Amaliyotchi talaba uchun tavsifnoma

Amaliyotchi talaba uchun tavsifnoma

Amaliyot oʻtagan talabaga ijobiy tavsifnoma qanday yoziladi?

 

✅ Javob:

“Davlat tilida ish yuritish” kitobidan tavsifnoma qanday yozilishi haqida maʼlumot topdim. Biroq unda tavsif etilayotgan shaxsning millati, partiyaviyligi koʻrsatiligi kerakligi aytib oʻtilibdi. Menimcha, bular ortiqcha tafsilot va sovetcha uslubdagi xarakteristikaga xos. Hozir bu kabi maʼlumotlar ahamiyatsiz. Tavsifnoma nima maqsadda yozilayotgani, qayerga taqdim etilayotganiga ahamiyat berish, iloji boricha sodda va ravon yozish kerak.

Tafsifnoma matni uchinchi shaxs tilidan yoziladi. Dastlab hujjat kim haqidaligi sahifaning oʻng tomonida koʻrsatiladi. Soʻng oʻrtaga Tavsifnoma soʻzi yoziladi va alohida xatboshidan tavsiflanayotgan shaxsning sifatlari, eʼtiborga molik fazilatlari va malaka-yutuqlari koʻrsatiladi. Eng oxirida tavsifnoma yozgan shaxs nomi va sana beriladi. Hujjat muhr va imzo bilan tasdiqlanadi.

Xolislik nuqtai nazaridan baʼzi kamchiliklar ham koʻrsatib oʻtilishi mumkin. Lekin amalda bunaqa holat uchramaydi hisob. Koʻpincha tavsifnoma kerak boʻlgan odam uni oʻzi yozib, kerakli odamga imzolatib oladi 🙃.

Tavsifnomani tashkilot boshligʻi va amaliyot rahbari imzolagani yaxshi. Yoki ulardan biri imzolasa ham boʻladi. Dekanatning kayfiyatini bilib qoʻygan yomon emas. Gulini guliga qoʻyib ishlashni yoqtiradiganlar ham boshliq, ham amaliyot rahbari imzo qoʻysin deb turib olishi
mumkin. Aslida buning hojati yoʻq.

Amaliyot oʻtagan talaba haqida ijobiy tavsifnomaga misol (nomlar toʻqima 😏):

 

==========*==========

 

OʻZJOKU internet jurnalistika

va ijtimoiy tarmoqlar fakulteti

3-kurs talabasi

Toshov Yoshvoy Eshvoy oʻgʻliga

 

Tavsifnoma

 

Toshov Yoshvoy Eshvoy oʻgʻli 2021-yilning 1–20-iyul kunlari “Ummon” internet nashri tahririyatida amaliyot oʻtadi. U mehnatsevarligi, ishga masʼuliyat bilan yondashishi, oʻz bilim-koʻnikmalarini oshirishga intilishi bilan tahririyat jamoasining eʼtiborini qozondi.

Amaliyot davomida “Qaysi oliy oʻquv yurtlarida bir yillik magistratura yoʻnalishlari ochildi?”, “Oliy maʼlumotli yoshlar oʻz sohasida ish topa olyaptimi?”, “Qabuldagi yangiliklar: ayollar uchun imtiyozlar” kabi mavzularda maqolalar tayyorladi. Boshqa mualliflarning maqolalarini tahrir qildi. Oʻquvchilarga qiziq mavzular boʻyicha oʻz taklif-mulohazalarini bildirdi.

Yoshvoy Toshov jurnalistika sohasida oʻz oʻrniga ega mutaxassis boʻladi deb ishonamiz.

Tavsifnoma OʻZJOKU internet jurnalistika va ijtimoiy tarmoqlar fakultetiga topshirish uchun berildi.

 

Bosh muharrir                        (imzo, muhr)                        H. Kattabekov

 

2021-yil 21-iyul

 

==========*==========

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.