“Afv” soʻzini toʻgʻri yozishning oson usuli

“Afv” soʻzini toʻgʻri yozishning oson usuli

Garchi soʻzning afv shakli toʻgʻri ekanini bilsak-da, koʻpincha avf deb yozvoramiz (Shu maqolachani tayyorlayotib oʻzim ham bir necha oʻrinda afv oʻrniga avf deb yozvordim ?). Chunki talaffuzdagi varianti beixtiyor xayolga keladi-da. Qay biri toʻgʻri edi deb ikkilanib qolganingizda lugʻatga qarab olishning hojati yoʻq. Toʻgʻrisini aniqlashning bir oson usuli bor.

Kitobiy uslubda, badiiy tilda kechirmoq maʼnosidagi afu etmoq soʻzi uchraydi. U asosan murojaatda qoʻllanadi:

 

Afu etgaysiz, bu jihatga vaqtida eʼtibor qaratmabmiz.

Afu eting, bir qoshiq qonimdan keching, ayb mendan oʻtdi.

Podshohimiz aybdorni afu etdilar.

 

Afv soʻzining bu varianti arab yozuvidagi vov harfini u deb oʻqish natijasida hosil boʻlgan, menimcha. Chunki bu harf v tovushini ham, u tovushini ham ifoda eta oladi. Albatta, qayerda qanday oʻqilishining qonun-qoidalari bor. Afu yanglish oʻqilganga oʻxshaydi. Chunki Navoiy asarlari lugʻatlarida ham uning shu shaklini topib boʻlmadi. Biroq bu koʻrinishda qoʻllash bugungi tilda bor. Yozuvchi balandparvoz uslubni koʻrsatish zarurati tugʻilganda afvdan emas, afudan foydalanadi.

❗️ Garchi tilimizda ishlatilsa-da, afu varianti izohli lugʻatga ham, imlo lugʻatlariga ham kiritilmagan. Lugʻatga kiritilmagan degani xato degani emasligi haqida oldinroq ham aytgandim.

? Afv soʻzini yozayotganda ana shu afu soʻzini xayolga keltiring. A tovushidan keyin f kelyapti, afv variantida ham a dan keyin qoʻrqmay f ni ishlating.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube