“Koʻzim usti minnating boshimga durra”

“Koʻzim usti minnating boshimga durra”

Obunachilardan biri akademik shoir Gʻafur Gʻulomning shu misrasi maʼnosini sharhlashni soʻrabdi. Toʻgʻrisini aytib qoʻya qolay, misra mazmuni murakkabroq, tushuna olganimcha tushuntiraman.

Gʻafur Gʻulom asarlarini juda sevib oʻqiyman. Bundan oʻn toʻrt-oʻn besh yillar oldin adib ijodini jiddiy oʻrganganman. Alohida lugʻat daftar tutib, tushunmagan soʻz va iboralarimning maʼnosini manbalardan topib, yozib chiqqan edim. Gʻafur Gʻulom ijodi xalqona, boy tilni oʻrganaman deganlar uchun katta maktab boʻladi.

Sharhlashga urinayotganim misra shoirning “Sen yetim emassan” sheʼridan olingan:

 

Onang xoʻrlandimi,

Otang oʻldimi,

Sen yetim qoldingmi,

Qaygʻurma, qoʻzim,

Koʻzim usti,

Minnating boshimga durra.

 

Gʻafur Gʻulomning 1983-yili nashr etilgan “Mukammal asarlar toʻplami” I jildida “Koʻzim usti” iborasidan soʻng bir oʻrinda vergul qoʻyilgan, keyingisida esa yoʻq.

Dastlab vergul bor holatni sharhlashga urinamiz.

Koʻzim usti iborasi oʻta qadrli, koʻz ustiga qoʻyib yurishga, asrashga arziydigan maʼnosini ifoda etyapti. Koʻz qorachigʻidek qadrli degan iborani ham eshitgan boʻlsangiz kerak. Shu maʼnoda. Bu oʻrinda yetim bolalarga murojaat shaklida ishlatilyapti. Mahmud Sattor “Oʻzbekning gapi qiziq” kitobida bu iborani “koʻz qarogʻi, koʻz qorachigʻi iboralariga muqobildir. Koʻz qorachigʻi qanchalik avaylab-asralsa, koʻzim usti iborasida ham shu aziz-allonlik, jonnisorlik mazmuni mujassam. Koʻzim usti boshga koʻtarib yurishga yaqin, undan nozik, yurakka yaqinroqdir”, deb izohlaydi.

Minnat soʻzi oʻrniga qarab bir-biriga zid maʼnolarni ifoda eta oladigan soʻzlardan. Bu oʻrinda esa taʼna, yozgʻirish, injish kabi maʼnolarni bildiryapti, menimcha. Boshimga durra esa boshim ustiga, uni hech bir eʼtirozsiz qabul qilaman, boshga durra kabi oʻrab yuraman degani. Durra oʻrash faqat ayollarga xos emas, dehqonlar, quruvchi-ustalar ish payti koʻpincha boshga durra oʻraydi. Muallif goʻdaklarning tortgan azoblari oldida oʻzini aybdordek his etyapti. Ularga koʻrsatayotgan mehri, gʻamxoʻrligi, hamdardligiga ana shu aybdorlik hissi ham uyqash.

Izohli lugʻatning bir misolida berilgan “Minnatingiz bosh ustiga” degan jumlada ham ayni shu taʼna-eʼtiroz maʼnosi anglashiladi.

Demak, butun misraning mazmuni bunday: “Koʻzimning nuri, aziz jigarbandim, taʼna qilsang haqlisan, taʼnalaring boshim ustiga”.

Endi koʻzim usti iborasidan soʻng vergul qoʻyilmagan holatni tushunishga urinib koʻramiz. Vergul boʻlmasa, koʻzim usti minnatga aloqador boʻlib qoladi. Yaʼni taʼnangni koʻz ustimga qoʻyaman degan maʼnoda. Turk tilida “koʻzim ustiga” degan ibora bor, oʻzbek tilidagi bosh ustiga iborasiga mos keladi. “Koʻzim ustida” degan ibora ham bor. U doim esimda, diqqat-eʼtiborimda turadi, unutmayman mazmunini beradi. Koʻzim usti minnating – men hech qachon unutmaydidigan taʼnang. Gʻafur Gʻulom arab, fors va turkiy xalqlar adabiyotini chuqur bilganini hisobga olsak, bu iboradan oʻzbek tilida ham foydalangan boʻlishi mumkin. Balki shoir yashagan davrda koʻzim usti frazemasi oʻzbek tilida ham ishlatilgandir.

Alal-oqibat jumlaning mazmuni birinchi variantdagi kabi boʻlib chiqyapti. Bekmurod Yoʻldoshevning “Oʻzbek frazeologiyasi va frazeografiyasining shakllanishi hamda taraqqiyoti” monografiyasida “Koʻzim usti minnating boshimga durra” misrasi yaxlit ibora sifatida berilibdi. Lekin maʼnosi sharhlanmagan. U muallifning individual frazemasi deb talqin etilgan.

Gʻafur Gʻulom ijodi oʻta xalqona, xalq tilini, iboralarini chuqur bilish talab etiladi. Adib nodir soʻzlar, iboralarni topa olgan. Sharhlashga uringanim misradagi iboralar izohli lugʻatda ham,  frazeologik lugʻatda ham uchramadi.

Shoir bu iborani biz tushungandan umuman boshqa maʼnoda ishlatgan boʻlishi ham mumkin.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.