“Putur ketmoq”: putur nima?
Putur soʻzi futurning soʻzlashuv tilidagi shaklidir. Futur arabchadan kirgan, asliyatda boʻshashish, ojizlanish; holsizlik maʼnolarini bildiradi. Oʻzbek tilida esa ziyon, shikast maʼnolarida ishlatiladi.
Putur yetmoq (futur yetmoq) – zarar yetmoq.
Putur ketmoq (futur ketmoq) – kuchsizlashib qolmoq, avvalgi mavqeini yoʻqotmoq.
Fayz-futur ketmoq iborasi ham futur ketmoqqa maʼnodosh.
U bir oz toʻlishibdi. Lekin bundan husniga zarracha putur yetmabdi.
“Yoshlik”.
– U zamonlarda hunardan futur ketgan edi, – dedi Yoʻldoshev. “Sharq yulduzi”.
Soʻngra sotib yeyishdan boshqani bilmagan boyvachchaning shu vaqtlarda ancha futuri ketgan edi.
Oybek, Tanlangan asarlar.
Navoiy ketdi – Hirotdan fayz-futur ketdi.
Oybek, Navoiy.
📖 Izohli lugʻat asosida tayyorlandi.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.