Alifbodagi oʻzgarishlar: qulaylik bor joyda noqulaylik tanlanmaydi

Alifbodagi oʻzgarishlar: qulaylik bor joyda noqulaylik tanlanmaydi

Alifbodagi muammoli toʻrtta harf ixchamlashishi kun tartibiga qaytgach, yana bahs-munozaralar avj oldi. Tushungan-tushunmagan, bilgan-bilmagan bahslashishga, oʻz qarashini ilgari surishga, ayrimlar esa boshqalarni ayblab, hatto soʻkish, haqoratlashga tushdi. Garchi bu mavzu besh-olti yildan beri muhokama qilingan, tushuntirishlar berilgan boʻlsa-da, xuddi oʻsha nuqtalarga yana qaytib, yana tushuntirish soʻrash holatlari ham uchrayapti. “Daryo” kolumnisti Orif Tolib bugun internetda ilgari surilayotgan baʼzi fikr va qarashlarga munosabat bildirib oʻtdi.

 

1-qarash: oʻzgarishlar kerak emas. Bu fikr egalari koʻpincha toʻrtta harf oʻzgarishi katta xarajat boʻlishini aytadi. Bir fuqaro sifatida byudjetga ortiqcha chiqimni men ham yoqlamayman. Biroq kerakli oʻrinda chiqim baribir qilinishi zarur. Xarajatlar minimallashtirilishi, hujjatlar, yoʻl belgilari va boshqalar vaqti-soati yetganda oʻzgartirilishi aytildi. Endi bunga boshqa bir qarash vakillari qarshi chiqdi. “Nima, endi uch xil alifbo amalda boʻladimi?” Birdaniga oʻzgartirishni istamasak, ha, shunday boʻladi.

Qoʻshharflar tugʻdirayotgan muammolarni ozroq oʻrganish, mavzuning ichiga kirib borish uchun shu harflarni toʻgʻri yozishga majbur boʻladigan noshirlar, jurnalistlar yoki davlat xizmatchilari, oʻzbek tili bilan bogʻliq loyihalarni bajaradigan dasturchilar, oʻzbekcha kontentni raqamlashtirayotgan mutaxassislar, qoʻshharflar sabab vaqti va asabini sarflayotgan oddiy foydalanuvchilar bilan suhbatlashish, ularning fikrlarini tinglab koʻrish kerak. Agar shu muammolarni hozirgi imloni oʻzgartirmay hal qilish yoʻli topilsa, beqiyos natijaga erishgan boʻlamiz. Afsuski, shu paytgacha buning iloji topilmadi.

Eʼtiborli tomoni, bu harflar menga muammo tugʻdirmaydi deydiganlarning aksariyati va harflarini xato yozadi.

2-qarash: oʻzgarishlar hammani savodsiz qiladi. Toʻrtta harf ixchamlashayotgani, shaklan oʻzgarayotgani rost. Lekin u hozirgi versiyadan butkul uzoqlashib ketayotgani yoʻq.

va harflari oʻzgarishiga koʻpchilik rozi. Õ va ğ qaytaga yozma harflarga mos tushyapti. Amaldagi variant yozmasidan farq qiladi. Bu yengillik. Savod yaxshilanishiga xizmat qilsa qiladiki, nuqson yetkazmaydi.

Ş va C belgilari esa Sh va Ch tarkibida bor. Ch uchun Ç ham yaxshi variant. Lekin oʻtgan gal shunday taklif berilganda “Bu belgi qayerdan paydo boʻldi?”, “Nega C yoʻgʻ-u, Ç bor?” kabi eʼtirozlar bildirildi. Aslida, alifboda Ç boʻlishi uchun C ham boʻlishi shart emas. Ikkisi alohida belgi.

Baʼzilar oʻquvchilarda savod masalasi oʻzi shundoq ham yaxshi emasligi, oʻzgarish ularni yanada savodsiz qilishini aytyapti. Demak, eʼtiborni savodga qaratish kerak. Bolalarning ogʻzaki va
yozma savodxonligini oshirish boʻyicha ishlash, qoʻllanayotgan metodikani oʻzgartirish zarur. Aks holda, ularning savod darajasi amaldagi imloda ham, oʻzgarishli imloda ham pastligicha qolaveradi.

