Unutilgan oʻzbekcha soʻzlar: “namoz”, “behi”, “kaptar”, “million” kabi soʻzlarning turkiychasi nima?
Til muntazam rivojlanishda, oʻzgarishda. Vaqt oʻtgani sari unga yangi soʻzlar qoʻshiladi, baʼzi soʻzlar foydalanishdan chiqib ketadi. Bu jarayonda baʼzan asl soʻzlar boy berilib, til qashshoqlashishi, ular anglatgan maʼno-mazmunni ifodalash qiyin boʻlib qolishi, baʼzan esa chetdan kirgan soʻzlar ularning oʻrnini egallab olishi mumkin. “Daryo” kolumnisti Orif Tolib bir paytlar tilimizda ishlatilgan, keyinchalik kitoblar qaʼrida qolib ketgan baʼzi soʻzlar haqida mushohada yuritadi.
Namoz – yukunch
Bu soʻzga ilk bor “Qisasi Rabgʻuziy”da duch kelgan edim. Keyin boshqa manbalarda, jumladan, “Devonu lugʻatit turk”da uchratdim.
Musulmonlar kuniga besh mahal bajaradigan ibodat bugungi tilimizda namoz deyiladi. Namoz forschadan olingan, asliyatda ham ayni shu mazmunda. Arabchasi – salot.
Islom
dini turkiy qavmlar yashagan hududlarga kirib kelganida, xususan, VII-VIII asrlarda turkiy til juda quvvatli edi. U yangi tushunchalarga tezda ot qoʻyib olardi. Namoz bilan ham shunday boʻldi. Uni yukunch deb atadilar. “Devonu lugʻatit turk”da yukunch namoz maʼnosida sharhlangan va u bilan bogʻliq misollar bir necha oʻrinlarda keltirilgan:
Qul Tangrika yukundi – banda Tangri taologa ibodat qildi.
Tangrika yukunch yukundi – Tangri taologa yukundi, namoz oʻqidi.
Oʻl yukunch etti – u namoz oʻqidi.
Yukunch yukundi iborasi bosh egdi, boʻyin sundi maʼnolarida ham ishlatilgan. Masalan, “Oʻl bekga yukunch yukundi” jumlasi u bekka bosh egdi maʼnosida. Bu yerda ibodat mazmuni yoʻq.
Yukunmoq soʻzining ibodat qilmoq maʼnosi XV asrdayoq yoʻqolib ulgurgan. Chunki Navoiy asarlarida ham yukunmoq egilmoq, hurmat yuzasidan taʼzim qilmoq maʼnolarida keladi.
Behi – ayva
Behi soʻzi fors tilidan kirgan. Asliyatda beh – yaxshi, yoqimli soʻzidan hosil boʻlgan, hidli, yoqimli hidli meva maʼnosiga ega. Izofa orqali yangi maʼno kasb etib, olmalar turkumiga kiruvchi xushboʻy mevani anglatishni boshlagan. Oʻzbekchada raʼnodoshlar oilasiga mansub mevali daraxt va uning yoqimli isli mevasini bildiradi.
Behi soʻzi tilimizga XIV–XV asrlarda kirib kelgan. Bundan oldin turkiy xalqlar bu mevani ayva, avya deb atagan. Mahmud Koshgʻariy “Achigʻ avya tishigʻ qamatti” jumlasini “Nordon behi tishni qamashtirdi” deb izohlaydi. Ayva soʻzi tilimizni Navoiy davridayoq tark etib ulgurgan. Chunki shoir asarlarida undan foydalanmagan, forscha behi soʻzini ishlatgan.
Hozir turk, qozoq, qirgʻiz, ozar, chuvash, yoqut kabi turkiy tillarda, ukrain, rus, belorus kabi slavyan tillarida ayva soʻzi ishlatiladi va behi maʼnosini anglatadi.
Kaptar – koʻkarchin
Kaptar soʻzi – kabutarning tovush oʻzgarishiga uchragan shakli. Manbalarga koʻra, oʻzbek tilida kabutar soʻzi dastlab XIV asr Xorazm yozma manbalarida va Navoiy asarlarida qoʻllangan. U fors tilidan oʻzlashgan, oʻzagi – kabud soʻzi koʻk rangni anglatadi.
Qadimgi turkiy tilda bu qush koʻgurchgun deb atalgan. Keyinchalik koʻkarchin, koʻkbarchin shakllari paydo boʻlgan. Bu soʻz Navoiy asarlarida uchramadi. Demak, u tilimizni juda erta tark etgan.
Koʻkarchin soʻzi hozir turk, tatar, ozarbayjon, boshqird tillarida turli tovush oʻzgarishlari bilan ishlatiladi. Qirgʻiz, qozoq, turkman tillarida ham kaptar, ham koʻkarchin variantlaridan foydalaniladi. Oʻzbek, uygʻur, qoraqalpoq tillarida esa forscha kaptar afzal koʻrilgan.
Oʻzbek tilida bu soʻz Koʻkarchin ismida saqlanib qolgan. Biroq bu nom bugun urfda emas. Baʼzan adabiy asarlarda, koʻproq sheʼriyatda koʻkarchin soʻzi uchrab qoladi. Lekin bu oʻquvchini koʻpincha lugʻat va manba qidirishga majbur qiladi. Chunki uning maʼnosi bugungi kitobxonga tanish emas.
-chin qoʻshimchali boshqa qush nomi – lochin bugungi tilimizda ham ishlatiladi.
Eʼtibor bergan boʻlsangiz, forschada ham, oʻzbekchada ham soʻzning oʻzagida koʻk maʼnosi ifodalangan. Qiziq tomoni, ruscha golub soʻzining ildizi ham shu maʼnoga ega.
Million – tuman yuz
Qadimgi turkiy tilda sonlar sof turkiycha boʻlgan. Keyinchalik juda katta sonlarni, jumladan, million va milliardni bildiruvchi soʻzlar boshqa tillardan kirib kelgan. Lekin bundan ming yil oldin ham turkiy tilda millionni ifodalash mumkin boʻlgan.
Eski oʻzbek tilida tuman soʻzi oʻn mingni bildirgan. “Devonu lugʻatit turk”da tuman ming soʻzi ming-ming, ming tuman, ming MARTA ming, bir million deb izohlangan. Tuman ming yarmaq soʻzi esa bir million tanga deb sharhlangan. Rosmana hisoblasangiz, tuman ming soni oʻn million ekani oydinlashadi. Toʻppa-toʻgʻri bir million boʻlishi uchun tuman yuz deyish kerak. Shunday boʻlsa-da, bir narsa aniq: IX–X va undan oldingi asrlarda ham turkiylar million darajasida hisob-kitob qila olgan.
Bobur Hindistonning moddiy boyliklari koʻpligini, katta miqdorni anglatuvchi sonlari borligi ham shundan dalolat ekanini taʼkidlaydi: “Yana hind eli adadni ham xoʻb tayin qilibturlar: yuz mingni lak derlar, yuz lakni kurur derlar. Yuz kururni arb derlar. Yuz arbni karb, yuz karbni nil, yuz nilni padam, yuz padamni song. Bu adadlarning tayini Hinduston molining koʻplugining dalilidur”.
Lakdan naridagilarini hisoblash uchun kalkulyator axtarib qolasiz. Yuz lak, yaʼni kurur bugungi ifodada oʻn million boʻlar ekan. Demak, u tuman mingga teng.
“Boburnoma”dagi maʼlumotga asoslanilsa, lak soʻzi bizga hind tilidan kirgan. Lakdan katta sonlar eski oʻzbek tiliga oʻtmagan. Balki, ehtiyoj boʻlmagandir.
Lak soʻzi Boburdan oldin yashagan adiblar ijodida ham uchraydi. Alisher Navoiy bir millionni oʻn lak soʻzi bilan ifoda etgan. Badiiy adabiyotda uchraydigan lak-lak soʻzi millionlab, milliardlab maʼnosini beradi. Agar uni yuz mingta yuz ming deb tushunilsa, oʻn milliardga toʻgʻri keladi.
Lak yuz ming boʻlgani sababli ikki yuz ming, besh yuz ming kabi sonlar ikki lak, besh lak sifatida berilgan. Yuz ming baʼzida oʻn tuman ham deyilgan. Oʻn tuman – bir lak. Alixoʻja – Xoʻjaali uslubida. Demak, qadimgi tilimizda katta sonlarni ifodalash birmuncha oson va imkonliroq boʻlgan.
Demak, turkiy tilda:
Oʻn milliard – lak-lak.
Oʻn million – tuman ming yoki oʻn lak.
Bir million – tuman yuz.
Yuz ming – bir lak yoki oʻn tuman.
Oʻn ming – tuman.
Kaktus – qumanjir
Kaktus soʻzi yunoncha kaktos soʻzidan. U asliyatda tikanli yovvoyi oʻsimlik – qushqoʻnmasni anglatgan. Kaktus atamasini fanda ilk bor 1737-yili biolog olim Karl Len ishlatgan. U bu nom bilan barcha oʻtkir tikanli oʻsimliklarni nazarda tutgan.
Kaktus – issiq mamlakatlarda oʻsadigan, etdor poyali, toʻp-toʻp tikanaklardan iborat bargli oʻsimlik. Garchi olis yurtlarda oʻssa-da, biz uchun begona emas. Uning oʻzbekcha nomi bor – qumanjir. Ha, hayron boʻlmang, izohli lugʻat ham, ruscha-oʻzbekcha lugʻat ham bunga guvohlik beradi. Ishlatmaganimiz uchun begonalashgan xolos.
Biroq savol tugʻilishi mumkin: nega qumanjir? Kaktus bilan anjirning nima aloqasi bor? Nimaga anjirga qiyoslangan?
Misr arabchasida biz bilgan anjir ham, kaktus mevasi ham at-tiyn, yaʼni anjir deb ataladi. Kaktusning anjirga oʻxshash mevasi meva-sabzavot doʻkonlarida, odamlar yetaklab yuradigan arava-rastalarda sotiladi. Demak, mevasining tashqi tuzilishi sabab kaktusga ham anjir nomi berilgan.
Vikipediya maʼlumotlariga koʻra, turklar kaktus mevasini eshakanjir, hind anjiri, farang anjiri, farang yemishi, tikanli anjir, qaynanatili deyisharkan. Eshakanjir degan soʻzni oʻqib, yozda achchiq boʻladigan, qishgacha turib, keyin taʼm kiradigan olma xalq tilida eshakolma deyilishi yodimga tushdi.
Bu mevani Turkiyada ham topish mumkin. U Oqdengizda tabiiy usulda yetishtiriladi. Gʻarbiy va Janubiy Onadoʻlida ham uchraydi. Qumanjir totli va suvli boʻladi.
Soʻzi isteʼmolda boʻlganidan bu meva oldin bizning oʻlkalarda ham yetishtirilgan va yeyilgan degan xulosaga kelish mumkin. Kaktus asosan qumli, qurgʻoqchil joylarda oʻsgani uchun anjir soʻziga qum soʻzi qoʻshilgani ehtimoli katta. Mevasi sabab oʻsimlik ham shunday nom olgan. Xuddi olma mevasining daraxtini ham olma deganimiz kabi.
Hamyon – yonchiq
Hamyon forschadan oʻzlashgan. Asliyatda pul solinadigan xaltacha; pul qopchigʻi degan maʼnoni anglatadi. Oʻzbekchada karmon va choʻntak maʼnosida ishlatiladi. Uning sinonimi karmon soʻzi aslida oʻzbekcha ekani haqida oldinroq aytgan edim. Hamyonning unutilgan boshqa bir oʻzbekcha varianti ham bor: yonchiq.
Yonchiq soʻzi ikki xil maʼnoga ega: toʻn, chakmon va shu kabilarning ichki yon tomoniga tikilgan choʻntak; pul solish uchun yonda olib yuriladigan xaltacha, hamyon. Minglab yillar naridan eson-omon kelgan, XX asrda ham qoʻllangan soʻzni bugun ishlatmay qoʻydik hisob:
– Hademay elga qahatchilik boʻlgʻay, – dedi qalamtaroshini yonchigʻiga solar ekan. (M. Osim, “Oʻtror”).
Homid yonchigʻini chiqarib, bir qoʻlidan ikkinchi qoʻliga oltinlarni sanab tushira berdi. (A. Qodiriy, “Oʻtgan kunlar”).
Bu soʻz qadimgi turkiy tilda gavdaning oʻng yoki chap tomoni maʼnosini anglatgan yan oti va kichraytirish maʼnosini ifodalovchi -chuq qoʻshimchasi qoʻshilishidan hosil qilingan.
“Devonu lugʻatit-turk”da yanchuq soʻzi hamyon; pul solinadigan hamyon deb izohlangan.
Daryo.uz nashrida eʼlon qilingan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.