Avstraliyada Islom

Avstraliyada Islom

Yashil qitʼa tuprogʻiga ilk qadam qoʻygan musulmonlar indoneziyalik savdogarlar boʻlgan. Ular Avstraliyaga ovrupalik mustamlakachilardan yuz yillar oldin kelgan. Indoneziyaliklar va tubjoy aborigenlari oʻrtasidagi munosabatlar shu qadar kuchayib ketganidan muhojirlarning tili mahalliy tilga taʼsir oʻtkazgan va ikki tomon quda-anda boʻlib, oʻzaro yaqin qarindoshlarga aylangan.

Keyinroq XIX asr oʻrtalarida ovrupaliklarga yangi yerlarni oʻzlashtirishda yordam berish uchun musulmon oʻlkalaridan, jumladan, Yaqin Sharq mamlakatlaridan tuyakashlar keltirilgan. Shunday qilib, qitʼaning ichkariroq qismlariga, choʻl va sahro hududlariga ham yetib borgan musulmonlar sababli asta-sekin Islom dini yoyila boshladi. Vaqtlar oʻtib, ular mahalliy aholi bilan aralashib ketdi. Mana shu ilk musulmonlarning avlodlari Janubiy Avstraliyada (1861) va Adelaidada (1890) birinchi masjidlarni qurdilar.

XX asr boshlarida mamlakatdagi vaziyat tubdan oʻzgardi, oqtanli boʻlmagan boshqa elat vakillari qatori musulmonlarning ham oʻlkaga kirib kelishi qiyinlashdi. Bu oʻsha paytdagi irqchilik siyosati bilan bogʻliq edi. 1920-1930-yillarga kelibgina bir nechta alban va bosniyalik musulmonlar Avstraliyaga kelishga muvaffaq boʻldi. Bunga ham ularning ovrupa millatiga mansub boʻlganlari sababli ruxsat berilgan edi. Ularning dinni targʻib etishi, masjidlar qurishi qiyinchilik bilan kechdi. 1960-yilga kelibgina Viktoriya shtatining Sheparton shahrida, oradan uch yil oʻtib, oʻlkaning yirik shaharlaridan biri Melburnda masjid barpo qilindi. Ana shu yillardan boshlab Avstraliyada irqchilik kayfiyatidagi siyosatdan voz kechildi va koʻpmillatli, rang-barang madaniyatli jamiyat yaratish harakati boshlandi. 1960-yillarning oʻrtalaridan eʼtiboran esa, mamlakatga muhojirlar oqib kela boshladi. Ularning orasida musulmonlar ham bor edi. 1967 – 1971-yillar oraligʻida Avstraliya Ittifoqi va Turkiya hukumatlari kelishuviga binoan oʻlkaga oʻn ming nafar turk kelib oʻrnashdi. Ular Melburn va Sidneyda qoʻnim topdi, musulmonlar jamoasi shakllanishiga katta taʼsir koʻrsatdi. Keyingi yillarda keluvchilar soni yanada oshdi. Bangladesh, Lubnon, Shimoliy Afrika, Afgʻoniston, Pokiston, Eron kabi musulmon oʻlkalardan ham juda koʻp aholi koʻchib keldi. XXI asr boshida Avstraliyada oltmishdan ortiq mamlakatdan kelgan musulmonlar istiqomat qilardi. Dinsiz kishilarni istisno qilganda, Islom eʼtiqod qiluvchilar soni boʻyicha mamlakatda nasroniylik va buddizmdan keyin uchinchi oʻringa koʻtarildi. Ular aholining 1,71 foizini – 340 mingdan ortiq kishini tashkil etardi. Bu esa aholisi yigirma million boʻlgan Avstraliya uchun kichkina raqam emasdi.

Hozir mamlakatda bir qancha islomiy muassasalar va xayriya jamgʻarmalari faoliyat yuritadi.

Maktablar va oliy oʻquv yurtlarida koʻpmadaniyatlilik tamoyiliga amal qilinadi. Musulmonlarning oʻzi ham shu fikr tarafdori. Jamiyatda tolerantlik – bagʻrikenglik kayfiyati hukmron. Dunyo ommaviy axborot vositalari orqali mamlakatga turli salbiy maʼlumotlar yetib kelayotgan boʻlsa-da, mahalliy aholi Islom diniga va unga eʼtiqod qiluvchilarga ijobiy munosabatda.

2012-yilgi maʼlumotlarga koʻra, oxirgi besh yil ichida Avstraliya musulmonlari soni qirq foizga, 1976-yildan hisoblaganda esa oʻn foizga ortgan. Hozir musulmonlar aholining 2,2 foizidan koʻprogʻini tashkil etadi.

 

Internet materiallari asosida Orifjon MADVALIYEV tayyorladi.

 


“Hidoyat” jurnalining 2014-yil 1-sonida chop etilgan.


 

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube