Oʻzbekchasini unutganlar uchun mitti lugʻat
Soʻzlashuv tilida juda koʻp oʻzbekcha yoki oʻzbekchalashgan soʻzlarning oʻrnini yot soʻzlar egallab olgan. Aslida, bu soʻzlarning soddaroq, qisqaroq, tushunarliroq oʻzbekcha shakli bor. Lekin negadir begona soʻzlarni qoʻllayveramiz. Bu narsa ongimizga shu qadar singib ketganidan qanday holga tushib qolganimizni sezmaymiz ham. Taqvimning bu galgi soni til mavzusiga bagʻishlangani bois shunday soʻzlardan ayrimlari uchun kichik bir lugʻat tuzdik.
Baʼzilar lugʻatimizdagi soʻzlar yanglish yozilibdi, ruscha imlosi boshqacha boʻladi, deb eʼtiroz bildirishi mumkin. Bu eʼtiroz oʻrinsiz. Chunki biz oʻzbekmiz, oʻzbekcha talaffuz qilamiz. Shu sababli tilimizdagi begona soʻzlarni ham oʻzbekcha imloda beramiz.
Avans – boʻnak.
Aklad – oylik, maosh.
Balnisa – kasalxona, shifoxona.
Brat – aka, akaxon.
Vapshe, obshe – umuman. Aslida “umuman” soʻzini ham iloji boricha kam ishlatgan maʼqul.
Golubsi – doʻlma.
Da (telefon koʻtarilganda) – eshitaman, labbay. Yoki xalqaro “alo” soʻzini ham ishlatish mumkin.
Izdivatsa qilmoq – ustidan kulmoq.
Kanikul – taʼtil.
Kapchoʻniy – dudlangan, qoq, sur.
Karochi – qisqasi.
Koja – teri, charm, koʻn.
Mazgi – miya.
Malades – yashang, yasha, yashavor. Eskilar bu soʻz oʻrnida “barakalla” degan soʻzni ishlatishar edi.
Marazilnik – muzlatkich.
Mashennik – firibgar, qallob.
Medsestra – hamshira.
Moʻshniy – kuchli, zoʻr.
Narmalni – tuzuk, yaxshi, durust, chidasa boʻladi. Juda shu soʻzga mehr-muhabbatli boʻlgan kishi “normal” deb ishlatishi ham mumkin. Har holda ruscha qoʻshimchasiz boʻladi.
Naski – paypoq.
Otdix – dam olish.
Pashti – deyarli.
Popkorn – oqtelpak, bodroq.
Prayezd – kira haqi, yoʻlhaqi.
Propka – tiqilinch (yoʻl); tiqin (idishda).
Rayoʻn – tuman. Bu soʻz yoshi kattalar orasida hali-hanuz ishlatilyapti.
Salyoʻniy – tuzlangan, tuzlama, shoʻr.
Svejiy – yangi.
Svet – chiroq.
Subotnik – shanbalik. “Hashar” deyilsa, tamoman oʻzbekcha boʻladi.
Travma – jarohat.
Uje – bu soʻz alohida soʻz bilan tarjima qilinmaydi, qoʻshimchalardayoq maʼnosi ifodalanadi. Masalan, “Uje keldim” deyish oʻrniga “kelib boʻldim” deyiladi.
Uspet qilmoq – ulgurmoq.
Xalades – ilvira, ilkillama. Bu taomning oʻzbekcha nomini ayrim yoshi katta kishilargina bilsa kerak.
Xaladilnik – sovitkich.
Chtobi – uchun. Masalan, “Men atayin toʻliq gapirib berdim. Chtobi sen tushungin”. Men tushunishing uchun toʻliq aytdim, deyish qisqa, loʻnda, oʻzbekcha.
Ekanom qilmoq – tejamoq.
Bu kichik lugʻatni yana toʻldirish mumkin. Balki hozir yuqoridagi soʻzlarni oʻqib turib, u soʻz qolib ketibdi, bu soʻz qolib ketibdi, deb oʻylagandirsiz. Qaysidir soʻzlar xayolga kelmagani aniq.
Aziz vatandosh! Biz oʻzbekmiz, shu yurt farzandimiz. Boshqa barcha tillar va millatlarga hurmat saqlagan holda eng oldin oʻzimizni, oʻz tilimizni, oʻz millatimizni hurmat qilishimiz kerak. Oʻzini hurmat qilmaganni boshqalar hurmatlashi amri mahol.
Begona soʻzlardan qutulishga harakat qilib koʻring. Toʻgʻri, boshida sal oʻngʻaysiz tuyulishi mumkin. Lekin bu ishni uddalay olasiz.
Orif Tolib tayyorladi.
“Irfon” taqvimida (2014-yil 4-chorak) chop etilgan
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.