Biz tez-tez ishlatadigan, lekin asl maʼnosiga eʼtibor qaratmaydigan 10 ta soʻz

Biz
tez-tez ishlatadigan, lekin asl maʼnosiga eʼtibor qaratmaydigan 10 ta soʻz

Baʼzi soʻzlarni qoʻllaymiz-u, lekin ularning tub maʼnosiga koʻpda eʼtibor beravermaymiz. Ayniqsa, iboralar tarkibidagi soʻzlarning asl maʼnosi eʼtibordan chetda qoladi. Ularning lugʻaviy maʼnosi aksariyat hollarda biz oʻylagandan tamom boshqacha boʻladi. “Daryo” kolumnisti Orif Tolib bugun ana shunday soʻzlarning ayrimlarini sharhlaydi.

 

Ensasi qotdi: ensa qayer?

Ogʻzaki tilda ensasi qotdi, ensasini qotirdi iboralarini koʻp eshitamiz. Xoʻsh, ensa qayer? Izohli lugʻatga koʻra, ensa odam boshining orqa pastki qismini, shu joydagi suyakni anglatadi.

Choyxonachi doʻppisini peshonasiga surib, ensasini qashidi. E. Usmonov, “Yolqin”.

Ensasi qotmoq iborasi esa yoqimsiz gap, ish, xatti-harakat, holat va shu kabilardan gʻashi, gʻazabi qoʻzgʻamoq; achchigʻlanmoq maʼnosini bildiradi.

Menimcha, ensasi qotdi iborasining paydo boʻlishiga biror ishdan jahli chiqqan, norozi boʻlgan yoki shu ishga istehzoli munosabat koʻrsatgan odamning boshini biroz orqaga egib, holatga bir muddat bepisand yo yoqinqiramay qarab turishi sabab boʻlgan. Chunki bu holatda bosh harakatsiz turadi va ensa biroz qotishi-qotishishi
mumkin.

Engsa soʻzi eski oʻzbek tilida boʻyin, gardan maʼnosida ishlatilgan. U hozir boshqa qardosh turkiy tillarda ham boʻyin, tananing orqa yuqori qismi, orqa, tana, kuch, qudrat maʼnolarida qoʻllanadi.

 

Iyigʻi chiqdi: iyiq nima?

Soʻzlashuvda iyigʻim chiqdi, iyigʻi chiqdi, iyigʻing chiqadi kabi jumlalarni bot-bot ishlatib turamiz. Iyiq soʻzining ikki xil maʼnosi bor:

  1. Ot, eshak kabi ish hayvonlarining oldingi ikki oyogʻi ustidagi, beldan boʻyingacha boʻlgan qismi.
  2. Shu joyda paydo boʻladigan yara.

Iyigʻi chiqmoq iborasi esa juda ezilmoq, abjagʻi chiqmoq maʼnolarini anglatadi:

Ural temir yoʻlida ishlayverib, iyigʻim chiqqanini bilsang edi. N. Safarov, “Uygʻonish”.

 

“Asfalasofilinga ketdi”: asfalasofilin nima?

Asfalasofilin boʻlmoq yoki asfalasofilinga ketmoq iboralari qulogʻingizga chalingan boʻlsa kerak.

Asfalasofilin arabchadan kirgan, asliyatda tubanlarning tubani, eng yaramas, eng tuban maʼnolarini anglatadi. Oʻzbek tilida alohida holda doʻzaxning eng tagi, jahannam maʼnosida qoʻllanadi. Iboralar ichida qoʻllanganda esa maʼno oʻzgarishlarga uchraydi.

Asfalasofilin boʻlmoq yoki asfalasofilinga ketmoq:

  1. Chuqurlikka, jarlikka tushib ketmoq.
  2. Koʻchma maʼnoda: halok boʻlmoq, halokatga uchramoq.

 

Sapcha haqida gapcha

Soʻzlashuvda va badiiy uslubda “Boshingni sapchadek uzib tashlayman” degan tahdidli gap ishlatib turiladi. Sapcha aslida pishib yetilmagan kichkina qovun; xomak degani. Oldin tilimizda faol ishlatilgan.

