“Adabiyot” atamasi tarixi

“Adabiyot” atamasi tarixi

Izohli lugʻatga koʻra, “adabiyot” soʻzi oʻzbek tilida uch xil maʼnoda ishlatiladi:

1 Bir xalqning, davrning badiiy, ilmiy, falsafiy va boshqa asarlari majmui.

XX asr oʻzbek badiiy adabiyoti. Jahon adabiyoti.

2 Sanʼatning soʻz, til vositasida badiiy obrazlar yaratuvchi turi; badiiy adabiyot.

Adabiyot nazariyasiAdabiyot hamisha haqiqat va adolat bayrogʻini baland tutib yashamogʻi lozim.

Gazetadan.

3 Muayyan bir fan yoki sohaga, masalaga oid asarlar, kitoblar.

Siyosiy adabiyot. Texnika adabiyoti. Mavzu yuzasidan tavsiya etilgan adabiyot roʻyxati.

Bu soʻzning yuqorida koʻrsatilgan 2-maʼnosi tor, maxsus maʼnosidir. U badiiy adabiyotni anglatadi va jonli tilda koʻpincha shu maʼnoda qoʻllanadi.

Xoʻsh, bu soʻz ayni shu mazmunni qachondan beri faol ifodalay boshlagan? Taniqli olim va adib Izzat Sulton
“Adabiyot nazariyasi” kitobida yozishicha, Oʻrta Osiyo va Sharq xalqlari ilm-fanida “adabiyot” soʻzi ⅩⅩ boshlarigacha badiiy adabiyot haqidagi taʼlimot maʼnosida ishlatilgan, badiiy soʻz asarlari yigʻindisi “adabiyot” deb atalmagan.

“Muhammad Gʻiyosiddin binni Jaloliddin Rompuriy 1827-yilda Hindistondp yozib tamomlangan va keyin Oʻrta Osiyoda ham keng shuhrat qozongan “Gʻiyosul lugʻat” kitobida “adabiyot deb badiiy soʻz mahorati haqidagi taʼlimotni tushunadi va unga sheʼr yozish qoidalaridan boshlab arab tilining sarfi (morfologiyasi) hamda nahvi (sintaksisi) gacha boʻlgan koʻp ilmlarni kirgizadi”, deb yozadi olim.

Xoʻsh, adabiyot soʻziga bugungi tushunchani kim yukladi? U badiiy adabiyot maʼnosida keng isteʼmolga kirishiga kim sababchi?

Bu atama tarixi jadidlar faoliyati bilan bogʻliq. Ular oʻsha davr ilgʻor ilm-fanini oʻzbek jamiyatiga olib kirishga harakat qildilar. Mana shu saʼy-harakatlar sabab juda koʻp zamonaviy fanlar bilan shugʻullanish boshlandi, koʻpdan-koʻp atamalar oʻzbekchalashdi, tilimizda yoʻq tushunchalarga yangi nomlar qoʻyildi. “Adabiyot” atamasi ham ana shu qatordan joy oldi.

ⅩⅩ asrda koʻp sohalarda bizga koʻprik vazifasini bajargan rus tilida ham “adabiyot” atamasi bu paytlari amalda emas edi. Olimning qayd etishicha, “Rossiyada ⅩⅠⅩ asrda ham tor va maxsus maʼnodagi “literatura” termini oʻrnida “poeziya” termini ishlatilar, yaʼni faqat sheʼr bilan yozilgan asarlargina emas, balki umuman, badiiy soʻz namunalari (shu jumladan, romanlar ham) “poeziya” deb atalar edi”.

Jadidlar adabiy asarlarni jamlab, bitta soʻz bilan ifodalash ehtiyojini sezdilar va buning uchun “adabiyot” soʻzini tanladilar. Bilasiz, adabiyot arabcha “adab” – odob soʻzidan. Kishilarga yaxshi xulq, hayotni anglash va mulohaza qilishdan saboq beruvchi asarlarga ayni shu nom munosib koʻrildi.

“ⅩⅩ asr boshlarida baʼzi oʻzbek yozuvchilari (Abdulla Avloniy, Hamza Hakimzoda va boshqalar) badiiy soʻz asarlari (sheʼrlar, masallar, hikoyalar) toʻplamini “adabiyot” deb atash zarurligini sezganlar. Abdulla Avloniyning “Adabiyot. Milliy sheʼrlardan birinchi juz” toʻplami (1909-yilda Toshkentda bosilib chiqqan) bu soʻzning maxsus, tor lugʻaviy maʼnosini tayinlashda dastlabki intilishlardan biri boʻldi”, deb yozadi Izzat Sulton domla. Keyinchalik Mirmulla Shermuhamedov, Abdurahmon Saʼdiy, Abdurauf Fitrat, Sadriddin Ayniy va boshqalarning ilmiy ishlari, maqolalari sabab “adabiyot” atamasi barqarorlashdi.

Demak, bugun ijodkorlar, ziyolilar eng koʻp ishlatiladigan “adabiyot” atamasi yuz yil nari-berisidagi tarixga ega, xolos. Biroq bu oʻzbek adabiyotining emas, shunchaki atamaning tarixi. Bungacha adabiy toʻplamlarning “bayoz”, “devon” kabi oʻz nomlari boʻlgan. Ammo bu alohida bir tadqiqotcha mavzusi.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube