Daraxt va buta

0
2036
marta koʻrilgan.

Daraxt fors tilidan olingan, asliyatda ham oʻzbekchadagi kabi maʼnoda ishlatiladi. Tana qoʻyib, shox va novdalar chiqarib, tomir otib oʻsadigan koʻp yillik oʻsimlik daraxtdir:

 

Mevali daraxt. Mevasiz daraxt. Olma da­raxti.

 

Daraxt shoxlarida iliq tomchi­lardan seskanib uygʻongan goʻdak kurtaklar tabassum qiladi.

Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol.

 

Buta soʻzi ham fors tilidan olingan. Asliyatda buta, butazor; naqsh, rasm maʼnolarini beradi. Oʻzbek tilida ham shunga yaqin maʼnolarda qoʻllanadi:

 

1️⃣ Tagidan shoxlab oʻsadigan mayda pastak daraxt.

 

Toʻngak orqasidan quloq­lari dikkaygan quyon paydo boʻldi-da, kop­tokdek sakrab, butalar orasiga yashirindi.

Oybek, Quyosh qoraymas.

 

2️⃣ Koʻchma maʼnoda: oʻzbek xalq amaliy sanʼatida koʻpincha bir tutam oʻsimlik gulini ifoda etuvchi naqsh.

 

Daraxt soʻzining sof oʻzbekcha, turkiycha muqobili – ogʻoch. Lekin bu soʻz asosan kitobiy tilda ishlatiladi. Ogʻoch oʻzgarib, bugungi tilda yogʻoch soʻziga aylangan. Yogʻoch daraxtning kesilgan tanasini anglatadi.

Terak – daraxt, anor esa – buta. Daraxt va butaning farqini tabiiy fan mutaxassislari soddaroq tarzda bunday tushuntiradi:

 

Daraxt – bitta yoʻgʻon yogʻoch poyali oʻsimlik.

Buta – bir nechta yogʻoch poyali oʻsimlik.

Oʻt – yashil poyali oʻsimlik.

 

Turli ekinlarda, masalan, makkajoʻxorida ham poya bor. Lekin oʻt-oʻsimliklarning daraxt va butalardan tuzilishi boʻyicha aniq ajralib turuvchi farqi bor – poyasi yogʻoch boʻlmaydi.

 

Orif Tolib

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.