
- Eng koʻp tilga tarjima qilingan adabiy asarlar mashhur detektiv yozuvchi Agata Kristiga tegishli. Adiba kitoblari yuzdan ortiq dunyo tillariga tarjima qilingan va toʻrt milliarddan ortiq nusxada chop etilgan.
- Zamonaviy adiblar ichida eng sermahsuli braziliyalik yozuvchi Joze Karlos Inuedir. U 1046 ta ilmiy-fantastik, sarguzasht romanlar muallifidir. Qizigʻi, u shuncha asarni oʻn yil ichida 1986–1996 yillar oraligʻida qogʻozga tushirgan.
- Eng uzun roman fransuz yozuvchisi Jyul Romen (asl ismi Lui Anri Farigul)ga tegishli. Uning “Ixtiyori oʻzida odamlar” romani 1932–1946 yillar oraligʻida 27 jildda nashr etilgan.
- Eng keksa mualliflar – amerikalik Sara va Elizabet Delenilardir. Ular 1994 yili “Opa-singil Delenilarning kundalik hikmatlari” nomli kitob eʼlon qiladi. Bu paytda opa 105, singil 103 yoshda edi. 1997 yili esa Sara Deleni kitobning davomini yozib, “Oʻzimning 107 yoshimda” nomi bilan chop ettiradi.
- Eng katta ensiklopediya “Yevro-amerika universal bezakli ensiklopediyasi”dir. 105 ming sahifadan iborat bu kitob 104 jildga jo boʻlgan.
- Hozircha eng mitti kitob Yaponiyada bosilgan “Har mavsumga gullar” kitobi boʻlib turibdi. 0,75 millimetrli bu sanʼat asarini oddiy koʻz bilan tugul, koʻzoynak taqib ham koʻra olmaysiz.
- Eng koʻp sotilgan kitob – “Ginnesning rekordlar kitobi”dir. U AQSH kutubxonalaridan oʻgʻirlanishi boʻyicha ham rekord qayd etgan. Bu toʻplam ilk bor 1955 yili chop etilgan.
- Eng qadimgi kitob doʻkoni Portugaliyadagi “Livraria Bertrane”dir. U 1732 yildan beri faoliyat yuritib ketadi.
Orifjon MADVALIYEV tayyorladi.
“Yoshlik” jurnalining 2019 yil 8-sonida chop etilgan.