Yuriy Dud: zoʻr intervyu olish sirlari
Yuriy Dud – yutubdagi mashhur “vDud” kanali asoschisi. Kanalda asosan mashhur shaxslar bilan intervyular berib boriladi. 2021-yil yanvar holatiga ushbu sahifa 8,55 milliondan ortiq obunachiga ega, undagi videolar 1,2 milliard MARTAdan ortiqroq koʻrilgan.
Yuriy Dud oʻzbek tilli internet foydalanuvchilari orasida ham tanilib ulgurgan. Uning bir nechta hujjatli filmlari oʻzbekchaga oʻgirilgan.
“Yandeks. Dzen”dagi “Muharrir nimani oʻqishi kerak?” kanali Yuriy Dudning “Taym kod 2016” yosh jurnalistlar festivalida qilgan maʼruzasidan eng muhim qismlarni matn koʻrinishida taqdim etgan ekan. “Daraxtni qanday gapirtirish mumkin?” deb nomlangan bu maʼruzada intervyu olish sirlari, unda nimalarga eʼtibor berish kerak, nimalar mumkinu nimalar mumkin emasligi haqida qiziqarli, asosli fikrlar aytilgan. Boʻlajak va faoliyatdagi jurnalistu blogerlar, shu sohaga qiziqqanlarga foydasi tegar degan niyatda maʼruza matnini oʻzbekchaga oʻgirdim.
Maʼruza hali “vDud” kanali ishga tushmagan va Yuriy Dud intervyu ustasi sifatida shuhrat qozonmagan paytlarda oʻqilgan. Balki, unda aytilgan tartib-qoidalarga amal qilgani uchun ham Yuriy intervyu borasida katta yutuqlarga erishgandir.
Qiziqarli odamni toping
Jurnalist intervyuga koʻpincha faqat mashhurlar orasidan qahramon izlaydi. Bu – xato yondashuv. Taniqli odamlar odatda hammaga maʼlum boʻladi: koʻp intervyu beradi, oʻzi haqida gapiradi, voqea-hodisalarga munosabat bildiradi. Biz endi bu odam u yoki bu masalada qanday fikrda ekanini bilib boʻlamiz, uning kechmishini ham bir necha bor eshitib ulgurganmiz. Bu holat “jiri qolmagan yer” holatini yuzaga keltiradi – u boshqa yangi gap aytolmaydi, undan ortiq biror narsa olib boʻlmaydi.
Bunday kishilar bilan qilingan intervyu siyqasi chiqqan maʼlumotga aylanadi. Mashhur odam bilan qiziqarli suhbat uyushtirishning yagona yoʻli – bungacha unga hech kim bermagan savollarni berishdir.
Intervyu uchun aytadigan gapi bor, u haqidagi maʼlumot boshqalarga qiziq boʻlgan odamni izlang.
Tayyorgarlik koʻring
Suhbatdan oldin suhbatdoshni ipidan ignasigacha oʻrganing: oldingi intervyularini oʻqing, u bilan tez-tez muloqotda boʻladigan va u haqida siz bilmaydigan narsani biladigan odamlar bilan gaplashing. OAV va tarmoqlarga nazar tashlang, bu odamga aloqador hamma narsani koʻzdan kechiring. Masalan, Kerjakov kalit soʻzi boʻyicha maʼlumot qidiring va uning soʻnggi yillardagi faoliyati bilan toʻliq tanishing.
Intervyuni oʻqigandan keyin oʻquvchining kallasida nimadir foydali narsa qolishi kerak.
Savollar ketma-ketligini rejalashtiring
Agar savollarni yanglish tartiblamasangiz, suhbatdosh “yopilib” olishi va undan hech narsa undirolmasligingiz mumkin. Shuning uchun dastab yoqimliroq biror narsa haqida soʻrang, mayli, umumiy mavzuda boʻlsa ham. Bunday savollardan maqsad – odamni gapirtirish, u oʻzini qoʻyib yuborishi va qahramonligini his etishi kerak. Shundan keyingina ogʻir savollarga oʻting…
“Qopqon” savollar tuzish texnikasi bor: yoqimsiz tuzoq savollar butun intervyuga sochib chiqiladi. Masalan, Moskva hokimligiga saylovlar arafasi Navalniy poytaxtning “Spartak” jamoasi muxlisi ekanini aytgandi. Maqsad – futbol klubi muxlislarini oʻz tomoniga ogʻdirish. Keyinroq korrupsiyaga bagʻishlangan intervyuda jurnalist unga birdan: “Makgidining qaroriga qanday munosabat bildirasiz?” deb savol berib qoldi. Makgidi – “Spartak” oʻyinchisi, u jamoadan ketishga qaror qilgan va bu muxlislarni bezovta etayotgandi. Navalniy gap nima haqidaligini anglamadi va uning jamoaga umuman muxlis emasligi oydinlashdi.