3-qarash: oʻzgarishlarga mantiqiy asos koʻrmayapman. Oʻzgarishlar nima uchun zarurligi, qaysi holatlarda muammolar borligi haqida koʻp va xoʻb yozilgan. Internetga alifbo islohi, alifbo islohoti, alifbodagi oʻzgarishlar kabi kalit soʻzlar bilan qidiruv berilsa, bir dunyo material chiqadi. Oʻshalar bilan tanishish kerak. Agar oʻsha muammolarni amaldagi alifboni oʻzgartirmasdan yecha olsangiz, marhamat, ayting, yozing, koʻrsatib bering. Koʻpchilikka manfaatli boʻladi.

Tilni raqamlashtirish, internetning oʻzbek segmentini rivojlantirish haqida koʻp gapiriladi. Haqiqatan, til rivojlanishi bugun internet bilan bevosita bogʻliq, internetdagi axborot koʻlami va sifati til taraqqiyotiga, uning ommalashishiga katta taʼsir koʻrsatadi. Biroq hozirgi qoʻshharflar, ayniqsa, va bunga jiddiy toʻsiq boʻladi. Masalan, biz matnda oʻzbeklar va o‘zbeklar soʻzi oʻrtasida farq koʻrmaymiz. Lekin kompyuter farqlaydi. Oʻzbekcha Vikipediyada shunaqa farqli belgilar qatnashgan soʻzlar uchun alohida sahifalar yaratib chiqilar ekan. Endi bunday belgilar qatnashgan soʻzlarning koʻlamini, ularda qoʻllanadigan belgilar xilmaxilligiyu ular uchun yaratiladigan yoʻnaltiruvchi sahifalar sonini hisoblab koʻring. Bu – elektronlashtirishdagi bittagina muammo xolos.

4-qarash: inglizlarda unday, nemislarda bunday. Ingliz, nemis yoki fransuz tillarida bir tovush ikki yoki undan ortiq harf bilan ifodalanishi, bu ularga qiyinchilik tugʻdirmasligi, ularning taraqqiyotiga xalal bermagani haqida yozganlar boʻldi. Baraka topgurlar, ular boshqa til, soʻzlari, lugʻat boyligi, gap tuzilishi, tabiati umuman boshqa. Nega biz ham ingliz yoki nemis tilidagi kabi yozishimiz kerak? Qulaylik bor joyda noqulaylik tanlanmaydi. Siz aytgan mantiqqa koʻra, xni kh, fni ph, ni ou tarzida ham yozish kerakdir unda?

Bir tovushga bir harf prinsipi doim ham oʻzini oqlamasligini olgʻa suruvchilarga savol: bir tovushga ikki harf prinsipi oʻzini oqlaydimi? Nega ikki harfda yozish kerak? Inglizchada shundayligi uchunmi? Ingliz tilidan uzilib qolamizmi? Nega sh va ch harflari bitta harf bilan ifodalangan alifbodan foydalanuvchi xalqlar ingliz tilidan uzilib qolmagan unda? Yo bu faqat oʻzbek tili uchun istisnomi?

Pasportning inglizcha qismida yoki domen nomida Ş yoki Ç ni ifodalay olmaslik ham juda zaif argument. Oʻzbekchadagi Gʻ, Oʻ harflarini ham ifodalay olmaymiz-ku. Hozirgi imloda ham, oʻzgarishlardan keyin ham ifodalay olmaymiz. Men bir oʻzbek sifatida inglizcha imloda Oʻtkir, Goʻzal, Ulugʻbek, Gʻayrat kabi ismlar oʻzbekchadagidek ifodalanmasligidan xijolat tortmayman. Aksincha, buni ingliz tilining tabiatidan, uning oʻzbekchaga xos tovushlarni ifodalashga imkonsizligidan deb bilaman.

Inglizcha harflarga qoʻshimcha harf qoʻshgan har qanday xalq – u ispan, portugal, nemis, fransuz, chex, turk, ozar, turkman – kim boʻlishidan qatʼi nazar, domen nomlarida transkripsiya yoki transliteratsiyadan foydalanishga majbur. Ozar, turkman, turk, chex, ispan, portugal alifbolariga nazar tashladim. Ular ham oʻz tiliga xos belgilarni pasportning inglizcha qismida yoki domen nomida toʻlaqonli ifodalay olmaydi:

Ozar imlosida – Ğğ, Öö, Üü, Çç, Əə, Şş.

Turkman imlosida – Ää, Žž, Ňň, Öö, Üü, Şş, Çç, Ýý.

