Bilmaslikning foydasi

Bilmaslikning foydasi

Bir ishbilarmon Janubiy Amerikada tuxum sarigʻicha keladigan olmos sotib oldi. Biroq olmosning oʻrtasida teshik bor edi. Balki birorta joʻyaliroq maslahat berar degan umidda tadbirkor bir yaxshi zargarning oldiga bordi. Zargar olmosni koʻrib, zavq bilan bosh silkitdi:

– Bu toshni ikkiga boʻlish mumkin. Undan ikkita brilliant chiqadi va har biri olmosning oʻzidan koʻra qimmatroqqa baholanadi. Biroq bitta muammo bor: agar zarb toʻgʻri berilmasa, bu moʻʼjaz moʻʼjiza parcha-parcha boʻlib ketadi. Bu parchalardan yasalgan brilliantlar, toʻgʻrisini aytganda, sariq chaqaga qimmat boʻlib qoladi. Men bunaqa tahlikali ishni boʻynimga ololmayman, uzr.

Ishbilarmon bu masalada oʻzi safar qilgan juda koʻp mamlakatlardagi zargarlarga murojaat qildi. Ammo ular ham xuddi shu gapni deyarli takrorladi. Oxiri unga Amsterdamdagi keksa va mohir zargarga uchrashni tavsiya etishdi.

Ishbilarmon taʼrifi ketgan zargarning huzuriga yoʻl oldi. Usta durbin-monokli bilan olmosga yaxshilab tikilgach, boshqalar singari bu ishning tahlikali jihatlari haqida soʻzlay ketdi. Ishbilarmon zargarning soʻzini kesib, bu gaplarni koʻp va xoʻb eshitgani, deyarli yod bilishini aytdi. Zargar ishni olishga rozi boʻldi, narxini ham kelishdi.

Tosh egasi rozi boʻlgach, usta uzoqroqda oʻzlariga orqa qilib ishlab oʻtirgan shogirdini chaqirdi. Ustozidan kerakli topshiriqni olgan shogird toshni kaftiga qoʻyib, bolgʻacha bilan urdi. Ikkiga boʻlingan toshga eʼtibor ham qilmay, ustoziga qaytarib berdi. Ishbilarmon hayratini yashirolmadi:

– Zoʻr-ku, bu yigit sizda qachondan beri ishlaydi?

– Endi uchinchi kun. U bu toshning haqiqiy bahosini bilmaydi. Shu sababli qoʻrqmay, qoʻllari qaltiramay ishga kirishdi, – deb javob berdi nuroniy zargar.

 

Orif Tolib tayyorladi.

 

“Irfon” taqvimida (2014-yil 4-chorak) chop etilgan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube