“Ramazon” nima degani, “roʻza”-chi? Ramazonga oid soʻzlarning lugʻaviy maʼnosi

“Ramazon” nima degani, “roʻza”-chi? Ramazonga oid soʻzlarning lugʻaviy maʼnosi

Yurtimizda muborak Ramazon shukuhi kezyapti. Musulmonlar bu oyni sogʻinib kutadi, katta xursandchilik va toat-ibodatlar bilan oʻtkazadi. Bu oy bilan bogʻliq koʻplab soʻzlar, atamalar oʻzbek tili xazinasidan joy olgan. “Daryo” kolumnisti Orif Tolib bugun ana shunday soʻzlarning baʼzilarini izohlaydi.

 

Ramazon

Hijriy-qamariy yil hisobida toʻqqizinchi oy shunday nomlanadi. Bu oy davomida musulmonlar roʻza tutadi. Maʼlumotlarga koʻra, bu soʻz qadim tarixga ega. Ramazon dastlab juda issiq kunlarga toʻgʻri kelgani uchun unga ramazon  – juda issiq, kuydiradigan issiq deb nom berganlar. Soʻzning ana shu maʼnosidan kelib chiqib, bu oyda roʻza tutgan odamning gunohlari kuyib, yoʻq boʻladi degan fikr ham aytiladi.

 

Roʻza

Forscha roʻz, yaʼni kun soʻziga -a qoʻshimchasini qoʻshib hosil qilingan. Ildizi soʻgʻdchaga borib taqaladi. Roʻza tutgan kishi sahardan quyosh botgunga qadar, demak, butun kun davomida yeb-ichmaydi. Bu soʻz arab tilida as-savm, as-siyam deyiladi. Uning lugʻaviy maʼnosi biror narsadan oʻzini mutlaqo tiyib turishdir.

Roʻza soʻzi Markaziy Osiyo, Afgʻoniston, Eron, Hindiston, Pokiston, Bangladesh kabi mamlakatlar tillarida ham ishlatiladi. U rus tiliga uraza shaklida kirgan.

 

Saharlik

Arabcha sahar soʻziga oʻzbekcha -lik qoʻshimchasini qoʻshib yasalgan. Tong otmasdan, roʻza tutish vaqti boshlangunga qadar yeyiladigan ovqat va shunga belgilangan vaqtni anglatadi. Saharlik arab tilida suhur deyiladi. U sahar soʻzi bilan oʻzakdosh.

 

Iftorlik

Bu soʻz arabcha roʻza tutishni toʻxtatdi maʼnosidagi fatara feʼlidan yasalgan. Asliyatda roʻza tutishni toʻxtatish, nonushta qilish maʼnolarini anglatadi. Oʻzbek tilida roʻza kunlari shom paytida oʻtkaziladigan roʻzani ochish, ogʻiz ochish marosimini, ogʻiz ochib ovqatlanishni, mana shu paytda beriladigan ziyofat, mehmondorchilikni anglatadi.

Roʻza ochish jarayonini soʻzga -lik qoʻshimchasini qoʻshib iftorlik deb atash ham keng tarqalgan.

 

Tarovih

Arabcha taravihu – tarviha soʻzidan, oʻzbek tiliga tovush oʻzgarishiga uchragan holda oʻtgan. Asliyatda dam olish, hordiq onlari maʼnosini anglatadi. Ibodat maʼnosida esa asliyatda ham, oʻzbek tilida ham xufton namozidan keyin oʻqiladigan sunnat namozni anglatadi. Toʻrt rakat oʻqib, ortidan dam olingani uchun bu namoz tarovih deb nomlangan.

 

Qadr kechasi

Ramazon oyidagi fazilatli, ming oydan afzal kecha. Arab tilidagi laylatul qadr iborasi oʻzbekchada belgilash kechasi, miqdor kechasi maʼnosini anglatadi. Qadr kechasi oʻzbek tilida laylatulqadr shaklida ham ishlatiladi.

 

Fitr

Ramazon oyi roʻzasidan keyin, shukronalik uchun beriladigan sadaqa. U  iftor soʻzi bilan oʻzakdosh boʻlib, roʻza tutish tugashini, ogʻzi ochiqlikni bildiradi. Uning ehson, hadya maʼnosi ham bor.

Shavvol oyining birinchi kuni nishonlanadigan Ramazon hayiti yoki roʻza hayiti arab tilida Iydul fitr deb ataladi. Bunda bir oylik roʻza yakuniga yetib, ogʻzi ochiqlik boshlanadi.

 

Fidya

Fidyaning lugʻaviy maʼnosi fido qilishdir. Shariatda maʼlum bir narsaning oʻrniga mol sarflash fidya berish deyiladi. Masalan, Ramazon oyi roʻzasini uzrli sabablar tufayli tuta olmaganlar fidya beradi.

Fidya bir kambagʻalning bir kunlik oʻrtacha tirikchiligini taʼminlaydigan ovqat miqdoridir. Uning hajmi taom yoki unga toʻgʻri keladigan pul birligida belgilanadi. Bunda har bir joyning iqtisodiy-maishiy shart-sharoitidan kelib chiqiladi.

 

Arafa

Oʻzbek tilining etimologik lugʻatiga koʻra, bu soʻz togʻning nomidan kelib chiqqan. Hojilar zulhijjaning toʻqqizinchi kuni Arofot togʻida turib hajning asosiy arkonlaridan birini ado etishadi. Shu kun Arafa kuni deb yuritiladi.

Keyinchalik arafa soʻzi turdosh otga aylanib, hayit oldidagi kun maʼnosini anglata boshlagan. Bu soʻzning asliyatda bilish, tanish degan maʼnosi ham bor.

Arafa soʻzining maʼnosi oʻzbekchada kengaygan. U turli bayramlar yoki biror tantanali kundan oldingi kunni, biror voqea-hodisaga yaqin muddatni ham ifodalaydi: Mustaqillik bayrami arafasida, xalqaro avtobus qatnovlari tiklanish arafasida, muhim sana arafasida kabi.

Arafa soʻzi Qurbon hayitidan oldingi kunga nisbatan ishlatiladi. Garchi, izohli lugʻat har ikki hayitdan oldingi kunni arafa deb atash mumkinligi yozgan boʻlsa-da, Ramazon hayitidan oldingi kunga nisbatan bu soʻzni ishlatish xatodir. Chunki u zulhijja oyidagi kunni bildiradi, Ramazondagi emas.

 

Hayit

Bu soʻz aslida arabcha iyd soʻzidan. Oʻzbek tilida tovush oʻzgarishlariga uchrab, hayitga aylangan. U asliyatda takrorlash, bayram qilish kabi maʼnolarni anglatadi. Oʻzbek tilida musulmonlarning ikki bayrami – Qurbon va Ramazon hayitlariga nisbatan ishlatiladi xolos.

 

Daryo.uz nashrida eʼlon qilingan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.