Turk imlosida – Ğğ, Öö, Üü, Şş, Çç.

Chex imlosida – Áá, Čč, Ďď, Éé, Ěě, Óó, Řř, Šš, Ťť, Úú, Ůů, Ýý, Žž.

Ispan imlosida – Ññ.

Portugal imlosida – Áá, Ââ, Ãã, Àà, Çç, Éé, Êê, Íí, Óó, Ôô, Õõ, Úú.

Domen nomlarida ni g, ni o deb berganimiz kabi şni sh, çni ch shaklida beraveramiz. Osmon uzilib yerga tushmaydi. Agar ch uchun c varianti tanlansa, domen nomlaridagi savolli jihat ham bittaga kamayadi.

5-qarash: sh va ch muammo tugʻdirmaydi. Muammo tugʻdiradi, lekin uni koʻrishni istash ham kerak-da. Koʻzni yumsak, muammo yoʻq boʻlib qolmaydi-ku.

Ikki harfni yozish bir harfni yozishdan qiyinroqligi, unga koʻproq vaqt ketishini tushunmayotganlarga qanday tushuntirishni, toʻgʻrisi, bilmayman.

Ingliz tilida alohida sh, ch harflari yoʻq. Ular digraf. Oʻzbek tili alifbosida esa alohida harf sifatida qabul qilingan. Kompyuterga soʻzlarni alifbo tartibida terish buyrugʻini berib koʻring shni s, chni esa c deb hisoblaydi va shunga koʻra ish bajaradi. Natija amaldagi alifbo tartibimizga zid chiqadi.

Sh va chni bir harfda ifodalasak, 15–20-yil yoki 50-yildan keyin avlodlar uni yana hozirgi holatga qaytarishi mumkin deb hisoblaydiganlar ham bor. Nega boshqalar 15–20-yil yoki 50-yildan beri bu qoʻshharflar oʻrniga bitta harfni ishlatyapti, nega inglizcha variantga oʻtib ketmayapti? Nega biz qaytamiz?

Balki, inglizcha fikrlaydiganlarga oʻzbekchani ham inglizcha oʻzanga solish maʼqulroq koʻrinar. Lekin oʻzbekcha fikrlaydiganlar oʻzbek tiliga ham, uning imlosiga ham oʻzbek tili tabiatiga koʻra yondashadi.

6-qarash: oʻzgargan harflarni klaviaturada yozish yanada qiyishlashadi-ku. Yoʻq, mutlaqo unday emas. Aksincha, osonlashadi. Klaviatura uchun terilma yasab olish muammo emas. Masalan, hozirgi alifbo uchun ham moslangan terilma bor. Windows va Appleʼga keyingi yangilanishlar payti oʻzbek lotin klaviaturasini oʻzgartirib qoʻyish haqida rasmiy soʻrov yuborish mumkin. Yangi terilma yaratilgach, belgilarni chiqarish bilan bogʻliq muammolar tugaydi.

Kompyuter klaviaturangizga bir qarang. Unda kirildagi oʻ, q, gʻ, h harflari yoʻq. Ular щ, ы, –, = belgilari oʻrniga joylashtirilgan. Lotinda ham shunday boʻladi.

Ş va Ç harflarini standart lotincha harflarga xalal bermaydigan tarzda joylashtirish mumkin. Shunda inglizcha soʻzni yozish uchun terilmani oʻzgartirishga hojat qolmaydi. Agar Ç oʻrniga C qabul qilinsa, harf joylash masalasi yanada osonlashadi.

7-qarash: boshqalar koinotni kezib yurganda… Masalaning mohiyatini tushunsa-tushunmasa, shu kabi istehzo qiladiganlar ham bor. Xoʻp, alifbo uchun jon kuydirayotganlar xato yoʻlda ekan, ular Oyga yoki Marsga uchmayapti ekan, shunday salohiyat va aql bilan siz uchsangiz boʻlmaydimi? Bunga harf oʻzgarishi xalal beryaptimi? Nega amaldagi imlo bilan koinotni keza olmadik? Yoki rivojlangan mamlakatlarda samoni zabt etish bilan til sohasi mutaxassislari shugʻullanadimi?

Mavzuga aloqasi boʻlmagan, boshqalarni mavzudan chalgʻitadigan gaplarni gapirishdan foyda yoʻq. Kimningdir sigiri tugʻmagani, ekologiya yomonlashgani yoki bugun yomgʻir yogʻmaganiga alifbodagi oʻzgarishlar sabab emas.

