“Bir kallaqand, uch soʻm pul” – filmlardagi nodir soʻzlar, ularning maʼnosi nima?

“Bir kallaqand, uch soʻm pul” – filmlardagi nodir soʻzlar, ularning maʼnosi nima?

Baʼzi kamyob soʻz va iboralar kinofilm va multfilmlar sabab xotiramizga muhrlangan. Ularni eshitgan zahotimiz qadrdon kadrlar koʻz oldimizda jonlanadi. “Daryo” kolumnisti Orif Tolib bugun ana shunday soʻzlarning baʼzilarini izohlaydi.

 

Dandon sopli pichogʻingiz…

Shum bola boy otani boplab laqillatgan sahna yodingizdadir-a? Qoravoy boyni yigʻlatgan dahshatli hikoyasini shunday boshlaydi: “Eee, haligi, anuvi… Dandon sopli pichogʻiz bor-u, oʻsha sinib qoldi, oʻshani aytgani keluvdim…”

Xoʻsh, Shum bola qanaqa pichoqni aytyapti? Nima uchun bu pichoq ahamiyatli? Nega bu gapni eshitgan boy ota: “Roʻzgʻorda mening pichogʻimdan boshqa pichoq qurib ketgan ekanmi?” deya asabiylashish tomon qadam tashlaydi?

Dandon soʻzi asli forscha, tish maʼnosiga ega. Biroq bu oʻrinda fil suyagidan yasalgan degan maʼnoni anglatadi. Gap sopi fil suyagidan yasalgan, yaʼni qimmatbaho pichoq haqida ketyapti. Shum bola ana shu qimmatbaho pichoq bilan boyning suyukli tozi iti soʻyilib, terisi shilinganini aytadi va boyning ham asablarini shilishga kirishadi…

 

Uyida chaksa uni yoʻgʻ-u…

“Mahallada duv-duv gap” filmi qahramoni Oyposhsha syurpriz haqida eshitgandan keyin biroz alam, biroz maqtanchoqlik bilan aytgan gap yodingizdadir-a? “Uyida chaksa uni yoʻgʻ-u, tom boshida qoʻsh tandir”.

Bu filmning ssenariysini Abdulla Qahhor tarjima qilib, baʼzi oʻrinlarini deyarli boshqatdan yozib bergan. Shu sababli ham unda xalqona iboralar, tesha tegmagan topildiqlarga koʻp duch kelasiz.

Xoʻsh, chaksa soʻzi nimani anglatadi? Chaksa – qadimgi oʻlchov birligi, u pudning uchdan bir qismiga teng boʻlgan. Bugungi oʻlchovga oʻgirsak, besh yarim kilogrammga toʻgʻri keladi. Demak, Oyposhsha aytgan maqol uyida besh-besh yarim kilo ham uni yoʻq, lekin hovlisiga ikkitadan tandir qurib olgan odamni tasvirlaydi. Gap imkonidan ortiq narsaga urinadigan, holiga yarasha ish qilmaydigan, yaʼni koʻrpasiga qarab oyoq uzatmaydigan kishilar haqida.

 

Murabbo-chi, qoʻlbola murabbo!..

“Uchrashuv” teleminiatyuralarini koʻrmagan oʻzbek tomoshabini topilmasa kerak. Ushbu asardagi ayrim soʻz va iboralar hayotimizga singib ulgurgan.

Filmning bir qismi sarlavhadagi soʻzlar bilan yakuniga yetadi. Unda tomogʻi taqillab, ichkilik dardida yuradigan kishilar va maqtanchoq mezbon kulgiga olingan.

Jumlada qoʻllangan qoʻlbola soʻzi qulogʻimizga tez-tez eshitilib turadi. U bu oʻrinda hafsala qilib, kishining oʻz qoʻli bilan tayyorlangan, pishirilgan degan maʼnolarni anglatadi. Demak, gap konserva zavodida tayyorlangan emas, qoʻlda pishirilgan, asil murabbo haqida.

Qoʻlbola iborasi soʻzlashuvda ham, badiiy adabiyotda ham faol ishlatiladi:

Bugun stipendiya olishgani uchun ikki oʻrtoq qoʻlbola osh qilishmoqchi boʻldi. (Oʻ. Hoshimov, “Qalbingga quloq sol”)

 

Kiroyi kuyaving shundogʻ boʻlsa!

“Oʻtkan kunlar” romani qahramoni Mirzakarim qutidor toshkentlik savdogar yigit Otabek haqida ayni shu maqtovni aytadi: “Kiroyi kuyaving shundogʻ boʻlsa!”

Xoʻsh, kiroyi nima degani?

