Askar qoʻshigʻi
Saflarda qad kerib turgan ey askar,
Bilgil, mardni koʻrsa, chekinar xatar.
Yurakni, bilakni etgil safarbar,
Gulday diyoringni asra hamisha!
Duosi, soʻzlari yodingda tursin,
Nur ingan yuzlari yodingda tursin,
Mehrli koʻzlari yodingda tursin,
Onaizoringni asra hamisha!
Singling bor – tegrangda parvona, halak,
Ogʻa-ining esa – magʻrur, dovyurak.
Chin doʻstlaring boʻlar yurakka tirgak –
Qatorda noringni asra hamisha.
Bir kuni omading, baxting kuladi,
Uying ham, koʻngling ham fayzga toʻladi.
Bolangga munosib ona boʻladi –
Intizor yoringni asra hamisha!
Vatan – or timsoli, Vatan – nomus, shon,
Nomus bilan aziz sanalgay inson.
Sen oringga qoʻrgʻon, or – senga qoʻrgʻon,
Oringni – boringni asra hamisha!
Orif Tolib
2014