Juda koʻp tushunchalar, narsalarning otini unutdik, ishlatmay qoʻydik. Bitta-yarim yoshi ulugʻ kishining yoki tili boy odamning gapida uchraydigan bunaqa topildiq soʻzlarni qulogʻimiz yotsirab qabul qiladigan boʻlib qoldi. Izohli lugʻatda keltirilgan misollarga eʼtibor bersangiz, sapcha soʻzi XX asr oʻrtalarida va undan keyin ham jonli tilda qoʻllanganiga ishonch hosil qilasiz:

Qovun tushiradiganlarga yordamlashaman, sapcha berishadi, – dedi Otaboy. Gʻ. Gʻulom, “Shum bola”.

“Boshni sapchadek uzib tashlamoq” iborasida nega aynan sapcha soʻzi ishlatilgan? Qovunning poyasi bodring poyasiga oʻxshash. Har ikki ekinning mevasi oson uziladi. Ters qayirsangiz, tirs etib uzilib ketadi. Nega qovun emas, sapchaga oʻxshatilgan? Menimcha, bunga sapcha kichikroq boʻlgani, bosh hajmiga toʻgʻri kelishi sabab. Bunda tahdid qilinayotgan kishini yerga urish, boshini pishmagan qovunga oʻxshatish orqali aql-idrokida nuqson borligiga ishora qilish ham boʻlishi mumkin.

 

Ayyuhannos – jarchining xitobi

Ayyuhannos soʻzi arab tilidan kirgan, asliyatda ey odamlar degan maʼnoni anglatadi. “Oʻzbek tilining etimologik lugʻati”da koʻrsatilishicha, arabchada ey undovini ifodalovchi ʼayyuha soʻzi, al- aniqlik artikli va odamlar maʼnosini bildiruvchi nas soʻzidan tarkib topgan.

 Bu soʻz oʻzbek tilida ikki xil maʼnoda qoʻllanadi: 

  1. Olomonga, toʻdaga qarata qilinadigan xitob, nido.
  2. Shovqin-suron, hayqiriq; dod-faryod.

 Ayyuhannos solmoq iborasi baqiriq-chaqiriq, dod-faryod bilan boshiga koʻtarish maʼnosini anglatadi.

Qadimda jarchilar odamlarga ayyuhannos (ey odamlar!) soʻzi bilan murojaat qilgan. Jarchi baland ovozda, baqirib gapirishga majbur, chunki soʻzlarini koʻpchilikka yetkazishi kerak. U birinchi boʻlib ishlatadigan ayyuhannos soʻzi keyinchalik baqir-chaqir qilish, shovqin koʻtarish holatlariga nisbatan ham qoʻllana boshlagan.

 

Och biqin qayer?

Och biqiniga tushirdi, och biqiniga urdi, och biqiniga musht yedi kabi iboralar bor. Xoʻsh, och biqin qayer? Buni bilish uchun oldin biqin soʻziga aniqlik kiritib olamiz: biqin – gavdaning qoʻltiqdan to tos suyagigacha boʻlgan ikki yon qismi.

Och biqin esa biqinning koʻkrak qafasidan pastki qismi:

Boshidan suv quyasanmi yoki och biqiniga bir-ikki tushirasanmi, oʻzing bilasan. Xullas, koʻzini moshdek ochib qoʻymasang boʻlmaydi. “Mushtum”

 

Oʻtirsa – oʻpoq, tursa – soʻpoq: oʻpoq va soʻpoq nima?

Xalq tilida tez-tez ishlatilib turadigan bu iboraning umumiy maʼnosi maʼlum: har bir harakatidan ayb topish, ayb topib kamsitaverish:

Qoʻchqor bechorani oʻtirsa – oʻpoq, tursa – soʻpoq deb oralariga sovuqlik soldi. S. Anorboyev, “Oqsoy”.

Iborada qatnashgan oʻpoq soʻzi mustaqil ishlatilmaydi. Izohli lugʻatga koʻra, oʻpoq-soʻpoq juft soʻzi notoʻgʻri shakldagi, qingʻir-qiyshiq, koʻrimsiz, xunuk degan maʼnolarni anglatadi: oʻpoq-soʻpoq piyolalar, oʻpoq-soʻpoq nonlar.