8-qarash: toʻrtta harf oʻzgarishi islohot emas. Mayli islohot deb atamaylik, oʻzgarish boʻlaqolsin. Alifbo islohi masalasida hammada har xil taklif, qarash, mulohaza bor. Masalan, oʻzim ham h va x harflari birlashishi, tutuq belgisidan voz kechish taklifini berganman. Buni qoʻllab-quvvatlaydiganlar ham, qarshi chiqadiganlar ham yetarlicha edi. Lekin murosa ham kerak. Gap hozirgi alifbo xususiyatlaridan imkon qadar uzoqlashmaslik, faqat muammoli harflarni oʻzgartirish haqida ketayotgan ekan, mayli, shugina oʻzgarish bilan cheklanaylik. Shu oʻzgarishlar ham alifbomizni anchagina qulaylashtiradi. Nashr ishlarida, internet resurslarini yaratish va oʻzbek tilini raqamlashtirishda katta yengilliklar yaratadi. Maqsad tilimiz rivoji-ku.

Boshqa xil qarashlar, takliflar ham bor. Lekin asosiylari yuqoridagilar. Shu bois ularga munosabatni shu yerda toʻxtataman. Ñ harfi bu galgi taklifda boʻlmagani uchun u haqda gapirish ham ortiqcha, menimcha.

Qiyinchiliklar boʻlmaydimi? Qiyinchilik boʻlishi tabiiy. Ammo u tez orada oʻtadi. Toʻrtta belgiga koʻz oʻrganib, qoʻl yozishga moslashib ketguncha biroz vaqt kerak, albatta.

Xarajatlar boʻlishi aniq. Uni minimallashtirish masalasi boʻyicha ham takliflar aytildi. Biroq yanada aniqroq xulosaga kelish uchun moliyachi va iqtisodchilar hisob-kitob qilib bergani maʼqul.

Lotincha alifboga toʻliq oʻtib ketish, qulay alifbodan foydalanish, xarajatlar boʻlmasligi, savodxonlik oshishi, oʻzbeklar Oyga qadam qoʻyishi kabilarni koʻp qatori men ham istayman. Ammo istakning oʻzi mavjud muammolarni yechish uchun yetarli emas.

Baʼzilar fikricha, qoʻshharflarni oʻzgarish tarafdorlari bundan juda katta pul ishlaydi. Bu fikrga qanday kelishgani, bunga nima asos boʻlgani menga qorongʻi. Men ham oʻzgarish tarafdoriman, lekin bu oʻzgarishlardan yarim tiyin ham daromad olmayman. Alifbo qulaylashsa, koʻp qatori foydalanishim, manfaat olishim mumkin xolos. Boshqalar ham shunday, menimcha.

Bir qarorga kelish zarur. Til, alifbo masalasi – hassos mavzu. Bu mavzuga har kim oʻzini bevosita aloqador his etadi, shu bois
vatanparvarlik, xalqparvarlik hissi joʻsh uradi, koʻpchilikka foyda boʻlsin, xalq zarar koʻrmasin, kelajak avlod qiynalmasin deydi. Bu tabiiy va shunday boʻlishi ham kerak. Biroq mavzuni biladigan, uning ichiga kirgan, muammolarga toʻqnash keladiganlarning soʻzlariga ham quloq tutish zarur. Bahslashaman, oʻzimnikini maʼqullayman deyilsa, tortishuvlar tugamaydi.

Qoraqalpoq qardoshlarimiz ham xuddi biz kabi 1993-yilgi alifboni 1995-yili oʻzgartirgan, yaxlit harflar oʻrniga qoʻshharflar kiritgan ekan. 2009-yili alifboga yana oʻzgartirish kiritishgan va bunda 6 ta harfda oʻzgarish boʻlgan. 2016-yili alifbo yana bir bor isloh qilingan va bunda 6 ta harf ixchamlashtirilgan. Balki, ularning tajribasini oʻrganish kerakdir?

Umid eng oxiri oʻladi degan gap bor. Hozircha umidim soʻngani yoʻq. Toʻrttagina harfni ortiqcha hissiyot, haqorat va ayblovlarsiz, tilimiz rivojiga xizmat qiladigan shaklda oʻzgartira olamiz degan orzudaman.

 

Daryo.uz nashrida eʼlon qilingan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.