“Ayting, bu sizmasmi, turnalar?”
Qizlarni toʻsatdan quchdi shamollar,
Oq bulutlar uzra uchdi roʻmollar –
Ayting, bu sizmasmi, turnalar?
Meni tuni boʻyi oʻrtagan alam
Sizib kirdi kunning koʻzlariga ham –
Ayting, bu sizmasmi, turnalar?
Nuryuzli ayollar yozdilar qanot,
Ularni bagʻriga oldi xotirot –
Ayting, bu sizmasmi, turnalar?
Uchburchak konvertlar qatida yuzlab
Maktublarim uchdi Kavkazni koʻzlab –
Ayting, bu sizmasmi, turnalar?
Kuz kunlari tinmay toʻzgʻitib xazon,
Boshim uzra rosa soldilar suron –
Ayting, bu sizmasmi, turnalar?
Rasul HAMZATOV
Yuragimni tirnab oʻtdi satrlar,
Soʻng qogʻoz bagʻriga botdi satrlar –
Ayting, bu sizmasmi, turnalar?
Togʻ. Koʻklarga tutash uy tomida jim
Turibman va boshim uzra betinim
Nogʻora qoqyapsiz, ey siz, turnalar!
Rus tilidan
Orif Tolib
tarjimasi