Soʻpoq soʻzi esa yassi va choʻziq maʼnosida keladi va asosan bosh va yuz tuzilishi, bichimini ifodalash uchun ishlatiladi: soʻpoq bosh.

Oʻpoq soʻzining etimologiyasi boʻyicha taxminim bor. Bu soʻz oʻpqon, oʻpqin, oʻpirmoq kabi soʻzlarning oʻzagi – oʻp soʻzidan yasalib, kemtik, bir tomoni yoʻq degan maʼnoni anglatgan boʻlishi mumkin.

 

Bir baxya qoldi: baxya nima?

Koʻpchilik bu soʻzni bahiya yoki bahya tarzida xato yozadi. Menimcha, buning sababi – soʻzning maʼnosini bilmaslik.

“Bir baxya qoldi” iborasidagi baxya vaqtni bildiruvchi soʻz emas. U masofani anglatadi.

Baxya fors tilidan olingan, oʻzbek tilida kiyimning toʻgʻri chok bilan bostirilgan qirgʻogʻi va shunday chokning oʻzi maʼnosida ishlatiladi.

Chok hajmi kichkina boʻlgani sababli u kichiklik maʼnosini ifodalovchi iboralarga koʻchgan:

Bir baxya – ozgina, bir oz, kichkina.

Bir baxya oʻtadi – oshib tushadi, oʻzadi.

Bir baxya qoldi – sal qoldi, oz qoldi.

 

Qulogʻi tom bitgan: tom nima?

Tilimizda uch xil tom soʻzi bor. Ikkitasining maʼnosi koʻpchiligimizga yaxshi tanish: uyning tomi, kitobning tomi (jildi). Sarlavhadagi iborada bu ikki tom soʻzi qatnashmagan. U boshqa bir omonim. U arab tilidan kirgan tom soʻzi boʻlib, asliyatda toʻla, toʻliq, butun; mukammal maʼnosini bildiradi. Oʻzbekchada toʻla, toʻliq, butunlay, tamomila maʼnolarida qoʻllanadi:

Tom maʼnoda, tom maʼnosi bilan kabi iboralarda ham ana shu tom soʻzi ishlatilgan. Bunda toʻliq, chin maʼno nazarda tutiladi.

Qulogʻi tom bitmoq birikmasi quloq tamoman bitganini, eshitish qobiliyati yoʻqolganini bildiradi. Bu ibora boʻyicha baʼzan ehtimologiya variantlari ham uchrab turadi: “tom ostida qolgan odamning qulogʻi eshitmay qoladi, shuning uchun tom bitdi deyilgan” deganga oʻxshash. Bu xato, albatta.

 

Nafsi hakalak otdi: hakalak nima?

Bu ibora tilda koʻp qoʻllanadi. Ibora tarkibidagi hakalak soʻzi oʻzbek tilida bir oyogʻi yoʻq va bolalar oʻyini maʼnosida ishlatiladi. Yerga chizilgan kataklar boʻylab bir oyoqlab sakrab oʻynayotgan qizaloqlarni koʻrgan boʻlsangiz kerak. Ular oʻynayotgan oʻyining ngmi – hakalak.

❗️ Mana shu oʻyin nomini esda saqlab qoling. Koʻpchilik uni ruschalab klassiki deb qoʻya qoladi. Aslida oʻzbekchada bu oʻyinning bir nechta nomlari bor. Oʻzbekcha-ruscha lugʻat hakalak soʻzini ruscha jyolud, yaʼni choʻchqayongʻoq maʼnosida ham izohlagan.

Hakalak otmoq iborasi bir oyoqlab irgʻib-irgʻib yurishni bildiradi.

Nafsi hakalak otmoq iborasi esa ikki xil maʼnoga ega:

  1. Ishtahasi juda ochilib, yeyish, ichishdan oʻzini toʻxtatolmaslik.
  2. Oʻziniki qilish, oʻzlashtirishda ishtahasi karnay boʻlmoq.

 

Daryo.uz nashrida eʼlon qilingan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.