Egasi yoʻq muammo: imlodagi chalkashliklarga yechim kerak
Oʻzbek tilining asosiy imlo qoidalari tasdiqlangach, 1995-yili maktablar uchun qoʻllanma sifatida imlo lugʻati nashr etildi. Keyinchalik 2013-yili 85 000 dan ortiq soʻzni oʻz ichiga olgan va hozircha oʻzbek lotin alifbosidagi eng qamrovli imlo lugʻati bosmadan chiqdi. Ikki lugʻatdagi bir necha oʻnlab soʻzlar imlosida farq bor. Shu sababli foydalanuvchilar orasida turli tushunmovchilik va chalkashliklar paydo boʻlgan. 2013-yilgi lugʻat chop etilganiga ham sakkiz yil boʻlyapti. Lekin qaysi lugʻatga asoslanish kerakligi haqida haligacha aniq koʻrsatma yoʻq. Xoʻsh, bu masalani kim hal qilib beradi? Davlat tilini rivojlantirish departamentimi, OʻzRFA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori institutimi yoki Alisher Navoiy nomidagi oʻzbek tili va adabiyoti universitetimi?
Bugun asosan ikkita lugʻatga: 1995-yili “Oʻqituvchi” va 2013-yili “Akademnashr” nashriyotida chop etilgan lugʻatlarga koʻp murojaat qilinadi. Biroq bu ikki lugʻatda bir-birini rad qiladigan oʻrinlar bor.
Jumladan, 1995-yilgi lugʻatga sentabr, oktabr shaklida kiritilgan soʻzlar 2013-yilgi lugʻatdan sentyabr, oktyabr koʻrinishida oʻrin olgan. Umuman, 2013-yilgi lugʻat kirillcha imloni lotinchaga agʻdarish yoʻlidan borgan. 1995-yilgi lugʻat chetdan kirgan soʻzlardagi “yolashgan” unlilarda va boshqa soʻzlarda koʻproq oʻzbekcha talaffuzga yon bosgan.
Xoʻsh, bu ikki lugʻatdan qaysi biridan foydalanish kerak? Quyida ikki lugʻatda turlicha yozilgan soʻzlardan baʼzilari bilan tanishish mumkin:
1995-yilgi lugʻatga koʻra yozilishi |
2013-yilgi lugʻatga koʻra yozilishi |
Aluminiy |
Alyuminiy |
Brilyant |
Brilliant |
Budjet |
Byudjet |
Dirijor |
Dirijyor |
Dujina |
Dyujina |
Duym |
Dyuym |
Glukoza |
Glyukoza |
Kastrul |
Kastryul |
Kastum |
Kostyum |
Lustra |
Lyustra |
Miniatura |
Miniatyura |
Parashut |
Parashyut |
Regulator |
Regulyator |
Rejissor |
Rejissyor |
Verstka |
Vyorstka |
Garchi 2013-yilgi lugʻat ruscha va rus tili orqali kirgan soʻzlardagi yolashgan unlilarni aynan oʻgirish yoʻlidan borgan boʻlsa-da, kitob boshida keltirilgan imlo qoidalarida sentabr va aluminiy soʻzlari ayni shu koʻrinishda qolgan.
Ayni damda Milliy oʻquv dasturi boʻyicha darsliklar yangitdan ishlanyapti. Bu jarayonda qaysi bir lugʻatdan foydalanish masalasi koʻndalang turibdi. Shu paytgacha chiqqan aksariyat darsliklar 1995-yilgi lugʻatga asoslangan. Oʻqituvchilar oʻn yillar davomida oʻquvchilarga soʻzlarni sentabr, oktabr, budjet, miniatura, drijor shaklida yozishni oʻrgatib kelgan. Ammo 1995-yilgi lugʻatdan davomli foydalanish oʻzini oqlamaydi. Chunki unda soʻz kam. Oddiy natyurmort, kompyuter kabi soʻzlar kiritilmagan. Holbuki, hozir bu tushunchalar bilan oʻquvchilar birinchi sinfdayoq tanishyapti.
