Yigirma besh sent
Oʻn yoshlardagi bir bola qahvaxonaga kirib, stolga oʻtirdi. Ofitsiant ayol kelgach, bola:
– Shokoladli, yongʻoqli muzqaymoq necha pul turadi? – deb soʻradi.
– Ellik sent, – deb javob berdi ayol.
Bola choʻntagidan tangalarini olib hisoblashga kirishdi.
– Oddiy, hech narsa qoʻshilmagan muzqaymoq qancha? – deb soʻradi bolakay.
Ofitsiantni boshqa stollarda mijozlar kutib turardi. Ayol norozi ohangda, istamagan koʻyi:
– Yigirma besh sent, – deb javob berdi.
Bola yana tangalarini sanab chiqdi.
– Oddiy muzqaymoq olib keling, – deb buyurdi keyin.
Xizmatchi ayol muzqaymoqni olib kelgach, biryoʻla hisob qogʻozini stolga qoʻyib koʻzdan gʻoyib boʻldi. Bolakay muzqamoqni yeb tugatgach, kassaga pul toʻladi va chiqib ketdi.
Ofitsiant stolni tozalash uchun kelganda tomogʻiga nimadir tiqilganday boʻldi. Stol ustida, boʻsh idish yonida tartib bilan terilgan yigirma besh sent tanga turardi. Bu unga qoldirilgan choychaqa edi.
Orif Tolib
“Islom nuri” gazetasining 2023-yil 20-sonida chop etilgan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.