Qoʻrqmang
Hech qachon “Biz kim-u, bu zotlar kim?!” demang. Hatto suhbatdoshingiz sizdan yuz karra mashhur va ancha koʻp pul topsa ham. Bu u bilan alohida bir tarzda gaplashishingiz kerakligini anglatmaydi. Muloyim boʻling, yoshini hurmatlang, surbetlashmang, lekin qoʻrqmang ham.
Yodingizda tuting: Rossiya yoʻllarida sayru sayohat qilish eng mashhur odam bilan suhbatlashishdan koʻra xavfliroq.
Kamroq koʻrining
Intervyu qahramoni va intervyuchi – suhbatning teng ahamiyatli ishtirokchilari emas. Intervyu olayotgan odam yaxshi ofitsiantdek boʻlishi kerak: borligi sezilmaydi, har gapga suqiladigan xira pashsha emas, lekin xizmati zoʻr.
Savollaringiz qisqa boʻlsin. Siz bu borada qanday fikrda ekaningiz, tajribalaringiz haqida gapirmang. Mabodo bularni aytmoqchi boʻlsangiz, mualliflik qaydlari sifatida qogʻozga tushiring yoki blog yuriting.
Intervyu siz haqingizda emas, suhbatdoshingiz haqida.
Yutqazishdan qoʻrqmang
Koʻpchilikning oʻyicha, intervyuchi suhbatdoshni burchakka qisib qoʻysa, uni magʻlub etsa, zoʻr intervyu chiqadi. Lekin har doim ham bunday emas. Jurnalistning vazifasi – intervyuda gʻalaba qozonish emas, intervyuni qiziqarli qilish. Agar byudjet pullarini oʻgʻirlaydigan mechkay amaldor bilan suhbat qiladigan boʻlsangiz, niyat uni noqulay ahvolga solish, qilmishlarini oshkor qilish boʻladi. Ammo boshqalar bilan interyu uyushtirganda muddao oʻzgaradi.
Aniqlikni saqlang
Bu eng birinchi navbatda matnli intervyuga tegishli. Suhbatdoshning soʻzlarini oʻz tilingizga agʻdarmang. Albatta, matnni keraksiz, oʻrinsiz soʻzlar chiqindisidan tozalaysiz. Chala-yarim javoblardan ham kiprik qoqmay voz keching. Ammo suhbatdoshga xos ifoda yoʻsiniga, jargonlarga zaxa yetkazmang.
Zoʻr intervyu – odam oʻqiganda xuddi eshitgandek boʻladigan intervyudir.
Tasdiqlating va tekshiring
Suhbat tayyor boʻlgach, uni intervyu qahramoniga koʻrsatib olish kerak. Bu bosqichda muammolar yuzaga kelishi mumkin. Baʼzilar suhbatdan oʻziga noqulay boʻlgan oʻrinlarni olib tashlashni soʻraydi. Koʻpincha ayni oʻsha qism suhbatning eng qiziq joyi boʻladi. Bunday holatlarda olib tashlanayotgan boʻlak oʻrniga qiziqarliligi bundan kam boʻlmagan qoʻshimcha qoʻshishga kelishish mumkin.
Koʻrsatib olish bosqichi faqat salbiy jihatlarga ega emas. Yaxshi tomoni – faktlarni tekshirib olish. Intervyu davomida suhbatdosh chalkashishi,
adashishi va biror noaniq gapni aytishi mumkin. Intervyuni koʻzdan kechirayotgan paytda ana shu xatolarni toʻgʻrilab beradi.
Rus tilidan
Orif Tolib
tarjimasi