Ayniqsa: vergul kerakmi, kerakmasmi?
Ayniqsa soʻzi bilan vergul ishlatiladigan va ishlatilmaydigan holat bor.
Vergul kerak:
Ayniqsa modal soʻz boʻlib kelib kelsa. Bunda u xususan soʻziga maʼnodosh boʻladi. Ikkovini bemalol almashlab qoʻllash mumkin:
Yormatni, ayniqsa, Gulsumbibini oʻylab, ularga achindi.
(Yormatni, xususan, Gulsumbibini oʻylab,
ularga achindi.)
Oybek, Tanlangan asarlar.
Vergul kerak emas:
Ayniqsa soʻzi juda ham, gʻoyat darajada, benihoyat maʼnolarini anglatsa.
Atom energiyasidan foydalanishning istiqboli ayniqsa kengdir.
(Atom energiyasidan foydalanishning istiqboli juda ham kengdir.)
“Fan va turmush”.
❗️ Bir chalgʻituvchi holat bor. Ayniqsa soʻzi taʼkid, kuchaytirish maʼnosida kelganda tajribali muharrirlar ham vergul qoʻyish-qoʻymaslikda oʻylanib qoladi. Kitoblarda, jumladan, izohli lugʻatda ham baʼzan vergul ishlatilgan, baʼzan ishlatilmagan. Men vergul qoʻyilmasligi tarafdoriman. Chunki bunda vergul gapdagi kuch, mantiqiy urgʻuni susaytiradi:
Bu gaplar ayniqsa siz bilan menga kelishmasa ham, azbaroyi meni yolgʻiz tashlab qoʻyganingizdan aytdim.
A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar.
Gulnoz ayniqsa bu oqshom beorom.
H. Gʻulom, Toshkentliklar.
Bu misollar izohli lugʻatdan olindi. Lugʻatda ham vergul ishlatilmagan. Yuqoridagi ikki misolda ayniqsa soʻzi oʻrniga xususan soʻzini qoʻyish mumkin. Ammo bunda xuddi vergul qoʻyilgandagi kabi mantiqiy urgʻu, ajratib koʻrsatishning maʼnosi yoʻqoladi. Demak, bu yerda vergul kerak emas.
Har qanday grammatika yoki imlo qoidasi birinchi galda mazmunni toʻkis ifodalashga xizmat qilishi kerakligini oldin ham aytgan edik.
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.