Anton Chexov: tarbiyali odamning sakkiz fazilati

Anton Chexov: tarbiyali odamning sakkiz fazilati

Anton Chexov jahon adabiyotida nufuzli oʻringa ega. Uning qanday yozuvchiligini asarlari aytib turibdi. Buyuk adib shaxs sifatida ham oʻrnak boʻlarli fazilatlarga ega edi.

Bu oʻrinda yozuvchi qalamiga mansub bir xatga eʼtibor qaratmoqchimiz. Chexovning akasi Nikolay isteʼdodli rassom edi. Biroq qatʼiyatsizligi, ichkilikka mukkasidan ketgani sabab oʻzini oʻzi xarob qilib borardi. Adib u haqda: “Millatning kuchli bir isteʼdodi oʻlyapti, hech bir sababsiz oʻlyapti”, degandi nadomat bilan. Yozuvchi akasining zaif tomonlarini bilar va uni oʻylab hamisha qaygʻurardi.

Chexov akasiga bir xat yozadi. Maktubdagi fikrlar bevosita sizu bizga tegishli boʻlmasa-da, unda katta ibrat bor.

 

Seni “tushunishmayotgani”dan menga tez-tez nolib turarding. Bu masalada hatto Gyote ham, Nyuton ham arz-dod qilmagan… Seni juda yaxshi tushunishadi… Agar sen oʻzingni oʻzing tushunmasang, bu boshqalarning aybi emas…

Ukang va yaqin kishing sifatida ishontirib aytaman: men seni tushunaman va holatingni ich-ichimdan his qilib turaman… Barcha yaxshi sifatlaringni besh qoʻlimday bilaman, ularni qadrlayman va chuqur hurmat bilan qarayman. Xohlasang, seni tushunishimni isbotlash uchun bu sifatlarni sanab berishim mumkin. Menimcha, oʻta darajada mehribonsan, olijanobsan, xudbinliging yoʻq,
oxirgi noningni ham birov bilan baham koʻrasan, samimiysan; hasad va nafratdan yiroqsan, ochiqkoʻngilsan, odamlarga ham, jonivorlarga ham shafqatlisan, birovning ustidan kulmaysan, kin saqlamaysan, ishonuvchansan… Senda boshqalarda yoʻq katta ustunlik bor: isteʼdodlisan. Bu isteʼdod seni millionlab kishilardan baland koʻtaradi. Chunki Yer yuzida har ikki million kishiga bitta rassom toʻgʻri keladi…

Isteʼdod seni oʻziga xos vaziyatga qoʻyadi: hatto qurbaqa yoki oʻrgimchak boʻlsang ham, seni hurmatlayverishadi. Chunki isteʼdod egasining ayblaridan koʻz yumiladi. Sening bittagina aybing bor. Yolgʻon tayanching ham, baxtsizliging xam, boshogʻriqlaring ham shundan. Haddan ortiq tarbiyasizsan. Kechirasan-u, lekin toʻgʻrisiyam shu. Gap shundaki, hayotning oʻz qonun-qoidalari bor… Madaniyatli davrada oʻzingni erkin his qilishing, unda begona va ortiqcha boʻlmasliging uchun maʼlum shaklda tarbiyalangan boʻlishing kerak. Isteʼdod seni shu muhitga olib kiradi, sen unga mansub boʻlasan. Va oʻz navbatida seni bu muhitdan tortadi ham, sen madaniyatli kishilar va koʻcha odamlari orasida muvozanat saqlay bilishing kerak…

Tarbiyali odamlar, fikrimcha, quyidagi talablarga javob berishi kerak:

  1. Ular insonni hurmat qiladi, shu sababli hamisha iltifotli, muloyim, xushmuomala, murosali… boʻladi. Ular bolgʻacha yoki yoʻqolgan oʻchirgʻich sababli janjal koʻtarmaydi; birov bilan yashab, keyin buni taʼna qilmaydi, ketayotib: “Siz bilan yashab boʻlmaydi!” demaydi. Ular shovqin, sovuq, koʻp qovurib yuborilgan goʻsht, ovqatning tuzi oʻtkirligi yoki uyida mehmonlar borligi tufayli gʻazabga minmaydi…
  2. Ular faqatgina kambagʻallar yoki qarovsiz mushuklarga achinmaydi. Ular oddiy koʻz bilan koʻrib boʻlmaydigan narsalar uchun ham qaygʻuradi…
  3. Ular birovning mulkini hurmat qiladi, shu bois qarzlarini qaytaradi.
  4. Ularning yuragi toza, yolgʻon gapirishdan qattiq qoʻrqadilar. Hazillashib ham yolgʻon gapirishmaydi. Yolgʻon tinglovchiga haqorat boʻlib tushadi va uning nazarida soʻzlovchini qadrsizlantiradi. Ular oʻzini koʻz-koʻz qilmaydi, koʻchada ham oʻzini yaxshi tutadi, birodarlarining koʻziga kul sochmaydi. Ular vaysaqi boʻlmaydi, soʻralmagan paytda hamma narsani ochiq-oydin gapiravermaydi… Begona quloqlar hurmati uchun koʻpincha sukut saqlaydilar.
  5. Boshqalarning rahmini keltirish yoki yordam olish uchun oʻzlarini yerga urmaydilar. Oʻzining koʻngilxushligi uchun birovlarning tuygʻularini oʻyin qilmaydilar. Hech qachon “Meni tushunishmayapti!” demaydilar.
  6. Ular mayda-chuyda narsalarga berilmaydi. Mashhurlar bilan tanishish, salonda duch kelgan odamni hayratlantirish, qovoqhonalarda dong taratish bilan mashgʻul boʻlmaydilar.
  7. Isteʼdodlari boʻlsa, uni hurmatlaydilar. Uni deb huzur-halovat, aysh-ishrat, ichkilik va maishatlardan voz kechadilar.
  8. Ular oʻzlarini madaniy tarbiyalab boradi. Kiyimini alishtirmay uxlamaydi, uylarini taxtakanaga toʻldirmaydi, yoqimsiz havodan nafas olmaydi, isqirt polda yurmaydi, kerasinkadan ovqatlanmaydi…

Va hokazo. Xullas tarbiyalanganlar shunday boʻladi… Tarbiyalanish va oʻzing kirgan muhit darajasidan tubanda qolib ketmaslik uchun faqatgina Pikvikni oʻqish va “Faust”dan parcha yodlab olish kifoya qilmaydi. Yoki izvoshga oʻtirib Yakimankaga yoʻl olish, bir haftadan soʻng u yerdan ham bartaraf boʻlish yetarli emas…

Kunduzi ham, kechqurun ham toʻxtovsiz ishlash, tinmay oʻqish, sinchiklab oʻrganish, irodali boʻlish kerak. Har bir soat oltinga teng… Yakimankaga borish va qaytib kelish foyda bermaydi. Bariga qatʼiyat bilan tupurish va qoʻl siltash zarur… Biznikiga kel, aroq shishangni sindir-da, yotvolib oʻqi. Hech qursa Turgenevni, axir uni oʻqimagansan-ku…

 

Moskva, 1886

 

Orif Tolib tarjimasi

 

“Yoshlik” jurnalining 2019-yil 6-sonida chop etilgan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.