Antarktidami, Antarktika?

Antarktidami, Antarktika?

Janubiy yarim sharda joylashgan qitʼaning nomini koʻpchilik chalkashtirib yuboradi. Chunki Antarktida va Antarktika nomlaring talaffuzi bir-biriga uyqash, maʼnosi ham bir-biriga yaqin. Biroq ular alohida tushuncha.

Antarktida – Yerning eng janubiy qismida joylashgan materik, uning markazi taqriban janubiy geografik qutbga toʻgʻri keladi. Antarktidani Janubiy okean (avvallari bu okean Hind, Tinch va Atlantika okeanining bir qismi deb hisoblangan) suvlari yuvib turadi. Materikning umumiy maydoni 14,4 million km2.

Antarktida qitʼasi materikning yon-atrofidagi orollarni ham oʻz ichiga oladi.

Materik rasman 1820-yilning 16-yanvarida Faddey Bellinsgauzen va Mixail Lazarev boshchiligidagi rus ekspeditsiyasi tomonidan ochilgan.

Antarktida Yerning eng baland materigi hisoblanadi. Tekisliklarining dengiz sathidan oʻrtacha balandligi 2000 metrdan koʻproqni tashkil etadi, qitʼa markazida esa bu koʻrsatkich 4000 metrga yetadi. Choʻqqilarning asosiy qismini doimiy muzliklar zabt etgan. Sharqiy Antarktida eng sovuq hudud hisoblanadi. Bu yerda joylashgan “Vostok” stansiyasi hududida -89,2 °S sovuq qayd etilgan.

Antarktika esa Yer sharining janubiy yarim sharidagi qutb hududidir. U Antarktida qitʼasini va unga yondosh Janubiy okeanni oʻz ichiga oladi. Umumiy maydoni 52 million km2 tashkil etadi.

Antarktika yer yuzidagi eng sovuq hududlardan biri hisoblanadi. Bu yerda juda past harorat, kuchli shamollar, qor boʻronlari va tuman hukmron. Qitʼa va uning atrofidagi orollar muz bilan qoplangan. Subantarktika rayonlarida eng issiq oyning oʻrtacha harorati +10 °S, sovuq harorati esa -10 °S ni tashkil etadi.

Antarktikaning sovuq suvlari mayda qisqichbaqasimonlar – krillarga hamda baliqlarga boy. Bu yerda juda koʻp tyulenlar, dengiz mushuklari va kitlar ham yashaydi. Qushlardan esa baliqchiqush, albatros va pingvinlar istiqomat qiladi.

Demak, yodda saqlang: Antarktida – bu janubiy yarim shardagi qitʼa, Antarktika esa Antarktida va Janubiy okeanni oʻz ichiga olgan geografik hududdir.

 

Orifjon Madvaliyev

 

2009

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.