Yaxshi odamlar mahallasi
Adhamjon ishdan qaytayotgandi. Koʻp qavatli uylari eshigiga yopishtirilgan eʼlon diqqatini tortdi:
“Azizlar, kunduz 10:20 larda shu yerda yuz ming soʻm pulim tushib qolibdi. Bilasiz, yakka-yolgʻizman, faqat nafaqa bilan kun koʻraman. Kim topsa, toʻrtinchi qavat, yigirma toʻrtinchi uydagi Mehri xolaga uchrashsin”.
Axir, bu ularning tepasidagi uyda turadigan ayol-ku. Adhamjonning xotini ora-sira kampirning holidan xabar olib turadi, ovqat, non-choy deganday. Birgina ular emas, boshqa qoʻni-qoʻshnilar ham ayolga yolgʻizligini bildirishmaydi.
“Koʻchada yotgan bir dasta pulni birorta oʻtkinchi olib ketgan boʻlishi ham mumkin. Kel, shu kampirga mendan hadya boʻlsin. Pulingizni topib oldim deb oʻsha yuz ming soʻmni ehson qila qolay”, deb oʻyladi Adhamjon. Toʻrtinchi qavatga koʻtarilib, eshik qoʻngʻirogʻini bosdi.
Biroz oʻtib, ichkaridan oltmish-oltmish besh yoshlardagi istarali kampir chiqib keldi. Yigitning qoʻlidagi pulga koʻzi tushib, koʻzlariga yosh oldi. Soʻng qoʻlini ochib uzoq duo qildi. Adhamjonning kasb-koriga baraka tiladi, tutgani oltin boʻlishini, Alloh unga gʻoyibidan yetkazishini soʻradi. Ammo pulni olmadi. Urinishlar besamar ketdi. Ayol qatʼiy rad etdi. Soʻng oʻsha eʼlonni olib tashlash uchun pastga tushib ketdi.
Maʼlum boʻlishicha, Adhamjon pulni “topib olgan”larning yettinchisi ekan.
Orif Tolib
“Irfon” taqvimi (2015-yil 1-chorak)da chop etilgan.