Bayram muborak: “muborak” nima?
Bayramlar, xushxabarlar, muvaffaqiyatlar bilan qutlash uchun muborak soʻzini ishlatamiz. Arabchadan olingan bu soʻz baraka, tabarruk soʻzlari bilan oʻzakdosh. Asliyatda Xudo marhamat qilgan; xayrli; baxtli maʼnolarini anglatadi. Oʻzbekchada toʻrt xil maʼnoda ishlatiladi:
1️⃣ Baxt keltiruvchi; xayrli, ezgu, qutlugʻ.
– Koʻray-chi, qadamim muborak boʻlarmikin, – deb qoʻydi.
A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar.
2️⃣ Tabarruk, muqaddas, aziz.
Bektemir… xaltachani, goʻyo muborak joydan kelgan aziz doʻstining sovgʻa-salomi kabi, hayajon bilan ochdi.
Oybek, Quyosh qoraymas.
3️⃣ Tabriklash, qutlash iborasi.
Sarupolar muborak. Oʻgʻil muborak. Bayram muborak.
4️⃣ Asosan xotin-qizlar va baʼzan erkaklar ismi.
Bir oz oʻtgach, xonaga Muborakxon kirib keldi.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.