegyapti.
Yurash doʻpposlashidan qoʻrqib, Oraves bu gapni nazoratchi ovqat olib kelgan paytda aytdi.
Lekin baribir intizomiy jazo tariqasida Yurashni toʻrtinchi boʻlmaga olib oʻtishdi, bir necha kun qora karserda oʻtirib chiqdi. Chunki intizom nizomida yozib qoʻyilgan:
“a) agar mahbus boshqa bir mahbusga zoʻravonlik qiladigan boʻlsa, u…”
Marushaga kelsak, haqiqatan ham, erga tegish tadorigida edi. Yurashni jandarmlar olib ketganini eshitib, qiz oʻsha kunning oʻzidayoq qalligʻi muhabbat izhor qilgan tongni va u olib bergan moviy hoshiyali qizil roʻmolchani unutdi. Otasiga esa:
– Yurash – gʻirt bezori. Unga tekkan qizning shoʻrvasiga shoʻr toʻkiladi, – dedi.
Keyingi yakshanba Marusha Vaskoga fotiha qilindi.
Vaskoning katta tegirmoni bor edi. Moviy kurtkasiga esa ogʻir kumush tugmalar qadalgandi. Yurash boʻlsa katalakdekkina uyda yashar, konga pistakoʻmir tashib tirikchilik qilar, moviy kurtka oʻrniga toʻqa taqilgan koʻylak kiyardi. Ustiga ustak, yaramas va bezori edi.
Ikki haftadan soʻng Vasko Puxalalarnikiga Marushaning qoʻlini soʻrab keldi. Puxalalar oilasining ulugʻi toʻyga rozilik berdi. Biroq ertasi kuni Vasko beli ogʻriyotganini aytib, uzr-maʼzur qildi. Yurashning doʻstlari tegirmonda poylab turgan ekan, tutib, adabini berishibdi.
Buni eshitgan dolinkalik oʻrmon mudiri bir gal Dobshina notariusiga:
– Xalqimiz juda romantik-da, – dedi zavq bilan.
Yurash qamoqdan chiqqach, romantika ustiga romantika qoʻshildi.
Yurash Vaskoning tegirmoni atrofida izgʻib yurganini hamma koʻrdi.
– Eng qiziq voqealar hali oldinda, – dedi oʻrmon mudiri Dobshina choyxonasida shahar notariusiga.
Haqiqatan ham, oʻta gʻaroyib voqealar sodir boʻldi.
Yurash tegirmon yonidagi oʻrmon ichida yotib, Vaskoni diqqat bilan poylay boshladi.
– Boʻldi, chiq endi, hov, erkak! – deb baqirdi Yurash tegirmonchiga. – Sen bilan gaplashib olishim kerak!
Derazada Vaskoning ezgin qiyofasi namoyon boʻldi.
– Ey, chiqasanmi-yoʻqmi? – deb yana baqirdi Yurash.
Vasko ehtiyotkorlik bilan derazani ochdi:
– Yurash, ogʻayni, achchigʻing chiqmasin…
– Eshikni och! – deb baqirdi Yurash. – Sen bilan bir masalani hal qilishimiz kerak.
– Yurashjon, – dedi Vasko, – ocholmayman, meni urasan.
Yurash derazaga yaqin keldi-da:
– Oxirgi MARTA soʻrayman, ichkariga kiritasanmi-yoʻqmi? – dedi butun oʻrmonni boshiga koʻtarib.
Vasko oyogʻini zoʻrgʻa sudrab kelib, darvozani ochdi va Yurashni ichkariga kiritdi.
– Yaxshi, – dedi Yurash va xonaga yoʻl oldi. Ketidan Vasko ergashdi.
Ikkalalariyam oʻtirishdi.
– Yurashjon, achchigʻing chiqmasin, doʻst. Balki icharsan? – titroq ovozda soʻradi Vasko.
– Ichaman, nega ichmasligim kerak, – deb rozi boʻldi Yurash. – Men sen bilan nima haqida gaplashmoqchiligimni bilasanmi?
– Achchigʻing chiqmasin, oshna, – dedi Vasko. – Bunaqa boʻlganidan oʻzim ham xursand emasman. Qiz degani daraxt yaprogʻiga oʻxshaydi. Bugun bu yerda, ertaga u yerda.
– Vasko, vino olib kel, – deb maslahat berdi Yurash. – Keyin odamlarni deraza yonidan haydab yubor.
Shu payt qishloqning salkam yarmi uchrashuv nima bilan yakunlanishini kutib turardi.
Koʻp oʻtmay Vasko vino koʻtarib keldi, quydi, ikkalalari ham ichishdi.
– Yaxshi vino, – dedi u. – Yagrada sotib olganman. Nordon ham emas, shirin ham emas.
– Jim boʻl! – dedi Yurash. – Sening yoningga nimaga kelganimni bilasanmi?
– Qadrdonim, oshnajonim, – deb gap boshladi Vasko, – qoʻy endi shu gaplarni. Biz hamisha doʻst edik… Tushun, u menga yoqdi, men ham unga…
– Men bu haqda soʻrayotganim yoʻq! – baqirdi Yurash. – Yaqinroq oʻtir, vinodan quy! Buncha eshikka qapishyapsan?
Yurash qadahni boʻshatdi-da, Vaskoga ohista dedi:
– Marushaga olib bergan roʻmolcham menga ikki guldenga tushgan edi. Vasko, menga shu pulni toʻla, keyin – oramiz ochiq…
– Koʻrdingmi, ogʻayni, – dedi birozdan soʻng Yurash pulni oʻngigan belbogʻiga joylar ekan, – biz hamisha doʻst edik, bundan keyin ham doʻst boʻlib qolamiz…
– Gemerda romantika qolmadi, – deb gap boshladi ertasi kuni dolinkalik oʻrmon mudiri Dobshina choyxonasida va voqeani bir boshidan soʻzlay ketdi.
Orif Tolib tarjimasi
Eskartma
Gemer – Shimoli-sharqiy Slovakiya (hozirgi Yuqori Vengriya) dagi okrug nomi.
“Yoshlik” jurnalining 2017-yil 1-sonida chop etilgan.