Nur ustiga nur
Bu iborani koʻpchilik toʻgʻri qoʻllaydi. Lekin yanglish ishlatadiganlar ham talaygina. Balki sizning ham qulogʻingizga chalingandir: “Nur ustiga aʼlo nur”.
U asli arabcha “nur ala nur” iborasining tarjimasidir. Oʻzbekchasi – nur ustiga nur, yanada yaxshi, koʻngildagidan ham aʼlo kabi maʼnolarni anglatadi.
Izohli lugʻatga koʻra, “nur alo nur” shaklida ham qoʻllash mumkin:
Ixtiyor oʻzingizda, qutlayman desangiz aytib koʻring, xoʻp desa – nur alo nur.
M. Ismoiliy, Fargʻona t. o.
❗️ Lekin bu tarzda qoʻllash eskirgan, bugungi tilda uchramaydi. Mabodo shu shaklni ishlatish kerak boʻlib qolsa, aʼlo emas, alo deb yozing. Alo arabchada ustiga demakdir, aʼlo esa – eng yuqori; buyuk maʼnolarini beradi. Eng yaxshisi, oʻzbekcha ifodaga mosi “nur ustiga nur”dir:
Buni bilib olganim nur ustiga nur boʻldi.
Agar yuz foiz natija koʻrsata olsangiz, nur ustiga nur.
? Demak,
Nur ustiga nur ✅
Nur ustiga aʼlo nur, nur aʼlo nur ❌
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.