Soʻzning sirtini tushunmang
Obunachilardan biri vayner Bobur Mansurovning videosini yuboribdi. Koʻpchilik bu videoni yuzaki tushunib qolayotganini aytibdi.
Vaynda baʼzi iboralar kulgiga olingan. Coʻzning sirtini tushunish hajv qilingan desa ham boʻladi. Chunki qahramon obrazli fikr nimaligini bilmaydi, “birov tomdan tashlasa, sen ham tashla” deyilsa, tomga qarab chopadigan xilidan. Lekin videoda bu iboralar asli toʻgʻriligi, uni yanglish tushunmaslik kerakligiga ishora yoʻq. Shu bois iboralar tanqid qilinayotganday taassurot uygʻotadi.
Vayndagi hech bir ibora xato emas. Iboralar, oʻxshatishu mubolagʻalar, maqollar – har qanday tilning boyligi. Bunday iboralarni ingliz, nemis, rus, arab, turk, qozoq, oʻzbek – istagan tilda uchratish mumkin.
Obrazli fikrlash nima? Masalan, biror ishdan xursandligimizni ifodalash uchun “boshim koʻkka yetdi” deymiz. Boshimiz hech qachon osmonga yetmaydi. Lekin bu ibora bilan quvonch, xursandlik hislari kuchli ekanini ifodalaymiz. Zamonaviy til bilan aytganda, holatni kreativ tasvirlaymiz. Ana shu obrazli fikrlashdir.
Vayndagi iboralarning asl maʼnosi nima?
Videoda maʼnosi soʻzma-soʻz tushunilgan iboralar boshqa mazmunga ega:
Mashinangning tagidan doim shamol oʻtib tursin – mashinang doim harakatda boʻlsin, buzilib, bir joyda qolmasin.
Boshing toshdan boʻlsin – kuchli chidam-bardoshga ega boʻl, senga zarar-shikast yetmasin, umring uzoq boʻlsin.
Topganing toʻylarga buyursin – topgan puling xursandchilikka ishlasin.
Qoʻchqorday oʻgʻil bersin – sogʻlom, baquvvat oʻgʻil koʻr.
Bu iboralar ichida bittasi rostdan tanqidboproq, uning bunday boʻlishiga esa oʻzimiz sababchimiz. Topgan-tutganimizni, baʼzan umrimizni toʻyga bagʻishlab yuboramiz. Buning fonida iboradagi ijobiy maʼno yoʻqolib, salbiylik kasb etadi. Topganing toʻyga buyursin degani aslida yaxshi niyat, ezgu tilak. Nima, topganing azaga buyursin deyish kerakmi?
Hatto topganing ilmga buyursin degan gapni ham qiyshiq tushunish mumkin: topganini oʻqishga, kitob sotib olishga ishlatadi, oʻzi esa yupun, och-nahor yashaydi.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.