Avstraliya Ittifoqi
Maydoni: 7 692 024 kv. km.
Aholisi: 23 milliondan ortiq.
Poytaxti: Kanberra shahri.
Boshqaruv shakli: parlamentli monarxiya.
Davlat boshligʻi: Buyuk Britaniya qirolichasi.
Maʼmuriy tuzilishi: 6 ta shtat va 2 ta qitʼa hududiga boʻlinadi.
Yirik shaharlari: Sidney, Melburn, Brisben, Pert, Adelaida.
Pul birligi: avstraliya dollari.
Jugʻrofiy oʻrni, tabiati. Janubiy yarimsharda joylashgan. Avstraliya qitʼasi, Tasmaniya oroli hamda Hind va Tinch ummonlaridagi bir nechta orolni egallagan. Maydoni boʻyicha dunyoda oltinchi oʻrinda. Mamlakat shimolida Sharqiy Timor, Indoneziya va Papua – Yangi Gvineya, shimoli-sharqida Vanuatu, yangi Kaledoniya va Solomon orollari, janubi-sharqida esa Yangi Zelandiya oʻrinlashgan.
“Avstraliya” atamasi lotincha “australis” – “janubiy” soʻzidan kelib chiqqan.
Mamlakat iqlimiga ummon havo oqimlarining taʼsiri katta. Shu sababli qurgʻoqchilik kuzatiladi, bosim kamayishi natijasida boʻronlar yuzaga keladi. Shu va shu kabi omillar tufayli yogʻin miqdori har yili turlicha boʻladi. Avstraliya shimolida tropik iqlim hukmron, yozda yomgʻir koʻp yogʻadi. Oʻlka hududining deyarli toʻrtdan uch qismi choʻl va yarimchoʻllardan iborat. Janubi-sharqiy hududlarning iqlimi moʻʼtadil.
Avstraliyaning asosiy tabiiy boyligi mineral resurslardir. Alyuminiy rudasi va sirkoniy zaxirasi boʻyicha dunyoda ikkinchi oʻrinda, uran zaxirasi boʻyicha birinchi oʻrinda va uni qazib olib boʻyicha uchinchi oʻrinda turadi. Koʻmir, marganets, oltin va olmos zaxiralari ham koʻp.
Daryolari kam. Eng uzun daryosi – Murrey – 2375 km. Koʻllari koʻp. Ularning aksariyati yomgʻir suvlaridan hosil boʻlgani uchun koʻp payt shoʻrxok balchiq bilan qoplanib turadi.
Hayvonot va oʻsimlik dunyosi boy.
Tarixiy sanalari. Ilmiy taxminlarga koʻra, qitʼaning tubjoy aholisi boʻlmish aborigenlar bu hududga miloddan 60-40 ming yillar oldin kelib oʻrnashgan. Ular milodiy XVIII asrga qadar ibtidoiy shaklda hayot kechirgan.
Qitʼani yevropaliklardan birinchi boʻlib 1606-yili golland sayyohi Villem Yanszon ochdi va unga Yangi Gollandiya deb nom berdi. Yangi qitʼani oʻrganish uchun Buyuk Britaniya bir necha ekspeditsiya yubordi. 1788-yili Avstraliya Angliya hududi deb eʼlon qilindi.
XIX asrning 20-yillaridan boshlab Avstraliyada qoʻychilik rivojlandi, 30-yillarda dastlabki sanoat korxonalari paydo boʻldi. 1901-yili Avstraliyadagi mustamlakalar olti shtatdan iborat federatsiyaga – Avstraliya Ittifoqiga birlashtirildi va u dominion maqomini oldi. Ikkinchi jahon urushidan keyin Avstraliya Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdoʻstlik tarkibida qolgan boʻlsa-da, mustaqil davlatga aylandi.
Milliy bayrami – Avstraliya kuni (26-yanvar).
1945-yildan Birlashgan Millatlar Tashkiloti aʼzosi. Oʻzbekiston bilan elchilik munosabatlarini 1991-yili oʻrnatgan.
Iqtisodi. Avstraliya iqtisodiyoti yuksak rivojlangan davlatlardan biri. Sanoatning kimyo, elektrotexnika, metallurgiya, avtomobilsozlik kabi sohalari taraqqiy etgan. Aholi jonboshiga elektr energiyasi ishlab chiqarish boʻyicha dunyoda birinchi oʻrinda turadi. Maydoni katta, aholisi kam boʻlgani uchun ayrim hududlarda kadr yetishmasligi kuzatiladi. Ishchi-xizmatchilarning 25 foizi chet elliklar.
Sayyohlik, taʼlim va bank kabi tarmoqlarni oʻz ichiga oluvchi xizmatlar
sohasi mamlakat yalpi ichki mahsulotining 69 foizini tashkil etadi. Garchi qishloq xoʻjaligi va tabiiy resurslarni qazib olish sohalarining ulushi bu borada 3-5 foiz atrofida boʻlsa-da, ular eksportda katta salmoqqa ega. XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab Avstraliya Yaponiya va boshqa Sharqiy Osiyo davlatlari bilan faol savdo-iqtisodiy aloqalarni oʻrnatdi.
Asosiy xaridorlari – Yaponiya, AQSH, Xitoy, Janubiy Koreya va Yangi Zelandiya.
Aholisi. XVIII asrning soʻngiga qadar bu oʻlkaning tubjoy aholisi aborigenlardan iborat edi. Ayni damdagi aholi XIX-XX asrlarda asosan Buyuk Britaniya va Irlandiyadan koʻchib kelgan muhojirlarning avlodidir. 2006-yilgi roʻyxatga olish maʼlumotlariga koʻra, aholi orasida avstraliyaliklar (31, 13 foiz), inglizlar (29, 65), irlandlar (9, 08), shotlandlar (7, 16), italyanlar (4, 29), olmonlar (4, 09) va xitoylar (3, 37) koʻpchilikni tashkil etadi.
Shaharlashish darajasi – 89 foiz.
Rasmiy tili – ingliz tili.
Dini. Aholining asosiy qismi nasroniylardir. 2011-yilgi maʼlumotlarga koʻra, 476 000 dan ortiq kishi, boshqacha aytganda aholining 2, 2 foizi musulmonlardan iborat. Islom dini eʼtiqod qiluvchilari soni boʻyicha mamlakatda uchinchi oʻrinda turadi.
Avstraliyaga musulmonlar yevropaliklardan yuz yillar oldin kelgan. Indoneziyalik savdogarlar mahalliy aborigenlar bilan savdo-sotiq aloqalarini yoʻlga qoʻygan. XIX asrning ikkinchi yarmida oʻlkaga Markaziy Osiyoliklar ham kelib oʻrnashgan. Ular asosan tuyakashlik va karvonboshilik bilan shugʻullangan.
Oʻlkadagi birinchi masjid 1861-yili Marrey shahrida qurilgan. Hozir esa yuzdan ortiq masjid faoliyat yuritadi.
Islom mamlakatda eng keng tarqalayotgan dindir. 2007–2012-yillarda oʻsish surʼati 40 foizni tashkil etdi. Oʻlkada bir qancha islomiy tashkilotlar, oliy va oʻrta-maxsus oʻquv yurtlari faoliyat yuritadi.
Orifjon MADVALIYEV tayyorladi.
“Hidoyat” jurnalining 2015-yil 7-sonida chop etilgan.