Darsliklar mualliflari va boshqa mutaxassislarga xilma-xil nega chiziqcha bilan yoziladi-yu, xilmaxillik nega qoʻshib yoziladi – takror va takror tushuntirishga, lugʻatga havola berishga toʻgʻri kelyapti. “Unda nega ketma-ketlik ham qoʻshib yozilmayapti?” degan savolga “Lugʻatda shunday” degan chuchmal dalil koʻrsatilyapti, xolos.
1995-yilgi lugʻat oʻzbekcha talaffuzga yaqinlashtirishga uringan boʻlsa-da, sentabr, oktabr soʻzlarini jonli tilga, amaldagi talaffuzga moslamagan. Bugun bu soʻzlarni oʻzbek tilli kishilar sentyabr, oktyabr shaklida aytyapti. Toʻgʻri, bundan 50–60 yillar burun lugʻatdagiday talaffuz qilingandir. Lekin til doimiy oʻzgarishda. Biz bugun rus tili taʼsirida bu soʻzlarni yolashgan unlilar bilan aytadigan boʻldik.
Nashrga tayyorlanilayotgan darsliklarda koʻp soʻzli va nisbatan keyingi nashr boʻlgani uchun 2013-yilgi lugʻatga asoslanilyapti. Biroq hali kitoblar chop etilmasidanoq mualliflar, taqrizchilar, ekspertlar va amaliyotchi oʻqituvchilar oʻrtasida imlo masalasida tushunmovchiliklar kelib chiqyapti. Ularga-ku bir amallab tushuntirsa boʻladi. Lekin ertaga oʻn mingdan ortiq maktabda dars berayotgan bir necha oʻn minglab oʻqituvchilarga, oldin soʻzni boshqa shaklda yozib oʻrgangan oʻquvchilarga qanday izoh berish mumkin?
Internetdan izlab koʻrdim. Bu masala oldin ham koʻtarilgan ekan. Biroq biror rasmiy javob yoki koʻrsatmaga koʻzim tushmadi. Aslida bu oʻqituvchilar yoki taʼlim sohasining muammosi emas. Bu lugʻatshunoslikning, imloga masʼul idoralarning egasiz yotgan muammosi.
Biz koʻpincha yoshlarning savodxonlik darajasi pastligi haqida yozgʻiramiz. Bir narsani unutmasligimiz kerak: savod darajasi tushishiga lugʻatlardagi chalkashliklar ham ozmi-koʻpmi hissa qoʻshadi.
2013-yilgi lugʻat chiqqaniga sakkiz yil boʻlyapti. Hozircha eng katta, qamrovli lugʻat – shu. Qaysi lugʻatga asoslanish masalasi nega haligacha uzil-kesil hal etilmagan, degan haqli savol tugʻiladi. Savolning javobi hozircha yoʻq.
Olimlar va lugʻat tuzuvchilarning yakdil fikrga kelmasligi, har kim oʻz qarashini toʻgʻri deb olishi oqibatida tildan foydalanuvchilar zarar koʻryapti. Ayniqsa, oʻquvchilar. Kelajak avlod manfaati shaxsiyatdan ustun boʻlishi kerak. Hech qursa, taʼlim masalasida.
Yuqoridagi mulohazalardan maqsad xato qidirish emas. Maqsad – shu muammoga yechim izlash, yechim soʻrash. Imlo masalasida ogʻzibirchilik va toʻlaqonli qatʼiy qoidalar boʻlmas ekan, til rivoji jiddiy toʻsiqqa uchrayveradi.
Alifbo isloh qilingach, balki, imlo bilan bogʻliq mana shu masalalar hal etilar. Keng miqyosda ishlar olib borilar. Lekin hozircha hech boʻlmasa yuqorida keltirilgan chalkashliklarni hal qilib olish kerak.
Yechimini kutayotgan savol shu: darslik va qoʻllanmalarda qaysi lugʻatdan foydalanish kerak? Imlo prinsipidagi chalkashliklarda (xilmaxillik, ketma-ketlik kabi) qanday yoʻl tutish zarur?
Til masalasiga masʼul tashkilotlardan bu borada rasmiy javob kutamiz.
Orif Tolib,
Ruspublika taʼlim markazi mutaxassisi
“Daryo” nashrida eʼlon qilingan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.