Lugʻat boyligini qanday oshirish mumkin?
Oʻzini madaniyatli sanaydigan har bir odam ona tilini puxta bilishi kerak. Oʻz tilingda aytilgan narsani tushunmay turish juda uyatli holat. Xoʻsh, tilni yaxshi bilish uchun nima qilish kerak? Buning uchun birinchi navbatda lugʻat boyligimiz koʻp boʻlishi kerak. Lugʻat boyligi biz biladigan soʻzlar jamlanmasidir. Demak, koʻp soʻz bilishimiz zarur.
Lugʻat boyligimizdagi soʻzlar ikki xil boʻladi: faol va kam qoʻllanadigan. Faol soʻzlar biz ogʻzaki va yozma nutqda ishlatadigan soʻzlardir. Kam qoʻllanadigan lugʻat esa biz u yoki bu darajada tushunadigan, maʼnosini toʻliq bilmaydigan, nutqda qoʻllamaydigan soʻzlardir.
Lugʻat boyligi koʻp boʻlgan odam til tovlanishlarini, uning oʻziga xosligini, ohangini, maʼno nozikliklarini ham yaxshi bilsa, yurakdan his qila olsa, chinakam til bilimdoniga aylanadi. Bu yoʻlda birinchi qadamni tashlash – lugʻat boyligini oshirish uchun nimalar qilish kerak? Quyida shu haqda soʻz boradi.
Kitoblar, maqolalar va badiiy adabiyotlarni koʻp oʻqing. Eng muhimi, ularning maʼno-mazmuniga jiddiy nazar tashlang. Oʻqiganlaringizni kasbdoshlaringiz yoki qiziqqanlarga aytib bering.
Matnda tushunarsiz soʻzga duch kelsangiz, gapning umumiy mazmunidan maʼnosini chaqib olaman demang. Izohli lugʻatni ochib, soʻzning asl maʼnosini oʻrganing. Xayolingizda shu soʻz qatnashgan gaplar tuzing.
Oʻzingizni qiziqtirgan sohaga oid soʻzlarni lugʻatdan koʻchirib, qayd qogʻozlarga yozib chiqing. Qaydvaraqchani hamisha oʻzingiz bilan olib yuring. Chunki boʻsh vaqtlarda unga qarab, soʻzlarni esga olish, yodlash mumkin.
Yangi oʻrganilgan soʻzlarni qofiyaga solib koʻring, ular ishtirokida gaplar tuzing. U anglatadigan maʼnoni tasavvuringizda shakllantirishga harakat qiling.
Biror-bir soʻzni oʻzlashtirgandan keyin qaydqogʻozni yangisiga almashtiring. Yangi soʻzni oʻrganishga kirishing.
Ishingiz samarali boʻlishini istasangiz, birdaniga koʻp soʻzni yodlashga kirishmang. Boshida kuniga 7-8 ta soʻz kifoya. Keyinroq qancha soʻzni oʻzlashtirishga qurbingiz yetishi oʻz-oʻzidan oydinlashadi.
Oʻrganilgan soʻzlarni amalda qoʻllab koʻring. Shunda ular xotirada mustahkam oʻrnashib qoladi.
Orif Tolib tayyorladi.
“Irfon” taqvimida (2014-yil 4-chorak) chop etilgan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.