Yogurt
Tilimizda oldin tez-tez qoʻllangan, keyin boshqa tillarga oʻtib, yana qaytib kelgan jahongashta soʻzlar bor. Shulardan biri – yogurt.
Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻatit turk” asarida bu soʻz yoʻgʻrut shaklida, qatiq maʼnosida keladi. Asarda qatiq soʻzi ham xuddi shu maʼnoda ishlatilgan oʻrinlar bor. Demak, qadimda bu ikki soʻz maʼnodosh sifatida qoʻllangan.
Soʻzning yogurt koʻrinishi bizga rus tilidan oʻtgan. Rus tiliga esa Yevropa tillaridan kirgan. Bu soʻz inglizchada yogurt, fransuzchada yaourt shaklida uchraydi. Bu tillarga esa turk tilidan oʻtgan.
Yogurtning kelib chiqishi haqida turli qarashlar bor. Lekin bu ichimlik oʻta uzoq oʻtmishga egaligi aniq. Taxminlarga koʻra, u 8000-yillik tarixga ega.
Yevropada qatiq fransuz qiroli Lyudovik XI (1423–1483) tufayli ommalashgan.
Qorin ogʻrigʻiga chalingan qirol dardiga shifo topa olmaydi va nihoyat konstantinopollik tabib uni bolqon yogurti bilan davolaydi. Keyinchalik hukmdorning oʻlimdan qutulishiga sabab boʻlgan bu ichimlik haqida ovoza tarqaladi.
Yogurt Yevropada XX asr oʻrtalarida shuhrat qozondi. Sobiq Ittifoqda 1920-yillarda ishlab chiqarilgan boʻlsa-da, 1990-yillarga kelibgina bozorda oʻz oʻrniga ega boʻla oldi. Hozir u dunyo bozorida eng xaridorgir sut mahsulotlaridan biridir.
Hozir yogurt jem, meva konservasi, shokolod, kakao va boshqa qoʻshimchalar aralashtirilgan, qaymoqli kremga oʻxshash sut-qatiq mahsulotini anglatadi. Oddiy ivitilgan qatiq, kefir va shu kabi qatiqsimonlarga 🙃 ham yogurt soʻzini ishlatsa boʻladi.
Bugungi oʻzbek tilidagi yoʻgʻirmoq, yoʻgʻrilmoq soʻzlari yogurt bilan tarixan oʻzakdosh. Yoʻgʻirmoq aralashtirmoq, qoʻshmoq degani. Sut va oqliq aralashishi, qoʻshilishi natijasida yogurt hosil boʻladi.
Soʻzning yoʻgʻurt shakli ham lugʻatga kirgan va bu koʻrinishda ishlatish xato emas.
📌 Demak:
Yogurt, yoʻgʻurt ✅
Orif Tolib