Bemorning nasihati

Bemorning nasihati

Bugun xabar keldi: bobosining ahvoli ogʻirlashib, kasalxonaga tushibdi. U shoshilinch vokzalga bordi, chipta olib, poyezdga oʻtirdi. Keta-ketguncha
bobosi bilan bogʻliq yorqin xotiralar xayolidan lip-lip oʻtib turdi. Baroq qoshlari, yilt-yilt jilvalanib turadigan, bolalarnikiday musaffo koʻzlari, mosh-guruch soqoli, biroz egilgan qomati, koʻcha-koʻyda oʻtirsa, oyoqlari orasiga qoʻyib oladigan hassasi – hamma-hammasi koʻz oldida namoyon boʻldi. Bobosi uni boshqacha suyardi, hatto kap-katta boʻlib qolganida ham yelkasiga opichlab yurardi. Mana endi toʻshakka mixlanib, sevimli nabirasining yoʻliga koʻz tikib yotibdi.

Kasalxona boʻlmasi keng va yorugʻ edi. Dorilarning achimsiq hidi qorishgan xonada bobosidan boshqa hech kim yoʻq. Nevarasi kelganini koʻrgan bobo yonboshladi, boshini biroz koʻtardi, yuzlari yorishdi.

Salom-alik qilib, hol ahvol soʻrashdilar. Qariya zoʻrgʻa nafas olar, koʻkragi koʻtarilib-koʻtarilib tushardi. U harsillab, zoʻrgʻa gapirayotgan boʻlsa-da, nevarasi uchun unutilmas hayot sabogʻini bera oldi:

– Bolam, oʻtayotgan har bir daqiqani avayla. Hayotingning qadriga yet. Hozir dunyodagi minglab, balki millionlab odamlar ana shu hayotni ozgina uzaytirish, bir necha kun, bir necha soat koʻproq yashash uchun kurashib yotibdi. Yodingda boʻlsin, hech bir sabab umringni sovurishga arzimaydi.

 

Orif Tolib

 

“Hidoyat” jurnalining 2023-yil 10-sonida chop etilgan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.