Bu soʻz arabcha kiro soʻzi va forsiy -yi qoʻshimchasidan hosil boʻlgan, forschada arzirli, loyiq, sazovor boʻladigan degan maʼnolarni anglatadi. Oʻzbekchada ikki xil maʼnoda qoʻllanadi. Yuqoridagi jumlada aytishga arziydigan, gapirsa, maqtasa boʻladigan degan maʼnoga ega. Bu soʻz badiiy adabiyotda koʻp uchraydi:

Qishloqda duv-duv gap. Kiroyi kuyoving boʻlsa, Komiljondaqa boʻlsin. (Uygʻun, “Hayot qoʻshigʻi”)

Demak, Mirzakarim qutidor birovga aytsa arziydigan, maqtovli kuyov degan maʼnoda gapirgan.

 

Bir kallaqand, uch soʻm pul

“Arshin mololon” filmidagi bu ibora xalq orasida juda mashhur, yoshu qariga birday tanish boʻlib ketgan. Iborani ishlatamiz-u, lekin undagi kallaqand soʻzining maʼnosiga u qadar eʼtibor beravermaymiz. Xoʻsh, u nimani anglatadi?

Oldin qand asosan konus shaklida ishlab chiqarilgan. Maʼlumotlarga koʻra, bu usul haqida ilk bor IX asr arab olimi Zubayr ibn Bakkor qayd etgan. Bu turdagi qandlar Italiyada 1470-yildan, Belgiyada 1508-yildan, Angliyada 1544-yildan, Niderlandiyada 1566-yildan ishlab chiqarila boshlagan. Milliy ensiklopediyaga koʻra, hozirgi Oʻzbekiston hududida XX asr boshlariga qadar chetdan keltirilgan xomashyodan hunarmad-qandolatchilar aynan shunga oʻxshash qand ishlab chiqargan va u kallaqand deb atalgan. Kallaqandlar turli kattalikda boʻlgan va 5 kilodan 15 kilogacha tosh bosgan. Chakana savdoga boʻlaklarga boʻlingan holatda chiqarilgan.

Qumsimon shakar paydo boʻlgach, kallaqandlar savdo rastalarini asta-sekin tark etgan. Biroq baʼzi Yevropa mamlakatlari uni hozir ham ishlab chiqaradi. Oʻznetda kallaqand sotilishi haqidagi bir eʼlonga koʻzim tushdi. Demak, bizda ham u haligacha ishlab chiqariladi, xaridorlari bor.

 

Hey, bola, obakidandondan yeb…

Leonid Gaydayning “Ishbilarmon kishilar” filmidagi jumla yodingizda boʻlsa kerak-a: “Hey, bola, obakidandondan yeb, bizning aravada aylanib kelishni xohlamaysanmi?”

Xoʻsh, bu jumladagi obakidandon nimani anglatadi? Izohli lugʻatga koʻra, forscha obaki – suyuq, suvli va dandon – tish soʻzlaridan yasalgan bu soʻz oʻzbekchada shakar qiyomidan tayyorlangan shirinlik turini anglatadi:

Pensiyaga borsa, bir qarich keladigan qizil obakidandon, bir doʻppi olib keladi. (A. Muxtor, “Opa-singillar”)

Masalan, shakarni qaynatib, qiyom qilasiz, keyin unga limon kislotasi aralashtirasiz, keyin choʻp terib, ularning uch qismiga qiyomdan quyasiz. 10–15 daqiqadan soʻng, qiyom sovib, obakidandon hosil boʻladi. Hammamiz yaxshi biladigan xoʻrozqand ham obakidandonning bir turi.

 

Haftafahm, paytavaquloq, qarol!

“Ivan Vasilyevich kasbini oʻzgartiradi” filmini eslang. Chinakam shohdan bu gapni eshitgan Anton Shpak: “Kechirasiz, nima uchun nuqul qarol, qarol, deysiz?! Nima deganingiz bu?!” deydi norozilik va hayrat aralash. Haqiqatan, badiiy adabiyot yoki tarixdan yaxshi xabardor boʻlmagan kishiga anchayin notanish soʻz bu.

Qarol soʻzi qul, xizmatkor, batrak kabi maʼnolarga ega. Shoh Anton Shpakni birovning quli, xizmatkori deb oʻylaydi. Shu sababli ham Shpak: “Haqoratli rol ekan bu. Iltimos, menga tatbiq etmasin!” deydi norozi ohangda.

Shoh obrazi ishlatgan haftafahm va paytavaquloq soʻzlari ham bugungi tomoshabin uchun bir qadar begona. Haftafahm soʻzi biror narsani darrov uqib, tushunib ololmaydigan, anqov, befarosat kabi maʼnolarga ega. Paytavaquloq ham xuddi shunday haqoratli maʼno tashiydi.

 

Daryo.uz nashrida eʼlon qilingan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube