Bagʻrikeng diyor musulmonlari
Singapur – koʻplab millat va elatlar, turli din va qarash egalari bahamjihat, tinch-totuv yashab kelayotgan mamlakat. Eʼtiqodiy masalalarda turli tushunmovchiliklar, toʻqnashuvlar yuzaga kelmagani mahalliy hukumatning katta yutugʻi sifatida eʼtirof etiladi.
Islom bu mintaqada XIV-XV asrlarda keng tarqaldi. Malakka sultonligi 1500-yillarda oʻz hududida shariat tartib-qoidalarini joriy etdi. Undan keyin tashkil topgan va 1824-yilgacha hukm surgan Juhur sultonligida ham shu tizim saqlanib qoldi. Singapur va unga qoʻshni mamlakatlar Buyuk Britaniya tasarrufiga oʻtgach, shariat shaxsiy huquq sohasi sifatida qoʻllanila boshlandi.
1915-yili Britaniya hukumati Islomiy maslahat kengashini tashkil etdi. Kengashning asosiy vazifasi Islom dini va mahalliy anʼanalar boʻyicha hukumatga maslahat berish edi.
1965-yili Singapur mustaqil boʻldi va oʻz Konstitutsiyasini qabul qildi. Unda boshqa huquqlar qatori eʼtiqod erkinligini taʼminlash ham belgilab qoʻyildi. 1968-yili musulmonlar huquqlarini himoya qiluvchi va ularga turli masalalarda koʻmak beruvchi Singapur islomiy-diniy kengashi (Majlis Ugama Islam Singapura) tashkil topdi. Bu tashkilot 1978-yildan halol mahsulotlarni sertifikatlash bilan ham shugʻullanadi.
Bugun Singapur aholisining 15 foizga yaqini musulmonlardan iborat. Ular shofiiy va hanafiy mazhabidagi sunniylardir. Mamlakatda 75 ta masjid faoliyat yurityapti. Oʻlkadagi eng qadimgi masjid 1820-yili qurilgan “Umar Kampong Malakka” jomesidir. Bir paytning oʻzida ming nafar namozxonni sigʻdira oladigan ushbu masjidga mahalliy savdogar Said Umar ibn Ali Aljunid asos solgan. Aljunidlar oilasi Singapur rivojiga katta qoʻshgan. Boy-badavlat bu xonadonning xayriyalari bilan maktablar, shifoxonalar va turli ijtimoiy ahamiyatga molik binolar barpo etilgan. Bugun Singapurdagi bir nechta koʻchaga bu oila vakillarining nomi berilgan.
Mamlakatda 6 ta madrasa bor. “Aljunid al-Islamiya”, “Alsagof al-Arabiya”, “Al-Irshod al-Islamiya” va “Al-Maarif al-Islamiya” ularning eng yiriklaridir.
Singapurda ikki hayit rasmiy dam olish kuni deb belgilangan.
Orifjon MADVALIYEV tayyorladi.
“Islom nuri” gazetasining 2019-yil 13-sonida chop etilgan.