​“Qonuninggayam, davlat tilinggayam!” dedi

​“Qonuninggayam, davlat tilinggayam!” dedi

Kecha gʻalati bir xabarga koʻzim tushdi.

Kun.uz muxbiri Ilyos Safarov katta bir matbuot anjumanida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Yelena Babenkoga davlat tilida savol berdi va nima uchun oʻzbekcha gapirmagani yoki tarjimon bilan kelmaganini soʻradi. Deputat esa unga savolni rus tilida berishini aytdi. Hech bir uyalish, hech bir istihola yoʻq.

“Davlat tilinggayam, dedi, yigʻilishinggayam dedi, yigʻilishingni direktorigayam dedi. Qonunlaringgayam, dedi. Qoʻrqmadi! Deputat-da u!”

Deputat bu savol javobini kanaliga joylashini, kanal aʼzosi boʻlgan Amerikadagi oʻzbek diasporasi vakillari bajonidil ruscha gapirishini taʼkidladi. Ummon ortidagi ruschani maʼqul koʻradigan uch-toʻrtta obunachi manfaati oldida bir necha millionli auditoriya manfaati ahamiyatsiz. Jurnalist sening kanaling uchun material tayyorlamaydi-ku, deydigan odam yoʻq. Xullas, ushbu javobdan keyin Ilyos Safarov Yelena Babenkoning qaysi hududdan deputatlikka saylangani, necha foiz ovoz olgani va u oʻz saylovchilariga qaysi tilda targʻibot olib borgani bilan qiziqdi. “Andijon, eski shahar, 85 foiz ovoz olganman”, dedi Babenko savolga javoban.

Shu yerida menda boshqa bir savol ham paydo boʻldi. Andijon shahrining asosiy aholisi oʻzbeklardan iborat. Ayniqsa, eski shaharda. Qanday qilib u 85 foiz ovoz ola bilgan? Yo saylovchilar bilan uchrashuvga tarjimon bilan kelib, xalq koʻnglidagi nozik-nozik masalalarda vaʼz irod qilganmikan? Hozir-chi? Saylovchilar bilan uchrashib gaplasharmikan? Yo 85 foiz saylovchi (aslida u qolgan 15 foiz uchun ham deputat) ruschani tippa-tiniq tushunidagan boʻlib ketdimikan? Oʻzi biror MARTA uchrashganmikan saylovchilar bilan?

Men rus tilini ham, adabiyotini ham yaxshi koʻraman. Ruslarning oʻzi ham bugun deyarli oʻqimay qoʻygan rus adiblarini oʻqiyman. Rus tili orqali bilimimni oshiraman. U kuchli, imkoniyati keng til ekanini eʼtirof etaman. Menimcha, bunday fikrdagilar ancha koʻp. Ammo hech bir til, jumladan, rus tili oʻzbek tilining xorlanishi, chetga surilishiga sabab boʻla olmaydi. Bunga uringanlar koʻp sonli oʻzbeklar qatori mening nazdimda ham qadrsizdir.

Deputatning yonini olishga uringan “Oʻzgidromet” bosh direktori ham, yigʻilishni boshqargan oʻrtakash-moderator ham shunchaki mohiyatdan chetga chiqqan. Jurnalist aniq-tiniq savol beryapti: “Ey hurmatli davlat xizmatchisi, nega davlat tilida gapirmayapsiz?” “Advokatlar” esa sohada asosan rusiyzabonlar ishlashi, kadr yoʻqligi, bu mavzuning hozir mavridi emasligi kabi yopishmagan gajaklarni tiqishtirish bilan ovora. Afandining “Oʻzing nega xotiningga kavush olib bermading?” degan javobi esga tushadi beixtiyor.

Agar sohada davlat tilini biladigan malakali kadrlar rostdan ham yetishmasa, hamma ishni qoʻyib, faqat shu bilan shugʻullanish kerak. “Oʻzgidromet” beradigan ob-havo maʼlumotisiz ham shaxsan mening kunim oʻtaveradi.

Bu masalaga davlat tiliga masʼul Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish departamenti, oʻzbekcha (bilishni) istamaydigan deputat faoliyat olib boradigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi albatta munosabat bildirishi kerak. Koʻzimiz ham, qulogʻimiz ham sizda, hurmatli mutasaddilar.

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.